
XIII asr boshlarida Yevroosiyo materigidagi eng katta ikki davlat – xorazmshohlar hamda mo‘g‘ullar chegaralari bir-biriga tutashdi. Aslida, bu holat ikki ulkan saltanatning siyosiy-harbiy to‘qnashuvini muqarrar qilgan omillardan biri edi. Vaholanki, ushbu davlatlarning mojarolari uchun sabablar va bahonalar ko‘p. Biz esa faqat bittagina omil haqida to‘xtalamiz.
Ma’lumki, bu davrda xorazmshohlar davlatining sultoni Alovuddin Muhammad hamda Bog‘dod xalifasi Nosir o‘rtasidagi munosabatlar urush holatida bo‘lib, anchadan buyon xalifa Nosir dastlab g‘uriylarni, so‘ngra qoraxitoylarni anushteginiylar davlati ustiga yurish qilishga da’vat qilib maktublar jo‘natib kelardi. Alovuddin Muhammad esa bu raqiblarning barchasini yengib, ularga tegishli hududlarning katta qismini ham egalladi.
Xalifa xorazmshohlar davlatini o‘rtadan ko‘tarish uchun oxirgi imkoniyat sifatida sharqda kuchga to‘lib kelayotgan Chingizxonni ham da’vat qila boshladi.
Bu haqida o‘sha davr tarixchilaridan Ibn al-Asirning “Komil tarix” asarida ham ma’lumot keltiriladi. Xususan, asarda “xalifa Nosirning Chingizxonni islom ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan Sulton Alovuddin Muhammad ustiga yurish qilishga da’vati bu eng katta gunohlardan ham katta va kechirilmaydigan gunohdir”, deb ma’lumot beradi tarixchi. Haqiqatdan ham Nosir xalifalar ichida ko‘p hukmronlik qilgan va fitna-fasodlarining ko‘pligi bilan ajralib turadigan xalifa bo‘lgani manbalardan ma’lum.
Albatta, xalifaning bu to‘g‘ridagi maktublari bizgacha yetib kelmagan. Lekin g‘arb olimlari XIX–XX asrlarda qilgan tadqiqotlarida xalifaning maktublari shaklini o‘rgangan va tadqiqotlarida bu to‘g‘rida bir qator ma’lumotlar qoldirgan.
Ma’lumki, xalifalik hududlaridan mo‘g‘ul davlatiga o‘tadigan karvonlar Movarounnahr va Turondan o‘tishlariga to‘g‘ri kelar, bu yerlar esa Alovuddin Muhammad qo‘l ostida.
Qonun-qoidalarga ko‘ra, karvonda maktub yoki shunga o‘xshash hujjatlar bo‘lsa, albatta u Sultonning chegara xizmatchilari tomonidan o‘rganilar, mazmuni va maqsadi surishtirilar edi. Shu sababdan xalifa Nosir tomonidan mo‘g‘ul xoniga yuboriladigan maktublar nihoyatda puxtalik va ayyorlik bilan olib o‘tilardi. Aksariyat maktublarni xalifa Chingizxon huzuriga maxsus tayyorlangan odamning boshiga bitib jo‘natar, buning uchun bugun biz tatuirovka deya biladigan uslubdan foydalanardi. Masalan, bir gal xalifa ko‘zi ojiz odamning boshidagi sochlarini to‘liq oldirib, boshining tekis yuzasiga tatuirovka shaklida xatni yozadi va sochi o‘sganidan so‘ng Qoraqurumga ketayotgan karvoniga qo‘shib jo‘natadi. Karvon manzilga yetib borgach, xonning huzuriga olib borishadi, ko‘zi ojiz qulning sochi qir tishlanadi. Shu tariqa qulning boshiga yozilgan maktub o‘qib olingach, u boshidan judo qilinadi. Bu ma’lumotlar bir qancha tadqiqotlarda o‘z aksini topgan.
Chingizxonning xorazmshohlar ustiga yurish qilishiga xalifa Nosirning maktubi sabab bo‘lgan demoqchi emasmiz. Lekin shu davrning din himoyachisi bo‘lgan xalifaning bu qilmishini aslo oqlab bo‘lmaydi. Taqdir xalifalarning bu xoinligi uchun uning avlodlarini qattiq jazoladi. Mo‘g‘ullar xorazmshohlar davlatini egallab olgach, xalifalik markazi bo‘lgan Bag‘dodni ham 1258-yilda yer bilan yakson qildi. Chingizxonning nevarasi xalifa Nosirning nevarasini uch kun och qoldirib, tepkilab o‘ldirtirdi. Xoinlikning umri shunday tugar ekan…
Tarixning shunday ayanchli va ibratli hikoyalari barchamizga sadoqat, jasorat va mardlik maktabi bo‘lsin.
Bekzod Abdirimov,
Xorazm viloyati Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Xorazm viloyati bo‘limi rahbari
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q