Bilasizmi?
Yomon shoir
She’riyat kechasida bir shoir minbarga chiqib, chuchmalgina, g‘o‘r she’rini xuddi zo‘r she’rday jo‘shib-toshib, baqirib o‘qiydi. Anjumanda qatnashayotgan G‘afur akaning ensasi qotib, asabiylashadi, havo yetishmaganday bezovtalanadi. Ro‘molchasini olib, yuz-ko‘zlarini artadi. Yonida o‘tirgan yosh shoir sekin engashib, so‘raydi:
– Nima bo‘ldi, ustoz?
– Hech nima! – deydi G‘afur aka minbardan ko‘z uzmay. – Qari xotin o‘ziga oro berib, pardoz-andoz qilib, yosh qizday noz-karashma qilsa juda xunuk ko‘rinadi, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, ustoz!
– Yomon shoir yomon she’rini kuchanib-chiranib o‘qisayam shunaqa bo‘larkan...
Navoiyni boshlab keldi
G‘afur G‘ulomning yaqin bir og‘aynisi falakning gardishi bilan vodiydagi chekka bir kolxozga rais bo‘lib qoladi. Yangi rais xovliqib G‘afur G‘ulomni bir necha shoirlar bilan uchrashuvga taklif qiladi.
– Unday bo‘lsa ustozimiz Alisher Navoiyni ham olib boraman, – deydi G‘afur aka jiddiy alpozda. Umrida bironta kitob o‘qimagan rais “Yaxshi bo‘lardi, olib kelaver”, deydi.
Xullas, o‘sha – aytilgan kuni dala shiyponida kazo-kazo shoirlar bilan uchrashuv bo‘ladi. Rais yig‘ilganlarga murojaat qiladi:
– Bugun mashhur shoirimiz G‘afur G‘ulom o‘zining ustozi Alisher Navoiy bilan huzurimizga tashrif buyurdilar. Xush kelibsizlar, aziz mehmonlar!
Rais so‘zini muxtasar qilib, G‘afur G‘ulomning yonidagi to‘n kiygan, ixchamgina sallali, kichkinagina cholga ishora qiladi. Shunda G‘afur G‘ulom o‘zini tutolmay qah-qah urib kulib yuboradi. Rais talmovsirab qoladi.
– Eh, o‘qimagan! – deydi shoir kulimsirab. – Axir Navoiy hazratlari bundan besh yuz yil oldin yashab o‘tganlar-ku!
Rais hangu mang bo‘lib qoladi. Yig‘ilganlar qiyqirib, rosa qarsak chalishadi.
G‘afur aka to‘n kiygan mehmonni yig‘ilganlarga tanishtiradi:
– Bu kishi Navoiy emas, xalqimizning suyukli shoiri Habibiy domla bo‘ladilar!
– Ana xolos! – deydi rais keksa shoirdan ko‘z uzolmay. – Turishlari, ko‘rinishlari xuddi Navoiyning o‘zi-ya! Tavba! Odam odamga shunchalik o‘xshaydimi?!.
Yozmasa bo‘ldi
G‘afur G‘ulom bemaza she’rlari bilan hammani, ayniqsa, tahririyat xodimlarini bezor qilib yuradigan bir shoirni ko‘chada uchratib, dangal so‘raydi:
– Menga qara, uka, shu she’rlaringga bir oyda qancha qalam haqi olasan?
– Ko‘p emas, yuz so‘m atrofida, G‘afur aka.
– Agar mutlaqo boshqa she’r yozmaslikka so‘z bersang, o‘zim senga oyiga ikki yuz so‘mdan berib turaman. Kelishdikmi?..
Shoiri tushmagur hijolatdan bir zambil loy bo‘lib qoladi.
Farhodning “Shirin”i
Armanistonda o‘zbek adabiyoti o‘n kunligi o‘tkazilayotgan edi. Mezbonlar G‘afur akaning hurmatini joyiga qo‘yib, behad siylashadi. Eng sara she’rlari arman tilida chop etiladi. Shoir kitobni qo‘liga olib, notanish harflarga tikilib qoladi. So‘ng armanlarning dunyoga mashhur shoiri Silva Kaputikyanga qarab so‘z qotadi:
– Kitobga qaysi she’rlarim kiritilganini bilolmayapman. Menga arman qizlaridan birontasini olib ber. U Shirin bo‘ladi, men Farhod bo‘laman. Umrining oxirigacha shu kitobni menga tarjima qilib beradi.
