Shunday yillarni ko‘rdikki, baxtli bo‘lish uyat edi – Asqad Muxtor “tundaliklar”i


Saqlash
11:12 / 23.12.2025 0 38

O‘zingniki emas, o‘zgalarning nodonligi ham yozishga halaqit beradi.

 

Eshik yopilganda jimlikning etagi qisildi.

 

Laganbardor boshliqning erish nuqtasini biladi.

 

Bu tanqidchi misli jarrohdek: avval jindek maqtov bilan uxlatib, keyin operatsiya qiladi.

 

Yozuvchi sayoz joyda cho‘kadi.

 

Talant haqida kuyunib gapirganlarning hammasi ham talantli bo‘lavermaydi. Chunki hech kim o‘zini talantsizman deb o‘ylamaydi.

 

Kichkina bir yaxshilik qilish uchun ham odam (balki buyuk odam) bo‘lish kerak; katta yomonlik qilishga kichik odam ham qodir.

 

Kichkina bir ahmoqdan qo‘rqing (masalan, u “qizil” tugmachani bosib yuborishi mumkin).

 

Kitob – boylik. Lekin sotib olgani emas, o‘qilgani.

 

O‘ylaymanki, Hamlet, Farhod, Don Kixot, Oblomov singari obrazlar inson xotirasiga tipik xarakter emas, asosan tipik muammo, abadiy savol sifatida mixlanib qolgan. Chinakam badiiy asar hamma vaqt javobsiz savoldir, bordi-yu, adib unda biror muammo ko‘targan bo‘lsa ham, bu – amalda hal qilib bo‘lmaydigan muammodir. Agar muallif amalda hal qilinadigan vazifa qo‘ysa, asosan, ocherk yoki maqola bo‘ladi. Yozuvchi esa tashviqotchi emas, shoir bo‘lishi kerak.

 

Tanqidchi yosh adibni qimmatbaho fikrlarining oltin yombisi bilan urib mayib qildi.

 

 Adabiyot fan-texnika inqilobi davrida ham ishonch bilan ish ko‘rish kerak. Ekzyuperi maqtagan samolyotlar hozir hech narsaga yaramay qoldi. Lekin Mitti Shahzodasi hali uzoq yashaydi.

 

Dengiz, go‘yo Yerni hushiga keltirmoqchidek, hadeb qirg‘oqqa suv separdi…

 

 Odissey arvohlarni o‘zi bilan suhbatlashishga ko‘ndirish uchun ularga o‘z qonidan berib tiriltiradi. Yozuvchi tarixiy shaxslar haqida yozganida shunday qilishi kerak.

 

 “Muz o‘chib qoldi!” dedi bola suvda erib ketgan muz parchasini ko‘rib.

 

 “Biz XII-XIV asr Dashti Qipchoq (Oltin O‘rda) turkiy adabiyotini negadir yaxshi o‘rganmaymiz. Vaholanki, bu adabiyot (Qutb, Sayfi Saroyi, Hisom Kotib) sof turkiy til, xalqchillik jihatidangina emas, umuminsoniy mundarijasi bilan ham katta e’tiborga loyiq. Birgina “Jumjuma Sulton” dostonini oling, Hisom Kotib uni Farididdin Attorga (“Jumjumanoma”) taqlid qilib yozgan. Zamondoshi Dantening “Ilohiy komediya”si bilan taqqoslasangiz, juda antiqa fikrlarga kelasiz. (Masalan, dunyoni vertikal holda olib, ya’ni hamma zamonlarni bir vaqtda jamlab (xronotop), abadiyat uchrashtirib tasvirlash…) Bu ikki muallif bir-birini bilmay turib, ma’nan juda ohangdosh asar yozganiga hayron bo‘lasiz.

Alisher Navoiydan oldingi turkiy tilga quloq soling:

 Chun ki kelding dunyoya – ketmoq kerak,

Bor kuning yetgancha xayr etmoq kerak!

Hisom Kotib

 

 So‘ngakka ilikdur, eranga bilik,

Biliksiz eran ul – so‘ngak beilik.

Adib Ahmad, XII asr

(Darvoqe, “Ilohiy komediya”sining motivlari Al-Maarriydan buyon davom etib keladi).

 

Yozuvchi yolg‘onni to‘qiydi-yu, haqiqatni yozadi.

 

 Shamol shamni o‘chiradi. Shunga o‘xshab, ayriliq ham shunchaki xushtorlikni sovitishi mumkin, chin muhabbatni esa o‘t oldiradi.

 

 Haqiqat – xudodir: uni hamma biladi-yu, o‘zini hech kim ko‘rmagan.

 

 O‘zimizda bo‘lgan tuyg‘ularni yashirish qiyinmi yoki o‘zimizda bo‘lmagan tuyg‘ularni ifodalashmi? Shukur Burxon mening bu savolimga shunday deb javob bergan edi: ikkalasiga ham artistizm kerak.

 

 Real Aleksandr Makedonskiy – Iskandar bor. Afsonaviy Iskandar Zulqarnayn bor, uni ulug‘lab payg‘ambar darajasiga ko‘tardilar (Xusrav, Jomiy, Navoiy, Tojiddin Ahmadiy… o‘nlab “Iskandarnoma”larda). Bu – o‘rta asrlarga xos narsa. Menimcha, Temurni biz bunday qilishimiz kerak emas.

 

 Shoir bo‘lish yaxshi, shoirlik da’vo qilish yomon.

