Bilasizmi?
“Avesto” – miloddan avvalgi VII–VI asrlarda Markaziy Osiyo hududida, Xorazm vohasida yaratilgan va “Avesto”, yaʼni “Hayot yoʻriqnomasi” deb nomlangan kitob; zardushtiylik dinini shakllantirishga asos boʻlgan nazariy manbalarning umumiy nomi va bu dinning asosiy kitobi.
“Avesto” Markaziy Osiyo xalqlarining qadimgi davrlardagi moddiy va maʼnaviy hayoti, diniy qarashlari, olam va odam toʻgʻrisidagi tasavvur, urf-odat va qadriyatlari haqida maʼlumot beradi. Asarda Miloddan avvalgi XIII asrdan to milodning IV asrigacha boʻlgan davrdagi tarixiy voqealar aks etgan. Olis ota-bobolarimizning aql-zakovati, qalb qoʻri mahsuli boʻlmish bu noyob yodgorlikning zamon toʻfonlaridan, qancha-qancha ogʻir sinovlardan oʻtib, bizning davrimizgacha yetib kelganining oʻzi bugun biz yashab turgan koʻhna oʻlkada qadimdan buyuk madaniyat mavjud boʻlganidan guvohlik beradi. Unda maʼnaviy yuksaklikka daʼvat etish, odamlar oʻrtasida mehr-oqibat tuygʻularini mustahkamlashga oid fikrlar, ezgu gʻoyalar, maʼbudlar shaʼniga aytilgan madhiyalar, duolar ham oʻz ifodasini topgan. Dualizm, ruh va moddiy hayotning oʻzaro uygʻunligini tan olishga asoslangan zardushtiylik diniga koʻra, butun olam yorugʻlik va zulmat, hayot va oʻlim, tana va jon, yaxshilik va yomonlik, erkinlik va tobelik singari qarama-qarshi hodisalar oʻrtasidagi azaliy va abadiy kurash asosiga qurilgan. Bu kurash yaxshilik xudosi Axura Mazda bilan yomonlik tangrisi Axriman orasidigi doimiy olishuv timsolida hech qachon toʻxtamaydi. Tarixchi Masʼudiyning yozishicha, podsho Doro ibn Doro xazinasida “Avesto”ning 12 ming oltin taxtaga, Balxiyning “Forsnoma” kitobi va Abu Rayhon Beruniy asarlarida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra esa, 12 mingta mol terisiga tillo suvida yozilgan 32 ta kitobdan iborat nusxasi boʻlgan. Makedoniyalik Aleksandr miloddan avvalgi 334–329-yillarda Markaziy Osiyoni zabt etgan davrda “Avesto”ning koʻpgina sahifalari yoqib yuborilgan. Uning tibbiyot, falakiyot, falsafa va adabiyotga doir boʻlimlari esa yunon tiliga tarjima qilingan.
Sosoniylar sulolasi hukmronlik qilgan milodiy I asrda zardushtiylik diniga boʻlgan qiziqish kuchaygan hamda Parfiyadagi arshakiylar hukmdori Vologes tomonidan “Avesto”ning turli manbalarda saqlanib qolgan yozma va ogʻzaki namunalari qayta toʻplangan. Podsho Ardasher (226–242) va uning oʻgʻli Shopur (242–272) hukmronlik qilgan davrda zardushtiylik yana davlat diniga aylangan va “Avesto” alohida kitob holida tiklangan. Shoh Xusrav Anushirvon (531–579) hatto ruhoniylar ham tushunishi qiyin boʻlgan “Avesto”ni, avestoyi tildan zamonasining adabiy tili hisoblangan pahlaviy tiliga tarjima qildirgan. Shu davrda kitobning asosiy matniga sharhlar yozilib, izohlar berilgan. Sosoniylar hukmdorlari tomonidan qayta tiklangan bu kitob “Zand Avesto” deb atalgan. “Zand” bayon qilish va izohlash degani. “Zand Avesto” zardushtiylik dini taʼlimotini toʻliq aks ettirolmaydi. Chunki, bu toʻplamga “Avesto”ning faqat kishilarning yodida qolgan 12 nasxi ogʻzaki qoʻshimchalar asosida kiritilgan boʻlib, kitobning beshdan uch qismi – 18 nasxining matni maʼlum boʻlmagani uchun kiritilmay qolgan. Ikkinchidan, kitobni qayta tiklash jarayonida astronomiya, tibbiyot, jugʻrofiya, etika kabi fanlarga oid asarlar ham uning matniga qoʻshib yuborilgani haqida taxminlar bor. Ayni paytda “Avesto” asl nusxasining hajmi katta boʻlgani bois, dindorlarning har kuni foydalanishi uchun ayrim qiyinchiliklar tugʻdirgan. Bu holatga barham berish uchun kitob qisqartirilib, uning “Kichik Avesto” shakli yaratilgan. Unga asosan tanlab olingan duo va madhiyalar kiritilgan.