Silvaxonim ham hazilkash ekan. Gap kelganda o‘zbekning cho‘ng shoiri¬ni ayab o‘tirmadi:
– Juda yaxshi taklif. Sizga yaqinda to‘qson yoshligi nishonlangan Marietta Shaginyanni olib beramiz. Sizlarni Toshkentgacha o‘zim yor-yor aytib kuzatib qo‘yaman.
Shoirni mot qilishdi
G‘afur G‘ulom sayru sayyohatni, odamlar orasida bo‘lishni yaxshi ko‘rardi. Kunlardan bir kun u Farg‘ona vodiysining go‘zal Shohimardon qishlog‘iga borib qoladi. Choyxonada qariyalar bilan gurunglashib o‘tirganida undan so‘rashadi:
– Xo‘sh, mehmon, so‘raganning aybi yo‘q, o‘zlari qayerdan bo‘ladilar?
– Toshkentdan.
– Nima kasb qiladilar?
– Men... shoirman.
Mezbonlar garchi mashhur shoirni yaxshi tanib turishsa-da, uning hazilkashligini bilishgani uchun bir tegajoqlik qilgilari keladi.
– Kechirasiz, biz omi odamlarga mundoq oddiyroq qilib tushuntirib bersangiz, shoir degani nima ish qiladi o‘zi?
Hali-hamon nimkosani payqamayotgan shoir shlyapasini yoniga qo‘yib, astoydil gapira boshlaydi:
– Xo‘sh, buni sizlarga qandoq tushuntirsam ekan? Masalan, mana bu sharqiroq soyning narigi tomonidan bir yigit tulpor ot minib keldi deylik, bu tomondan esa bir pariruxsor, go‘zal qiz ko‘za ko‘tarib suvga chiqadi. Biz shoirlar shunaqa voqealarni she’rga solib, ikki yoshni o‘zaro qovushtirib qo‘yamiz.
– E, ha-a, – qishloqning sodda odamlari mehmonga ajablangandek qarashadi, – shuni sizlarda shoir deydilarmi? Bizda buni “qo‘shmachi” deyishadi.
Vodiyning kulgisevar, hazilkash odamlari orasida o‘tirgani esiga tushgan shoir qah-qah urib kulib yuboradi.
Yarash-yarash
G‘afur G‘ulom Do‘rmonda Abdulla Qahhor bilan arazlashib qoladi. Oraga sovuqlik tushadi, ikki oqsoqol o‘zaro salom-alikniyam yig‘ishtirib qo‘yishadi. Bu orada Abdulla Qahhor dala hovlisida ziyofat uyushtiradigan bo‘ladi. Buni eshitgan G‘afur akaning halovati yo‘qoladi. Dardini Said Ahmadga aytarkan, sekin so‘raydi:
– Ustozing meniyam chaqirarmikin?
– Bilmadim, harholda chaqirmasa kerak. Sizdan qattiq xafa, – deydi Said Ahmad to‘g‘risini aytib.
– Bo‘lmasa bundoq qilamiz, – deydi G‘afur aka kutilmaganda, – sen bola ana bu patnisni olib tezda oldimga tush, ustozingning eshigiga boramiz. Sen patnisni chirmanda qilib chalaverasan, men o‘yinga tushib ustozingning bog‘iga kirib boraveraman.
Said Ahmad indamay patnisni olib, G‘afur akaning oldiga tushadi. Ustozning uyiga yetishganda G‘afur aka buyuradi.
– Chal patnisni! Childirmaga o‘xshatib, qattiqroq chal!
Said Ahmad patnisni chaladi, G‘afur aka “taka-tum, taka-tum”ga o‘ynab ketadi, yarim tojikcha, yarmi o‘zbekcha ashulani xirgoyi qiladi:
Qand yesang kissamgayo
Qandalatiga qarzim bor.
Sher Abdulla jono,
Sher Abdulla jon...
