Ulg‘ayishni istamagan yozuvchilar


Saqlash
14:09 / 13.09.2021 0 1220

 Uchta banan

U ishdan qaytishda uch nafar farzandiga goh uch dona banan, goh uch dona shokolad xarid qiladi. Ko‘proq banan, albatta. Bundan bolalar benihoya xursand bo‘lib, bananni olishlari bilan uyni boshlariga ko‘tarishadi.

– Dadam banan olib keldilar, – deb qiyqirishadi. So‘ng qo‘llaridagi bananlarni po‘stidan ayirib, bir-birlariga maqtanib yeya boshlaydilar. Bobo bilan buvi bir-birlariga sezdirmasdan qarab, astagina tamshanib qo‘yadilar. Ikkalasi ham beixtiyor «men bolamga, bolam bolasiga», – degan maqolni eslaydi…

Ashurali JO‘RAYEV

 

 

Baho

Tanqidchi:

– Asaringiz lotin tilida yozilganmi deyman?

Muallif hayajonlanib ketdi:

– Nega... nega bunday deyapsiz?

– O‘lik til ekan...

Abduqayum YO‘LDOSHEV

 

 

Tinchlik

− Eringizni doim bezovta, behalovat holda ko‘ramiz, nima gap? − so‘radi mahalla oqsoqoli.

− U kishi tinchlik haqida asar yozyapti, e’tibor bermang, − deb javob berdi ayol.

Luqmon BO‘RIXON

 

 

Konvert

«U xonasida yolg‘iz o‘tiribdi. Bir yigit kirib keldi va salomlashib, qo‘liga konvert tutqazdi. Keyin xonani tark etdi. U konvertni tortmasiga tashlab qo‘ydi...»

Ekranda o‘zini ko‘rgan kishining chap ko‘ksida og‘riq turdi. Qo‘li bilan ko‘ksini tutmoqchi edi, iloji bo‘lmadi. Xonada kishanning shiqirlagan tovushi va mahbusning ixrangani eshitildi.

Asliddin MUSTAFO

 

 

Xabar

Cho‘ponning qizi to‘satdan vafot etdi. Bu paytda cho‘pon tog‘da edi. – Hademay quyosh botadi, ungacha kimdir cho‘ponga xabar yetkazishi kerak. Biroq hamma o‘zini chetga tortdi.

– Kimdir aytishi kerak-ku!

– To‘qliboyni jo‘natamiz. Cho‘pon – uning ashaddiy dushmani. U o‘ch olish uchun janozani dangal aytadi.

To‘qliboy akani yo‘qlab borishdi.

– Cho‘ponni tog‘dan chaqirib keling.

– Bormayman! O‘lim xabarini, hatto dushmaninggayam yetkazish og‘ir.

Shoniyoz MELIBOYEV

 

 

Yo‘lakda

Yigit shoshib kelardi. Ko‘zi yo‘lak chetida turgan yosh bolali tilanchi ayolga tushdi. Go‘dak tamshanib unga mo‘ltirab boqdi. Yigit to‘xtab qoldi. Cho‘ntagidagi g‘ijim pulni shundoq oldi-da, bolakayning kir qo‘llariga tutdi. Tag‘in yo‘lida davom etdi, ammo qayerga borishni bilmasdi.

 Bu pul uning dori olish uchun uyidan olib chiqqan oxirgi puli edi...

Kamoliddin SHUKUR

 

 

Statistika

Juvon gazeta o‘qib o‘tirar ekan, g‘alati bir statistikaga duch keldi: «Mamlakatimizda har bir oilaga uch yarimtadan farzand to‘g‘ri keladi».

– Yolg‘on! Gʻirt uydirma bu! – deya gazetani irg‘itib yubordi juvon. − Ishonmayman bu statistikaga!

«Bizda, hech bo‘lmasa, shu yarimta ham yo‘q-ku!» – deya unsiz yig‘lardi u. Sababi, juvon tirnoqqa zor edi.

Jasur KENGBOYEV

 

 

Ona haqida qasida

– «Onajonim» nomli she’ringiz yuksak mukofotga loyiq ko‘rilibdi! Tabriklaymiz, – dedi muxbir shoirga.

– Tashakkur! – mag‘rurlandi ijodkor. Buni televizordan tomosha qilayotgan onaning shodlikdan ko‘zlariga yosh keldi. O‘g‘li – mashhur shoir!

So‘ng qariyalar uyidagi chiroqlar o‘chirildi. Ona o‘rniga cho‘zildi.

Nodirabegim

 

 

Unutish

Avtobusda yoshi kattaroq rus ayoliga joy berib:

– Pojaluysta, sadites, – dedim.

– Rahmat, baraka toping, – dedi rus ayol.

Qiziq... Ikkimiz ham o‘z tilimizni «unutib» qo‘yibmiz.

Komiljon ASLONOV

 

 

Ulg‘ayish

– Ulg‘ayishni istamayman!

– Nega?

– Chunki... Otam qarib boryapti.

Ma’ruf MENGLI

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

09:02 / 05.02.2025 0 24
Kampir uxlagan, xon-chi?

Bilasizmi?

09:02 / 05.02.2025 0 75
Qarg‘ish asli qoralashmi?

Bilasizmi?

18:01 / 31.01.2025 0 205
Mahmud Koshg‘ariyning eski zontigi

Bilasizmi?

12:01 / 28.01.2025 0 690
Choʻlponning “qatagʻon qilingan” sheʼri

Bilasizmi?

10:01 / 27.01.2025 0 193
Oʻrta Osiyomi yoki Markaziy Osiyo?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 221147
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 105645
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 40790
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 32833
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 31450
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 28731
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 27203
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 25473
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//