Napoleon Bonapartning bolaligida onasi har kuni uni uyqudan “Turaqoling, sizni buyuk ishlar kutmoqda” deb uyg‘otar edi. Tarixda ko‘plab buyuk insonlarning bolalik yillari onasining e’tibori, g‘amxo‘rligi, daldasi tufayli mazmunli o‘tganini ko‘rish mumkin. Quyida ulardan ayrimlarini e’tiboringizga havolа etamiz.
Maktub va yolg‘on
Lampochkani ixtiro qilgan Edison bolalik paytida uyiga qaytib, “Oyi, mana bu xatni maktabdan berib yuborishdi”, deb onasiga bir konvert uzatdi. Ona xatga tezgina ko‘z yugurtirdi, so‘ng ko‘zi jiqqa yoshga to‘lib, maktubni jajji o‘g‘liga o‘qib bera boshladi: “Xonim! O‘g‘lingiz juda iqtidorli. Biroq, bizning maktabimiz uning qobiliyati uchun kichiklik qiladi. U mustaqil ta’lim ola qolsin!”.
Oradan yillar o‘tadi. Edison insoniyat tarixidagi eng ulkan ixtirolarni qiladi. Onasi vafot etgach, Edison uning javonini titkilab o‘tirib, o‘sha xatni topib oldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, maktubda butunlay boshqa gaplar yozilgan ekan: “Xonim! O‘g‘lingizning aqli past, ertadan bizning maktabga kelmasin!”.
Edison uzoq yig‘laydi. So‘ng xotiralar daftariga quyidagi satrlarni bitadi: “Edison g‘irt kaltafahm bola edi. Lekin onasining go‘zal xizmati sababli noyob iqtidor sohibiga aylandi”.
Ilhombaxsh she’rlar
Pablo Pikassodan qanday qilib mahoratli rassom bo‘lgani haqida so‘rashganida, u bolalikda onasi qalamiga mansub she’rlarni ertak o‘rnida tinglab uyquga yotganini, bu she’rlar uning xayolot olamini kengaytirganini, surat chizishga ishtiyoq uyg‘otganini aytadi.
Mariya mitti Pablitoga qarata: “Agar harbiy yo‘lni tanlasang, albatta general bo‘lasan, agar dinni tanlasang, albatta Rim papasi bo‘lasan!” – deb ruhlantirar edi. Bola ilk suratini o‘n yoshida chizdi, lekin atrofdagilar uni arzimas deb baholadi, faqatgina onasi yuqori baho berdi. Shunday qilib, Pablo suratkashlikni tanladi va zamonasining eng mashhur rassomiga aylandi.
Koptok o‘rniga nota daftari
Taniqli bastakor Shopen bolaligida juda nimjon va kasalvand edi, shu sabab o‘rtoqlari bilan to‘p tepmay, uyda o‘tirardi. Onasi uning vaqti unumli o‘tishi uchun to‘rt yoshidan boshlab pianino chalishni o‘rgatdi.
Yetti yoshda u ilk marta konsertda qatnashdi, ammo onasi kasal bo‘lib qolib unda ishtirok etolmadi. Frederikni hayajon bosdi, u doim onasi yonida bo‘lishiga o‘rgangandi. Lekin muvaffaqiyatli ijrodan so‘ng uning kelajagi belgilandi.
Onasi esa “Doim yoningda bo‘lmasamda, mehrimni his etib chalishda davom et”, deb uni duo qildi.
Yettinchi farzand
Mashhur kimyogar Mendeleyev tug‘ilgan nochor oilada deyarli har yili chaqaloq tug‘ilar, ko‘p o‘tmay vafot etardi. Yettinchi farzand Dmitriy esa omon qoldi. Uning otasining ko‘zi ojiz, shu bois ro‘zg‘or yuki va bolalar tarbiyasi onasi Mariyaning zimmasida edi.
Bola betoblanib to‘shakka yotib qolganida onasi unga bir talay ensiklopediyalar keltirib berdi, boshlang‘ich ta’limni uyda onasidan olgan Dmitriy maktabga ikki yil avval qabul qilindi. Maktabni bitirgach, u o‘zi qiziqqan tibbiyot universitetiga imtihon topshirdi, biroq undan yiqildi.
Mariya uni ilmi tolib bo‘lishini orzu qilardi, o‘g‘lini yanada ko‘proq tayyorlanishga undadi. Nihoyat, Dmitriy talabalik baxtiga erishdi, bundan xotirjam tortgan ona esa ko‘p o‘tmay vafot etdi.
Ulug‘vor muhit ta’sirida
Ingliz yozuvchisi Oskar Uayldning onasi Jeyn Elji o‘nta tilda gaplasha olar, 17 yoshdan boshlab Speransa taxallusi ostida she’rlar yozardi. Bu siyosiy she’rlar “Millat” jurnalida chop etilardi. Biroq ko‘p o‘tmay u turmushga chiqdi va qalam o‘rniga beshik tutdi.
Ularning xonadonida ulug‘vor muhit xukm surardi – antik suratlar va haykallar, javon to‘la nodir kitoblar, har shanba kuni esa dublinliklar bilan adabiy o‘qishlar uyushtirilardi. Jeyn Oskarga chet tillarini o‘qitdi, adabiyot va tarixga qiziqish uyg‘otdi. Oskar 12 yoshga kirganda Vergiliyning she’rlarini bemalol tarjima qila oladigan darajaga yetdi. Ona o‘z ijodiy orzularini o‘g‘lida amalga oshirdi – adib jahon tarixida qoldi.
Nodirabegim tarjimasi
Qatra
Bilasizmi?
Hikmat
Qatra
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q