
Xotin-qizlarimizning boshida ko‘rk bo‘lib turgan Marg‘ilon iroqi nusxa do‘ppisi go‘zal naqshu-nigorlari ila odamni maftun etadi. XV-XVII asrlarda Movarounnahr rassomlari tomonidan chizilgan miniatyuralarda ayollarning turli-tuman bosh kiyimlari tasviri uchraydi.
1. “Do‘stlik” ordeni sohibasi, marg‘ilonlik hunarmand Hidoyatxon Umarovaning ta’kidlashicha 1 metr 60 sm surp matosidan 20 ta iroqi do‘ppi tayyorlash mumkin. Dastlab, kanva (to‘r) yoki surpdan do‘ppining tepa va yon (kizak, gardish) tomonlari bichiladi. Ushbu jarayonda gardish 4 bo‘lakka ajratilib, qirqiladi. Kizakning uzunligi 56-60, eni 7,5-8 santimetr bo‘lishi kerak. Do‘ppi tepasining bo‘yi ham, eni ham 22 santimetr o‘lchamda kesiladi.
2. Do‘ppi uch qismdan – tepa (aylana va to‘rtburchak shaklida bichiladi), kizak (gardish shaklida) va jiyakdan iborat. Bichilgan matoning har bir qismi qora ipakda tekis chok berib ajratiladi. Do‘ppiga kashta tikishdan oldin, uning gul nusxalari andozasi chizib olinadi. Iroqi nusxa do‘ppilarida gullar ko‘pincha tepa va yon qismda alohida tasvirlanadi.
3. Do‘ppining to‘rt tomoni qog‘ozga chizib olingan naqsh asosida turli rangdagi ipaklarda kashtalanadi. Naqsh gullarining orasi esa oq ipak ip bilan to‘ldirib tikiladi. XIX asr oxiri - XX asr boshlarida Farg‘ona vodiysida Marg‘ilon iroqi nusxa do‘ppisining naqshiga ko‘ra, 100 ga yaqin turlari mavjud bo‘lgan. Ayni kunda “Gulnoz”, “Bulbul”, “Gullola”, “Bahor”, “Janon”, “Yong‘oq nusxa”, “Shabnam”, “Farg‘ona tong otguncha” kabi do‘ppi nusxalari tayyorlanib, do‘ppido‘zlar tomonidan yangi naqsh motivlari bilan boyitilmoqda.
4. Iroqi nusxa do‘ppi tepasiga kashta tikishda ko‘proq sanama chok qo‘llaniladi. Uning zaminiga ikki xil uslubda ipak ipda kashta bosiladi: “sanama”, (sanab tikish) yoki “chizma” (oldin chizib olib keyin tikish). 20 dona iroqi do‘ppisi bezagi uchun 400 grammdan 500 grammgacha turli rangdagi ipak ip ishlatiladi. Tabiiy bo‘yoq berilgan 1 kg ipak ip 1 mln. so‘m atrofida baholanadi.
5. Kashtalash jarayoni oxirigacha yetgach, dastlab do‘ppining kizagiga qora baxmaldan jiyak o‘rnatiladi va astarlanadi. Tepa qismga moslab qog‘oz va astar ustma-ust joylashtiriladi. So‘ngra gardish va tepa birlashtirilib, tayyor bo‘laklar bir-biriga ulanadi va do‘ppi holatiga keltirib tikiladi. 20 asr oxirigacha do‘ppining astarlangan tepa qismi mayda nozik chokda qavilgan. Choklar orasiga paxta yoki qog‘ozdan piltakachda yupqa qog‘ozdan pilta qilingan. Piltalangan tepa qism va gardish biriktirilganda, do‘ppi ko‘rinishi hosil bo‘lgan.
6. Deyarli tayyor holatga kelgan do‘ppining ichki qismiga yelim surtiladi va bir kun davomida oftobda quritiladi. Me’yorida qurigan do‘ppilar qolipga solinib, tepasiga surp qo‘yib, dazmollanadi. Xidoyatxon Umarova shogirdlari bilan 20 dona sanama chokli ayollar do‘ppisini tayyorlash uchun bir oy vaqt sarflaydi. U yaratgan yangi nusxadagi “Samoviy ishq”, “Paxtakor”, “COVID 19” nomli do‘ppilar san’at ixlosmandlarini ham lol qoldirmoqda.
7. Farg‘ona vodiysining Chust, Andijon, Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlarida tayyorlangan do‘ppilar umumiy koloritida naqsh va uslubi bir-biriga o‘xshash. Marg‘ilon do‘ppisidagi islimiy naqshlar o‘zaro bog‘lanmasdan tikiladi. Ayollar do‘ppisining nomlari unga tikilgan kashta guli, shakli, bezagi bilan bog‘liqdir.
8. Qadimda Marg‘ilon iroqi nusxa do‘ppisini asosan qizlar kiyishgan. Undagi har bir naqsh o‘z ma’no va mohiyatiga ega bo‘lgan. Masalan: do‘ppi tag zaminiga oq ipakda tikilgan kashtalar poklik, hayot abadiyligini anglatsa, g‘uncha gullar, qizil va yorqin ranglar qiz bolaning oila qurmaganini bildirgan. Latofatli o‘zbek qizlari boshida jilolanib turgan iroqi do‘ppilar naqsh uslubi, bahoriy ranglari bilan barcha san’at ixlosmandlari diqqatini hali hamon jalb etib kelmoqda.
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
1 Izoh
Risliqhon Juraeva
12:01 / 01.01.1970
Ассалому-алейкум,маьлумот учун КАТТА РАХМАТ,кизиккан бор,уларга ургатиш учун хамкорлик килсак деган умиддаман