VII–VIII asrlarda Oʻrta Osiyoning arablar tomonidan istilo qilinishi va islomning keng tarqalishi bilan zardushtiylik va uning asosiy kitobi boʻlmish “Avesto”ni oʻrganish taqiqlangan. Shu sababli uning aksariyat sahifalari yoʻqolib ketgan va toʻliq matni hozirga qadar topilmagan. “Avesto” bitiklari qadimgi yunonlar, rimliklar, yahudiylar, suriyaliklar va boshqa xalqlar tomonidan chuqur oʻrganilib, undagi eng qimmatli bilimlar, fikr va gʻoyalar, amaliy tajribalar oʻzlashtirib olingan. Ayniqsa, “Avesto” yunon falsafasiga hal qiluvchi taʼsir oʻtkazgan. “Avesto” boʻyicha asrlar davomida dunyoning koʻpgina mamlakatlarida chuqur ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan va bu ishlar bugungi kunga qadar davom etmoqda. 1777-yilda nemis olimi Klenker “Zand Avesto”ni nemis tiliga oʻgirib, Riga shahrida chop ettirgan boʻlsa, Daniyalik tadqiqotchi R.Rask XIX asrning birinchi choragida “Avesto”dan nemis tiliga bir qator tarjimalarni amalga oshirib, 1826-yilda Kopengagen shahrida nashr qildiradi. Yevropalik olim E.Byurnufning 1833-yilda “Avesto”ning “Yasna” qismiga yozgan sharhlari ushbu kitobni “Avesto”da yangitdan tushunish va kashf etishda muhim qadam boʻldi. XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib, Rossiyada ham “Avesto”ga eʼtibor kuchayadi. Rus sharqshunosi K.Kossovich 1861-yili birinchilardan boʻlib, “Zand Avesto”dan 4 bobini tarjima qiladi. Yana bir rus tadqiqotchisi K.Zaleman esa qadimgi fors adabiyoti haqidagi ocherklarida (1881) “Avesto” haqida maʼlumot beradi. S.Kamenskiy “Avesto” yashtlaridan yettitasini rus tiliga tarjima qilib, 1900-yili izohli lugʻati bilan chop ettiradi. “Avesto”ning keyingi davrdagi tadqiqotchilari haqida fikr yuritganda, eronlik Ibrohim Puri Dovudning nomi alohida tilga olinadi. U 1925 – 1936-yillarda Hindistondagi pors qavmi orasida istiqomat qilib, “Avesto”ning tilini mukammal oʻrgandi, kitob haqidagi barcha mate riallarni jamlab, toʻqqiz jilddan iborat “Avesto” kitobini chop ettirdi. Shu tariqa uch ming yillar oldin yoʻqotilgan “Avesto” sahifalarini tiklab, uni hozirgi zamon fors tiliga oʻgirdi.
Sobiq sovet davrida “Avesto”ning ilk vatani boʻlmish Oʻzbekistonda bu kitobni sistemali ravishda oʻrganishning imkoni boʻlmadi. Qadimgi ajdodlarimizning ezgu gʻoyalari, milliy davlatchilik anʼanalari, turmush tarzi va mentalitetini aks ettirgan bu kitob faqat mustaqillik yillarida oʻzining haqiqiy qadr-qimmatini topdi. Birinchi Prezident Islom Karimov rahbarligida amalga oshirilgan maʼnaviy merosimizni tiklash, har tomonlama keng oʻrganish va targʻib etish borasidagi keng koʻlamli ishlar doirasida “Avesto” kitobi ham yangidan xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylantirildi. Kitobning xalqimiz va milliy davlatchiligimiz tarixi, umumbashariy sivilizatsiya rivojidagi ulkan ahamiyatini hisobga olgan holda 2001-yili “Avesto” yaratilganining 2700-yilligi yurtimizda xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Shu munosabat bilan kitobning toʻliq matni oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
1 Izoh
Shahzoda
17:09 / 22.09.2023
Maʼlumotlar qiziqarli rahmat