Bilasizmi?
Kafanga oʻralgan bolalar, motam tutgan qarindoshlar – Britaniya parlamenti aʼzosi Zara Sultana ijtimoiy tarmoqlarida eʼlon qilgan ushbu surat kuchli hissiy taʼsir uygʻotish uchun moʻljallangan edi. Shunday ham boʻldi. Ammo muammo shundaki, bu sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan qalbaki surat boʻlib chiqdi. Rasm Eron atrofidagi mojarolar sharoitida propaganda urushini avj oldirish uchun yasalgan edi. Va, afsuski, turli izohlarga sabab boʻlgan ushbu surat millionlab yaratilayotgan soxta kontentlardan biri, xolos.
Bunday holatlar ishonchli axborotga tayanuvchi demokratik jamiyatlarda jiddiy xavf tugʻdiradi. Viner-Noyshtadt amaliy fanlar universiteti sotsiologi Juliya Aysnerning taʼkidlashicha, yoshlar, ayniqsa, oʻsmirlar siyosiy qarashlarini, birinchi navbatda, ijtimoiy tarmoqlarda shakllantiradi. – Bu muammo emas, – deydi u. – Ammo oʻsmirlar soxta kontentni haqiqat deb qabul qila boshlasa, vaziyat oʻshanda xavfli tus oladi. Ilmiy adabiyotlarda bunday jarayon “avtomatizatsiyaga ishonish”, deb ataladi. Yaʼni inson mashinaning xulosalariga yoki sunʼiy kontentga, hatto u oʻz bilimlariga zid kelsa ham, koʻr-koʻrona ishonib qoladi.
Soxta axborotlarning koʻpayishi ijtimoiy bosimni, aholi oʻrtasida ishonchsizlikni kuchaytirib yuboradi. Bu esa siyosiy qutblashuvni yanada chuqurlashtiradi. Siyosatshunos Simona Polik-Togelning fikricha, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan zaif yoshlar bunday taʼsirga eng moyil qatlam hisoblanadi. – Bunday yoshlarda siyosiy taʼsir oʻtkaza olish hissi pastligi uchun ular oʻzlarini demokratiyaning bir qismi sifatida tobora kamroq his qilishmoqda, deydi u.
Aynan shu muammoni hal etish uchun Avstriya Tadqiqotlarni moliyalashtirish jamgʻarmasi (FFG) va Milliy tadqiqot, texnologiya hamda rivojlanish jamgʻarmasi koʻmagida DemoPlay loyihasi ishga tushirildi. Loyiha doirasida yoshlarning demokratik koʻnikmalarini rivojlantiruvchi, dezinformatsiyaga qarshi immunitetini oshiruvchi sunʼiy intellekt asosidagi oʻyinlar yaratiladi. Ushbu senariylashtirilgan oʻyinda axborot yigʻish, jamoatchilik fikrini shakllantirish, ovoz berish kabi demokratik jarayonlar hayotiy voqeliklar bilan koʻrsatib beriladi.
Hozir Viner-Noyshtadt amaliy fanlar universiteti tadqiqotchilari aynan shu usul asosida raqamli oʻyin yaratishmoqda. Unda siyosiy muzokaralar jarayoni realistik tarzda aks ettiriladi. Eng qizigʻi, brauzer orqali ishlaydigan bu oʻyinning oʻzi ham sunʼiy intellektdan foydalanadi va har bir ishtirokchiga mos, alohida oʻquv yoʻnalishini taklif qiladi.
Juliya Aysnerning soʻzlariga koʻra, oʻyin haqiqiy hayotga mos boʻlishi uchun ishlab chiqarish jarayoniga bir qancha yoshlar jalb qilingan. Bu borada loyiha YEP – yoshlarni jamiyat hayotiga jalb etish va qarorlar qabul qilishda ularning ishtirokini taʼminlovchi tashkilot bilan hamkorlik qilmoqda. Sunʼiy intellekt, ijtimoiy tarmoqlar va siyosat sohasida turlicha bilimga ega boʻlgan bu yoshlar Avstriyaning turli ijtimoiy qatlamlarini ifodalaydi. Bundan tashqari, ular oʻyinning dastlabki versiyalarini sinab koʻrib, takliflarini ishlab chiquvchilarga taqdim qilishadi. – Shu tariqa biz ilk bosqichdanoq maqsadli auditoriyamizni jarayonga qoʻshib, ularning ehtiyojlariga mos mahsulot yaratamiz, deydi Aysner.
Loyihaning texnik qismi uchun masʼul Matias Noymayer “Sunʼiy intellekt va demokratiya haqida gapirarkanmiz, demak, oʻzimiz ham sunʼiy intellektdan axloqiy tarzda foydalanishimiz shart” deb hisoblaydi. Yana bir mutaxassis Rubanovning tushuntirishicha, oʻyin faqat tekshirilgan manbalar va ishonchli maʼlumotlarga tayanadi. Maʼlumotlar bazasi Yoshlar maslahat kengashining takliflari asosida shakllantiriladi. Bu orqali sunʼiy intellektning “gallyutsinatsiya“ga uchrashi yoki yolgʻon maʼlumotlarni oʻyinga olib kirishining oldi olinadi. Rubanovning taʼkidlashicha, barcha maʼlumotlar “human in the loop”, yaʼni “inson nazorati” tamoyili asosida qoʻshimcha ravishda tekshiriladi. Bu esa foydalanuvchilarning faqat nazoratdan oʻtgan, ishonchli kontent bilan ishlashiga kafolat beradi.
“Bizning maqsadimiz navbatdagi akademik loyihani yaratish emas. Biz yoshlarga yetib borish va ularning demokratik koʻnikmalarini mustahkamlashni istaymiz”, deydi Juliya Aysner. Demak, yaqin yillarda demokratik jarayonlarni oʻrgatuvchi, soxta kontentlardan xoli sunʼiy intellekt bilan ishlaydigan oʻyinlar kutib turibdi bizni.
Sarvar RAHIMIY tarjimasi
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q