Rishton kulolchiligi haqida usta Alisher Nazirovdan 12 fakt


Saqlash
21:02 / 14.02.2022 2 5504

Necha ming yillik tarixga ega Rishton kulolchiligi buyumlari ikki yo‘nalishda: mahalliy ustozlardan meros anʼanaviy usulda hamda sovg‘abop qilib (kimyoviy komponentlar bilan) tayyorlanadi. Mazkur buyumlar takrorlanmas islimiy uslubda chizilgan naqsh-u nigorlari va jilodor moviy ranglari bilan mashhur.

 

 

1. Rishton sopol mahsulotlarining xaridorbop bo‘lishi va dunyo brendiga aylanishida hududdagi soz tuproqning ahamiyati katta. Bu tuproqdan tayyorlangan loy shakl berish osonligi, shiradorligi va olovga chidamliligi bilan ajralib turadi.

 

 

2. Rishtonda kulolchilik anʼanalarini o‘n ikki sulola vakillari davom ettirib kelayotir. Sopol buyum tayyor bo‘lgunga qadar jarayonga butun oila jalb etiladi. Demakki, kulollarning barcha oila aʼzolari azaldan bu hunardan boxabar bo‘lgan.

 

 

3. Usta soz tuproq va suvni teng miqdorda olib, loyqa tayyorlaydi va elakdan o‘tkazadi. Loyqa maxsus qurilmada loy holatiga keltirilib, ichidagi havosi chiqariladi.

 

 

4. Loy maxsus matoga o‘ralib, uch kun tindiriladi. Tobiga kelgan xomashyo bilan charxda ishlash oson kechadi. Dastgohda yasalgan idish bir kun quritiladi. Rishton kulolchiligida XV-XVI asrda ishlatilgan shakllar hozirgi kunda ham kulollar ijodida qo‘llanadi.

 

 

5. Keyingi bosqichda buyumning tag qismi kajkord (kashkord) pichog‘ida tekislanadi va kerakli shakl beriladi. So‘ng sopol yana quritilib, tayyor mahsulot ko‘rinishiga keltirish jarayoni boshlanadi. Kulol yaratgan buyum sifatli chiqishida quyosh nuri muhim omil sanaladi.

 

 

6. Anʼanaviy kulolchilikda ranglar yorqin bo‘lishi uchun fon berilishi kerak. Ustalar tilida bu loyalash deyiladi. Tog‘li hududlardan olingan oq tosh, yaʼni kvars maydalanadi va suyuq loy holiga keltirib, buyum yupqa loyalanadi.

 

 

7. Anʼanaviy sopol idishlar ikki xil usulda tayyorlanadi:

a) buyumning loyalangan holatida gul chizilib, rang berilib, sirlanadi va xompazda pishirib olinadi;

b) loyalangandan keyin pishirilib, so‘ngra naqsh solib, ishqorlanadi va yana 1050 S° da obdon pishiriladi.

 

 

8. Hunarmandlar turli metall oksidlaridan yashil, feruza, qora va jigarrang, sariq, moviy bo‘yoqlarni tayyorlashadi. Rishton anʼanaviy kulolchiligida qizil rang deyarli qo‘llanilmaydi. Asosan tabiatdan olingan islimiy naqshlar, qalampir, anor, chorgul (dunyoning to‘rt tomoni ramzi), parizox (qush pati) kabi bezak turlari ishlatiladi.

 

 

9. Kulolchilikning eng muhim jarayoni sirlashdir. Qirqbo‘g‘im, guloba kabi giyohlar meʼyoriga yetib yashil tusga kirganida uyum qilib yig‘iladi va o‘sha joyning o‘zida yoqiladi. Bu jarayonda giyohlar tarkibidagi tuzli suvlar shiraga aylanib, qotishma holiga keladi.

 

 

10. Qotishmalar 1200 S° qizdirilgan pechkaga solinsa, shishasimon modda hosil bo‘ladi. U bilan idishlar ishqorlanadi, yaʼni sirlab chiqiladi. Sir buyumdagi ranglarni jilodor ko‘rsatib berishga xizmat qiladi.

 

 

11. Kulolchilik hunarini puxta o‘rgatish uchun shogirdlar 12 yoshdan qabul qilinadi. Usta yoshlar orasidan loyga tezda aniq va chiroyli shakl berishiga qarab isteʼdodlilarini tanlab oladi. Tirishqoq bolalar nafaqat ko‘zagar bo‘lishi, balki keyingi bosqichlarda mohir naqqosh ustaga ham aylanishi mumkin. Kulol Alisher Nazirov shogirdlarining ko‘zini bog‘lab, shakl va loyni his qilishga o‘rgatadi.

 

 

12. Rishton kulolchilik namunalari ko‘rgazmasi ilk marta 1897 yili Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan. Bugungi kunda AQSH, Angliya, Norvegiya, Avstriya, Shvetsiya, Yaponiya, Germaniya, Gollandiya, Rossiyaning jahonga mashhur muzeylarida Rishton kulolchilik sanʼat asarlari saqlanadi. Hozir Rishtonda 648 nafar kulol bo‘lsa, ulardan 12 nafari anʼanaviy yo‘nalishda ish olib boradi. Oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, bir yilda 350 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha daromad olayotgan kulollar bor.

 

 

 

2 Izohlar

Muhtasar

12:01 / 01.01.1970

Assalom alaykum Men Rishtonga sayyoh olib borganman va ularning rang barang asarlari barcha ziyoratchilarni qiziqtirgan.

Нарзуллаев Алишер

12:01 / 01.01.1970

Халкаро Риштон кулоллар марказига омад.

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:03 / 12.03.2025 0 1251
Turkistondagi qadimiy ayollar bayrami

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 234
“Qozondi” fe’lidagi “qozon” haqida

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 252
Marjumakdan shoʻrva qilib boʻladimi?

Bilasizmi?

15:02 / 28.02.2025 0 192
Maymunjon, parmanchak va boldirgʻon

Bilasizmi?

14:02 / 28.02.2025 0 209
Xoʻjayin boʻlolmagan xoʻjagʻat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 223146
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 106742
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 48716
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 36945
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 35338
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 29614
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 28526
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 28415
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//