Taxt uchun kurashgan shahzodalarni yarashtirgan sulhparvar zot kim edi?


Saqlash
13:05 / 13.05.2026 0 75

Tarixiy manbalarning dalolat berishicha, yassaviya tariqatiga mansub shayxlardan biri Qosim Shayx Azizon ko‘p hollarda toj-u taxt uchun kurash olib borayotgan shayboniy sultonlar va shahzodalar o‘rtasida yarashtirib qo‘yuvchi sulhparvar muhtaram zot sifatida ish tutgan. Bu haqda Islom sivilizatsiya markazi rasmiy saytidagi maqolada ma’lumot keltirilgan.

 

Ana shunday taxt uchun kurashlarda Qosim Shayx shayboniylar sulolasiga mansub sultonlardan biri Abdullohxon Soniyning Buxoro taxtini egallashga yordam beradi. Shundan keyin Abdullohxon Qosim Shayxni o‘z murshidi (tasavvufdagi ustozi va tarbiyachisi) deb tan oladi. Aynan ko‘rsatgan madadi tufayli Abdullohxon minnatdorlik tariqasida o‘z murshidiga atab xonaqoh barpo ettirgan. Boshqa bir talqinga ko‘ra, Abdullohxonning saxovat to‘la tortiq va in’omlaridan foydalangan Qosim Shayx o‘zi xonaqoh qurdirgan.

 

Shayboniylar sulolasining vakillari Iskandarxon, uning o‘g‘li Abdullohxon Soniy va ukasi Rustam Bahodirxon ibn Jonibek Sulton va boshqalarga Qosim Shayxning ta’siri kuchli bo‘lgan. Navoiy viloyati Karmana shahrining janubiy chekkasida Qosim Shayx majmuasi joylashgan. Me’moriy yodgorlik (XVI–XX asrlar) uchta asosiy imorat: xonaqoh va ikkita hazirani o‘z ichiga oladi.

 

Eng qadimgi imorat – Qosim Shayx Azizon xonaqosi oltita gumbaz bilan qoplangan oldi ochiq peshayvon – galereya tipidagi masjid va maydoni 1400 m2dan kattaroq bo‘lgan keng hovlidan iborat. Hovli mahobatli devor bilan o‘ralgan, uning kunbotar devorida peshtoq ko‘rinishidagi kirish joyi qoldirilgan.

 

Zamondoshlari guvohlik berishicha, mazkur imoratni tasavvuf namoyandasi o‘zi barpo etgan, Qosim Shayx Azizon vafot etguniga qadar ilohiyotshunoslik mavzusidagi suhbatlar va tariqat ahli “jahriya” – baland ovozdagi zikrlari o‘tkaziladigan bir maskan bo‘lib xizmat qilgan. U ayni mahalda musulmonlarning ikki asosiy bayrami – Ramazon hayiti va Qurbon hayiti namozlari o‘qiladigan masjid bo‘lib xizmat qilgani ham istisno etilmaydi. 

 

1578-yilda hayotdan ko‘z yumgan Qosim Shayx Azizon hazira hovlisi markazida dafn etilgan, oradan birmuncha vaqt o‘tganidan so‘ngra uning qabri ustida katta dahma (9×10,5 m, balandligi 1 m) ko‘rinishidagi sag‘ana o‘rnatilgan edi. XX asrning 80-yillariga kelib dahma yarim vayrona holiga kelib qolgan.

 

1558-yilda Abdullohxon Shayboniy farmoniga binoan barpo etilgan xonaqoh majmuadagi boshqa imoratlardan alohida ajralib turadi. Uning fasadlari, Qosim Shayx Azizon hazirasiga taqab bunyod etilgan kunchiqar fasadini istisno qilganda, bir xil uslubda barpo etilgan.

 

Tariqat ahli jahriya zikrlari o‘tkazib kelgan markaziy zal ichki gumbaz bilan nihoyalanuvchi o‘zaro kesishadigan arkalar va naqshinkor qalqonsimon bag‘allar tizimi bilan qoplangan. Sirtdan qaraganda uncha katta bo‘lmagan gumbaz g‘ayriodatiy baland gardish – baraban ustiga qo‘ndirilgan, bir mahallar ana shu gardish sayqallangan terrakota, yakrang va naqshinkor parchinlar bilan, gumbazning o‘zi esa firuza rangli naqshinkor qadama koshinlar bilan bezatilgan edi. Qabrtosh va ko‘ktosh (oniks) yo‘qolgan.

 

2003-yilda Qosim Shayx Azizon tavalludi 500-yilligi nishonlangan edi. Murosasiz va jangovar ateizm hukm surgan alg‘ov-dalg‘ov davrda eski qabrtosh yo‘qolib ketgan edi. Qo‘lyozma manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, Qosim Shayx Azizon qabrtoshiga o‘sha davrning mashhur shoiri Abdurahmon Mushfiqiy yozgan marsiya o‘yib yozilgan ekan. Abdullohxon tomonidan qurdirilgan Qosim Shayx Azizon hazirasi ichidagi mozorlar ustida o‘rnatilgan qabrtoshlarning bir qismi ham bugungi kunda yo‘qolgan.

 

Ana shu qabrtoshlardan saqlanganlarida esa qadimiy kitoba bitiklar ustidan kirill va lotin imlosida kishi nomlari o‘yib yozib tashlangan. Mahalliy aholi orasida tarqalgan rivoyatlarga qaraganda, Qosim Shayx Azizon hazirasi ichkarisida ziyoratchilar tavof qiladigan yirik ko‘ktosh (oniks) ham bo‘lgan ekan. Bu tosh ham yo‘qolib ketgan.

 

2003-yilda Qosim Shayx Azizon mozori ustida yangi qabrtosh o‘rnatildi. Qabrtoshdagi matnni xat-tot Abdulg‘afur Razzoq tuzgan, sangtaroshlar esa ana shu xattot eskizlariga qarab toshga o‘yib yozgan. Yangi qabrtoshdagi matn suls va nasta’liq husnixatida bitilgan:

 

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). Bu – shayx, komil murshid, Allohni tanigan orif, Subhonning seviklisi, laduniy ilmlar bilimdoni Hazrat Shayx Qosim Naqshbandiyning qabri. Alloh sirrini muqaddas qilsin. Laqabi – Xojayi Azizon. Karmana qishloqlaridan birida tug‘ilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 05.05.2026 0 121
Demokratiyani o‘rgatuvchi oʻyin qanday yaratilmoqda?

Bilasizmi?

12:05 / 04.05.2026 0 186
Yigit va o‘git

Hikmat

09:04 / 15.04.2026 0 421
Qarz boʻlmaslik “siri” haqida rivoyat

Bilasizmi?

15:03 / 19.03.2026 0 663
Oʻzbekistonga yashirincha kelgan yevropalik sayyoh

Bilasizmi?

10:02 / 25.02.2026 0 623
Evtanaziya huquqmi yo qadriyatlarga qarshilik?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 234131
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 113420
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 67876
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 56815
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 51243
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 39488
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 39346
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 39086
“Avesto”

//