 

 Miltiq har otganda o‘zi seskanib orqaga tisariladi.

 

 Tun shafaqning tasmasini kesdi…

 

 Sizif afsonasini bilasiz, “abadiy xarsang”ni ham bilasiz. Mening avlodim o‘sha xarsangni 70 yil davomida “cho‘qqi”da yumalatdi. Ichimda nola bor. Goho shu nolani eshitib, Maksim Gorkiyning gapi esimga tushadi. Undan “Ahvolingiz qalay?” deb so‘raganlarida “Maksimalno gorko!” deb javob bergan ekan.

 

 Sadriddin Maqsudiy (Sorbonna dorilfununini bitirgan Istanbul dorilfununing professori) “O‘rta Osiyo turk davlatlari”, “Qutadg‘u bilig”, “Turk tarixi”, “Forobiyning huquq falsafasi” degan asarlar yozgan. Topish kerak edi, qizi hayot ekan, Odila (Aida) degan. Yirik diplomat. Anqarada. Shundan so‘ralsa, balki otasining kitoblarini topib berardi. Bir urunish kerak. Sadriddin Maqsudiy Rusiya dumasida nutq so‘zlab, ruslarning Qo‘qonda yigirmata musulmon maktabini yopganini, Toshkentda Munavvarqorini ta’qib qilishganini, Olmaotada, O‘shda, Namanganda musulmon ziyolilari siquvga olinganini ro‘y-rost gapiradi. (Bu nutq “Vaqt” gazetasida bosilgan).

 

Yana topish kerak bo‘lgan narsalar mana bular:

Husayn Fayizxonov (Marjoniyning shogirdi) 1862 yilda tatar maktablari uchun darslik chiqardi. Unda Navoiying “Majolisun-nafois” tazkirasidan parcha bor.

 

Abdula’lam Fayizxonov (ukasi) 1891 yilda Abulg‘ozixonning “Shajarayi turk” asarini nashr qildiradi. Bu olim ham Marjoniyning qo‘lida o‘qigan, uning taklifi bilan besh yil O‘rta Osiyoda yashab, o‘zbek tilini o‘rgangan (arab, fors, rus, fransuz tillarini bilardi). “Kalila va Dimna” hamda “To‘tinoma”ni tatarchaga tarjima qilgan.

 

Zohir (ehtimol Zokirdir) Begiyevning ukasi Muso Begi 1907 yilda Al-Maarriyning “Luzumiyat” asarini tarjima qilib bostirgan.

Sharqshunos Rizo Faxriddinning (1939 yilda vafot etgan) Abu Ali ibn Sino, ibn Battuta, Fuzuliy haqidagi kitoblarini topish kerak.

 

 Turkiy “Iskandarnoma”ning muallifi Tojiddin Ahmadiy (XIV asr) Amir Temur bilan ko‘rishgandan keyin Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarini turk tiliga tarjima qilgan ekan. Bu – Sohibqiron siymosiga yana bir chizgi.

 

 Biz ateist ham emasmiz, xudojo‘y ham emasmiz. Biz shunchaki yalqovmiz: xudoning bor yoki yo‘qligi haqida astoydil o‘ylashga erinamiz.

 

 Arab alifbosi tillardagi talaffuz o‘zgachaliklarini yo‘qqa chiqaradi, deydi A.Borovkov. Demak, bu alifbo turkiy xalqlarni birlashtirib turardi. Ularni ajratib tashlash uchun alifboni o‘zgartirishdan ham qulay siyosat bormidi?

 

 Xotin kishini qimmatbaho mo‘ynalarga o‘rasang – sovimaydi.

 

 O‘rgimchak shamoldan nimadir tikyapti…

 

 Yurak qoni bilan yozgan odam uzun yozolmaydi.

 

 Iste’dodsiz shuhratparast juda tuban va shafqatsiz bo‘ladi.

 

 Tarjimondan aniqlik talab qilmang. U chizmakash emas, rassom!

 

 Bizni tanqidchilar qo‘rqqanimiz uchun emas, ko‘pincha dadilligimiz uchun urishdi.

 

 Bir qolipdagi (tipovoy) imoratlar, bir qolipdagi shaharlar xuddi shunday bir qolipdagi odamlar va bir qolipdagi fikrlovchilarning paydo bo‘lishiga yordam beradi.

 

 Uning shoir bo‘lishi uchun faqat birorta kamchilik yetishmasdi.

 

 Qadimda bir donishmand aytgan ekan: “Men vaqtning nima ekanini bilaman. Ammo “Vaqt nima?” deb so‘rasalar, aytolmayman”.

Nazarimda, she’riyat haqida ham xuddi shuni aytish mumkin. u benihoya, u bitmas-tuganmas.U o‘zi rad etgan odamgina uni rad etadi.

 

 Xudo insonni bir umr baxt izlash azobi bilan jazolagan.

 

 Bizning avlodda zamonadan qochganlar qutuldi.

 

 Ba’zilar haqida yaxshi gapirsang, laganbardor bo‘lasan, yomon gapirish – xavfli.

 

 Shunday yillarni ko‘rdikki, baxtli bo‘lish uyat edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

17:11 / 10.11.2025 0 450
Ko‘rpacha

Qatra

11:09 / 17.09.2025 0 650
Qahramon



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 230255
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 111104
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 62149
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 51488
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 47082
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 38074
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 36156
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 33067
Kompetentlik

//