Sobiq Ittifoq davrida ham 23- fevralda nishonlangan. Ammo ushbu ikki sana orasidagi tafovutlar bir-biridan keskin farq qilar edi. Sababi, SSSR tarkibidagi 15 davlatning hech qaysi biri 23-fevral sanasidagi voqea-hodisaga aloqador emas. 23-fevral sanasi mustamlakachi Chor Rossiya imperiyasining tugashi va SSSRning shakllanishi jarayonida yaratilgan ramziy bayram sanasi boʻlsa-da, u tarixiy haqiqatdan koʻra mafkuraviy gʻoyalar targʻibotiga xizmat qilgan. Chunki harbiylarning bayrami sifatida nishonlash uchun 23-fevral emas, 28-yanvar mosroq edi. Yaʼni 1918-yil 28-yanvarda Sovet hukumati tomonidan Ishchi va dehqonlar Qizil Armiyasini tuzish haqida dekret qabul qilingan. Unda nega bayram uchun aynan 23-fevral tanlangan?
Birinchi jahon urushi yakunida nemis harbiy qoʻshinlariga qarshi harbiy harakatlar Pskov va Narva hududlarida 1918-yil 23-fevral kuni toʻxtatiladi. 1919-yildan boshlab mazkur sanada “Qizil armiya kuni” nishonlana boshlangan boʻlsa-da, 1922-yili rasmiy maqom berilgan. Vaqt oʻtgach esa SSSR hukumati tomonidan sana nomi oʻzgartiriladi:
1919-1946-yillar – “Qizil Armiya kuni”;
1946-1991-yillar – “Sovet Armiyasi va Harbiy-dengiz floti kuni”.
Bu sana SSSR tarkibidagi boshqa davlatlarga tegishli boʻlmasa-da, Ittifoq tarkibidagi har bir davlat, xalq vakillari, ayniqsa, har bir erkak uni sharafli bayram sifatida nishonlanishi shartligi singdirib borildi.
1991-yili SSSR parchalangandan soʻng bu bayram sanasi rasman Rossiya Federatsiyasidagina saqlanib qoldi. 1995-yili qabul qilingan “Rossiya harbiy shon-shuhrati kunlari toʻgʻrisida”gi federal qonun asosida “23-fevral – Vatan himoyachilari kuni” deb belgilandi. Bugungi kunda 23-fevral sanasi Belarus (“Vatan himoyachilari va Qurolli Kuchlar kuni”), Qirgʻiz Respublikasi (“Vatan himoyachilari kuni”) va Tojikiston Respublikasida (“Qurolli Kuchlar kuni”) harbiylar bayrami sifatida nishonlanadi.
1989-yil oxirida sovet armiyasida xizmat qilib qaytganlarning roʻyxati tekshirilganda, hech bir sababsiz 430 nafar oʻzbekistonlik askarning vafot etgani aniqlangan. 1990-yilgi tekshiruv natijalariga koʻra, Oʻzbekiston mudofaa tizimida xizmat qilayotgan barcha ofitserlarning atigi 0.6 foizi (1 foiz ham emas) mahalliy ofitserlar hisobiga toʻgʻri kelgan. 1990-yil 26-avgustda qabul qilingan “Qurolli Kuchlardagi partiya tashkilotlarini tugatish toʻgʻrisida“gi qaror qabul qilinadi. Va shu yilning oʻzida SSSR ichki qoʻshinlarda xizmat qilayotgan 300 nafar oʻzbekistonlik harbiy xizmatchi oʻz ixtiyori bilan Oʻzbekistonning Qurolli Kuchlarida xizmat qilish xohishini “yozma bildirgi” asosida I. A. Karimovga bildiradi va tez orada ularning soʻrovi amalga oshiriladi.
Mustaqilligimiz eʼlon qilingach, 1991-yil 6-sentyabrda “Mudofaa ishlar vazirligi” tuzildi. 1992-yil 3-iyulda mamlakat birinchi prezidenti farmoniga binoan “Mudofaa ishlari vazirligi” Mudofaa vazirligiga aylantirildi. Bu farmon asosida sohadagi keng qamrovli oʻzgarishlar boshlandi. Respublika Oliy Kengashining 1992-yil 14-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy oʻquv muassasalari toʻgʻrisida“gi qaroriga binoan mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy tuzilmalar respublika tasarrufiga olindi. Aynan ushbu qarorga asosan:
- 1992-yil 18-mayda harbiy aviatsiya, havo desanti, razvedka qoʻshinlari va taʼminot qismlari;
- 12-noyabrdan havo hujumiga qarshi harbiy qismlar;
- 13-noyabrdan va nihoyat kimyoviy harbiy qismlar respublikamizga oʻtkaziladi.
Shu tariqda Oliy Kengashning (hozirgi Oliy Majlis) 1993-yil 29-dekabrdagi qonuni bilan har yili 14-yanvar “Vatan himoyachilari kuni” sifatida belgilanadi. Bu yil xalqaro “Global Firepower Index 2026” tomonidan davlatlardagi harbiy kuchlar, xodimlar soni, texnika va moliyaviy imkoniyatlar kabi 60 dan ortiq omillar asosida aniqlangan dunyoning eng kuchli armiya roʻyxatida Oʻzbekiston armiyasi dunyoning 145 mamlakati orasida 53-oʻrinni egalladi (oʻtgan yilga nisbatan 5 pogʻonaga koʻtarilgan). Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida esa Rossiya va Ukrainadan keyin uchinchi oʻrinda qayd etildi.
Xulosa qilish mumkinki, bugun Oʻzbekistonda ayashayotgan har bir fuqaro vatan himoyachilar kuni sifatida 23-fevralni emas, balki aynan qonunda belgilanganidek, 14-yanvarni nishonlashi kerak. Bu mamlakat qonunlariga hurmat, boʻysunish bilan birga oʻtgan yillar mobaynida Vatan uchun jon bergan, Sobiq Ittifoq davrida bosqinchi mamlakat safida turli sabablarga koʻra qurbon boʻlgan shahidlarimiz xotirasiga ehtirom ham demakdir!
Zavqibek MAHMUDOV,
Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti v.b. dotsenti
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bir kuni...
Hikmat
Bir kuni...
Hikmat
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q