Qatra
Oxunjon qiziq HUZURJONOV
Tilga bosa qoling
Toshkentga kelib, filarmoniyaga ishga kirgan Oxunjon qiziqni bir kuni direktor o‘z xonasiga chorlab, aytibdi:
– Oxun aka, sahnaga chiqib qiziqchilik qilyapsiz, ammo aytayotgan gaplaringizning yozilgani menda yo‘q. O‘shalarni yozib bermasangiz, bundan buyon sahnaga chiqishingizga yo‘l qo‘ymayman.
– Yozish qo‘ldan kelmaydi, men faqat gapirishni bilaman.
– Unda kotiba qizimiz yoniga boring, mashinkada yozadi.
– Unda ham bo‘lmaydi, kotiba yoniga borsam tilim kalimaga kelmay qoladi, men faqat sahnada yayrab gapiraman, xolos.
– Gaplaringizni bir amallab qog‘ozga tushirishingiz kerak, men unga imzo chekib, muhr bosishim kerak. Bu bilan hazillashib bo‘lmaydi!
– Direktorjon, boshimni ko‘p qotirmang, yozolmayman! Yaxshisi tilimga imzo chekib, muhringizni bosavering, bundan osoni yo‘q! – debdi Oxunjon qiziq og‘zidan tilini chiqarib.
G‘ing demadi
Katta lavozimda ishlab kelgan Boybo‘riyev birdaniga amal kursisidan qulab tushdi. Endi yengil mashina-yu, shofyor yo‘q. Nima qilsin, umrida yayov yurmagan, ko‘cha-ko‘yni bilmagan – hammasini shofyori bilardi. Kuni kecha uni mahallamiz ko‘chasida uchratib qoldim. U men bilan ma’yus ko‘rishdi-da, so‘radi:
– Mulla Oxun, ijroqo‘mga nechanchi avtobus olib boradi?
– Nomerini aytganim bilan baribir topib borolmaysiz, keling, sizga bir yaxshilik qilay. Nega deganda bir vaqt uyga kechroq kelayotganimda mashinangizni to‘xtatib, “Chiq” degandingiz.
– Rahmat, Oxun, yaxshilikni unutmas ekansiz.
Shunday qilib, Boybo‘riyevni avtobusga olib chiqib, ijroqo‘m binosi yaqinidagi bekatga kelganda dedim:
– Tushing, keldingiz. Buyog‘ini o‘zingiz toparsiz.
– Ijroqo‘m eshigi oldiga olib borsangiz, degandim.
– Yo‘q, – dedim unga, – o‘shanda siz ham mahalla choyxonasi oldida tushirib, “Buyog‘iga o‘zingiz boraverasiz”, degansiz!
Gapim qattiq tegdi shekilli, Boybo‘riyev g‘ing demadi. Avtobusdan tushib, u yoq-bu yoqqa alanglaganicha qolaverdi.
Rustam HAMROQULOV
Nimaning nimasi bo‘lmaydi?
Elimizda shunday gap bor: osmonning ustuni bo‘lmaydi, hovuzning qopqog‘i, ko‘rpaning yengi, osh-pichoqning qini bo‘lmaydi.
Bir kuni san’atkor do‘stlar bilan birga o‘tirishib qolib, yana nimalar bo‘lmasligini o‘ylab topdik. Bilsak juda ko‘p narsa bo‘lmas ekan. Masalan, maymunning shimi, muttahamning ushlab oladigan dumi, ba’zi shofyorlarning o‘pkasi, yigitlarning yubkasi, ferma mudirining eti, chayqovchining beti, holvaytarning tuzi, ig‘vogarning yuzi, qayrаg‘ochning guli, qurumsoqning puli, ho‘kizning suti bo‘lmaydi, boshliqni shaxmatda yutib bo‘lmaydi. Halol odamning qayg‘usi, poraxo‘rning uyqusi bo‘lmaydi. Tog‘ toshining mayini, otarchining tayini bo‘lmaydi.
Tajangning o‘g‘li
Katta ariqdagi suvda oqib kelayotgan to‘rt yashar bolani ko‘rgan bir odam darrov uni olib, oyog‘ini osmonga qilib, xushiga keltirdi.
– Yaxshiyam bolakay ko‘rib qoldim, sog‘-omon qolding, – desa, bolakay nima dermish deng:
– Rahmat, tog‘a! Iloyo sizni ham dadam quritsin!
– Iye, obbo, og‘zingda zambaraging bormi, kimning o‘g‘lisan?
– Mamarayim tajangnnig o‘g‘liman!
Qarang, hatto, dadasining laqаbigacha biladi-ya! Bolani olib borib, uyiga qo‘yib kelsa, ketma-ket Mamarayim tajang ham kelibdi. Haligi odam o‘ylabdiki, o‘g‘lini qutqarganim uchun menga to‘n kiygizsa kerak, shunga kelgandir, deb:
– Ha, aka qo‘ying, bir yerdagi odammiz, mening o‘rnimda boshqa bo‘lganida ham shu ishni qilardi, – desa, Mamarayim tajang dermish:
– Hech qanaqangi ovoragarchiligi yo‘q, bolamning do‘ppisi qani, yo uni olmay oqizib yubordingizmi?
Abdurahmon SIDDIQOV
Qayerdan o‘rgangansan?
– Xursanali, laylaknusxa kiyimlarni kiyib olibsanmi, bularni qayerdan topyapsan?
– Rishtondan.
– Sigareta chekishni qayerdan o‘rgangansan?
– Rishtondan.
– Qora ko‘zoynak taqishni-chi?
– Rishtondan.
– Bakkenbard, soqol-mo‘ylov qo‘yishni-chi?
– Buni ham Rishtondan.
– Odamgarchilikni ham o‘rgansang bo‘lardi, uka?
– Albatta, o‘rganaman! Avval Moskva televideniyesi ko‘rsatsin, keyin o‘rganib olaman!
Ozgina qo‘shganman
Mashinasiga yoqilg‘i quyib chiqqan haydovchi jon-jahdi bilan benzin quyuvchiga baqirdi:
– Insof bormi, o‘zi? Benzinga shunchalik ko‘p boshqa moy qo‘shasizmi?
– Og‘zingga qarab gapir, benzinga ko‘p boshqa moy qo‘shmaganman.
– Unda nima qo‘shgansiz?
– Boshqa moylarga ozgina benzin qo‘shdim, xolos!
Esdan chiqibdi
Yap-yangi aravachali mototsiklni haydab ketayotgan bir kishi ko‘cha chekkasidagi daraxtga zarb bilan urilibdi. Uni eshitgan avtoinspektor bir zumda yetib kelib, tergay boshlabdi:
– Birodar, nahotki, shunday bahaybat daraxtni ko‘rmagan bo‘lsangiz?
– Ko‘rdim, – dedi u o‘zini oqlash uchun, – ammo mototsiklimning aravachasi borligi esimdan chiqib qolibdi-da!
“Kulgi darg‘alari” kitobidan
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Hikmat
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q