“Siz bemalol ketavering, men gapiraveraman!”


Saqlash
20:02 / 25.02.2022 0 1320

Baribir gapiraveradi

 

Shoir Yo‘ldosh Eshbek so‘zamol, gapga chechan, suhbati jonon yigit. Faqat gurungga berilib ketganda goho me’yorni sal unutib qo‘yadi. Toshkentdan yozuvchilarning Chorvoqdagi dala hovlisiga ketayotganimizda hamroh bo‘lib qolsak, manzilga yetguncha faqat u gapiradi… Eshitib biz charchashimiz mumkin, ammo gapirib u charchamaydi.

Kunlardan bir kun Chorvoqdagi Yo‘ldosh hamsuhbat, aniqrog‘i, gapini eshitadigan teshik quloq qidirib, qo‘ni-qo‘shnilarning  dala hovlisini oralaydi. Qarasa, hamma ish bilan band. Qo‘shnisi Nurulloh Muhammad Raufxon ham engashib, astoydil yer chopayotgan ekan. Yo‘ldosh nima bo‘lsa bo‘lar deya Nurulloh bilan salom-alik qilgach, suhbatni, aniqrog‘i, monologni boshlab yuboradi. Nurulloh ahyon-ahyon soatiga qarab, peshonasidagi reza-reza terlarni qo‘li bilan sidirib, ishlayveradi. Yo‘ldosh esa gapiraveradi…

Axiyri Nurulloh bosh ko‘tarib, hijolatomuz deydi:

– Kechirasiz, Yo‘ldosh aka, men tezroq shu ishni bitirib qo‘yib, oxirgi elektrichkaga ulgurmoqchi edim.

Shunda Yo‘ldosh pinagini ham buzmay, hamsuhbatiga dalda beradi:

– E, siz bemalol ketavering, men gapiraveraman!

 

Bo‘sh kelmadi

 

Kunlardan bir kun ashaddiy kitob muxlisi, jurnalist Mahmud Sa’diy ko‘chada bir dasta kitob ko‘tarib ketayotsa, oldidan shoir Yo‘ldosh Eshbek chiqib qoladi.

– Mahmud aka, bu qanday kitoblar? – qiziqsinib so‘raydi shoir.

– Borxes, Markes, Joys, Shelli, Pristli, Lorka… – deya Mahmud aka faxrlanib, kitoblarni ko‘z-ko‘zlaydi. Nogoh shoirga bir tegajog‘lik qilgisi keladi: – Sen bularni o‘qimay qanday shoir bo‘lib yurganingga hayronman.

– Ular ham meni o‘qimay qanday yozishganiga hayronman! – deydi shoir ham bo‘sh kelmay.

 

Yarim kunga zo‘rg‘a chidadi 

 

Yozuvchilarning Chorvoqdagi dala hovlisida Yo‘ldosh qurgan paxsa kulba devor qish-qirovning qor-yomg‘irida nurab, qulab tushadi. Qo‘ni-qo‘shnilar hashar qilib, hujrani qayta tiklab berishadi. Bu ishda kamtar-kamsuqum, o‘ta kamgap va o‘ta mehnatkash jurnalist Sharif aka Xolmurodov jonbozlik ko‘rsatadi. Bir necha kun o‘zi ustachilik qilib, g‘isht teradi. Yo‘ldosh o‘shanda “Siz ham imorat qurganingizda qamishdan bel bog‘lab, xizmat qilodurman”, deya katta va’da beradi. Nihoyat, Sharif aka qurilish boshlaganda shoir va’dasida turib, “Bizga nima xizmat?” deya yeng shimarib keladi. Xullas, ish boshlanadi.

Ishlab charchamaydigan Sharif aka Yo‘ldoshning tinimsiz gaplaridan bezor bo‘lib, gangib qoladi. Shu bois tushlikdan keyin iymanibgina gap qotadi:

– Yo‘ldosh, haligi… sizga katta rahmat, mana, shunchalik yordam berdingiz. Endi bu yog‘ini o‘zim bir amallarman, sizga ruxsat…

– Yo‘g‘-e? – Yo‘ldosh bu gaplarga ishonqiramaydi. – Axir bitta o‘zingiz… Kim loy olib beradi? Kim g‘isht uzatib turadi?

– Aytyapman-ku, o‘zim eplayman.

– Qiynalib qolasiz-da.

– Yo‘q, qiynalmayman.

Yo‘ldosh qaraydiki, ahvol jiddiy, aka Sharif hazillashmayapti.

– Axir men uydan siznikida ishlayman deb uch kunga javob olib keluvdim. Uyga qaytib borishim noqulay. Ovqat ham olmagandim. Endi nima qilaman?

– Siz sira xavotirlanmang, – deydi Sharif aka hijolatomuz jilmayib. – Uch kunlik ovqatingizni men o‘zim berib turaman, faqat…

– Men sizni tushundim, Sharif aka, tushundim, – deydi Yo‘ldosh kulimsirab.

– Faqat bir iltimos – ovqatni shu yerda – birgalikda baham ko‘rsak.

– Nega endi?

– Gapimni birov eshitib turmasa, ovqat yeganday bo‘lmayman-da!

 

“Antiqa” dehqonchilik

 

Yo‘ldoshning Chorvoqdagi dala hovlisida yeng shimarib ariq qaziyotganini ko‘rgan qo‘shnisi, dehqonchilik bo‘yicha yozuvchilarga beminnat yordam, tekin maslahat berib yuradigan mehnatkash adib Erkin Malik hayron bo‘lib so‘raydi:

– Hoy Yo‘ldosh, nima qilyapsiz?

– Ko‘rmayapsizmi, ariq qaziyapman.

– Nima, suv chiqarmoqchimisiz?

– Yo‘q, ekin ekmoqchiman.

– Nima ekmoqchisiz?

– Pista ekaman.

– Pistaga shunchalik chuqur ariq olinadimi?

– Shahardan kelib, sug‘orib turishga vaqtim bo‘lmaydi. Ariqqa suvni bir to‘ldirib qo‘ysam bas – ekin  bir-ikki oygacha suvsamay turaveradi.

Bunaqa “antiqa” dehqonchilik usulini eshitgan Erkin aka hoholab kulib yuboradi.

 

Shodmon OTABEK

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 339
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 324
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 325
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 328
Narxning navosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 224816
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107754
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55217
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 40225
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 39917
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31481
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30619
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 30012
Alpomish

//