Devor tirqishidan bu g‘aroyib hangomani kuzatib turgan Abdulla Qahhor axiyri shashtidan tushib, deydi:
– Bo‘ldi, bo‘ldi, yarashdik. Bas qil endi.
Bahonaning zo‘ri
Oybek Yozuvchilar uyushmasiga raislik qilgan kezlar edi. Bir kuni uyushmada majlis o‘tkaziladigan bo‘ladi. Oybek o‘zining eski qadrdoni, tanti va andak erkatoy do‘sti G‘afur G‘ulomni alohida ogohlantiradi:
– G‘afur, bugun majlis bo‘ladi-ya, yana ketib qolmagin.
Majlisni unchalik xushlamaydigan G‘afur aka darrov bahona o‘ylab topadi.
– Men... qatnasholmasam kerak.
– Nega?
– Shu... desang, bugun mazam yo‘qroq.
– Nima bo‘ldi?
– Tizzamning past tomoni qaqshab og‘riyapti.
Oybek andak faromushxotir odam edi, oradan biroz vaqt o‘tgach, yana G‘afur G‘ulomga ro‘para bo‘lib, qayta tayinlaydi:
– Majlis esingdan chiqmadimi?
– Majlisingda qatnasholmayman, belimdan pasti umuman ishlamayapti.
– Yo‘g‘-e? – Oybek do‘stiga xavotirlanib qaraydi:
– E-e, unday bo‘lsa, tezroq uyingga borib muolaja qil!
Oybek haydovchisini chaqirib, do‘stini tashqarigacha kuzatib qo‘yadi.
Hisobli do‘st ayrilmas
Bag‘ri keng, saxovatli G‘afur akaning do‘stlari ko‘p edi. Moskvada ham do‘stlari bo‘lgan. Shulardan biri – o‘zbek shoirlarining asarlarini ruschaga ag‘dargan mashhur tarjimon Lev Penkovskiy edi. Alloma shoir bir gal haddi sig‘ib undan o‘ttiz so‘m (o‘sha davrdagi pul – Sh.O) oladi. Tarjimon har gal G‘afur akani ko‘rganda qarzini qaytararmikin deb ko‘zlariga mo‘ltirab tikilaveradi.
Kunlardan bir kuni G‘afur aka Moskvaga borib, restoranga kiradi. Nogoh qo‘shni stolda o‘tirgan Lev Minayevichga ko‘zi tushadi. Shoirning sho‘xligi tutib, bor ovozi bilan xitob qiladi:
– Lyova, idi syuda!
– Da, Gafurchik! – deya tarjimon yugurib keladi.
– Men sendan qancha qarz edim?..
– O‘ttiz so‘m, – deydi tarjimon suyunib.
– Ma, hozircha shuni olib tur! – deya G‘afur aka yigirma tiyinlik tangani uzatadi. – Endi qarzimdan yigirma to‘qqiz so‘m sakson tiyin qoldi. Bizda hisobli do‘st ayrilmas, degan gap bor. Sen qo‘rqma, puling menda qolib ketmaydi.
Madaniyatli ota
Kunlardan bir kun G‘afur G‘ulom Beshyog‘och bozori oldida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Komil Yashin bilan taniqli faylasuf olim Vohid Zohidovni ko‘rib qoladi. Bozor-o‘charni yaxshi ko‘radigan alloma shoir ularni birgalikda bozor aylanishga taklif etadi.
Uchovlon rastalarni aylanib, tomosha qilishadi. G‘afur aka sotuvchilar bilan talashib-tortishib savdolashishni yaxshi ko‘rardi. Ko‘p o‘tmay shoirning qo‘lidagi xaltalar turli meva-chevalar bilan to‘ladi. Bir mahal ro‘paradan mashhur musiqashunos olim, akademik Yunus Rajabiy chiqib qoladi. G‘afur aka yonidagi hamrohlarini akademikka ko‘rsatib, shunday hazil qiladi:
– Mana, Yunus aka, men ham madaniyatli ota bo‘lib, o‘g‘illarimni tomoshaga olib chiqdim.
Askiyani xush ko‘radigan Yunus aka maza qilib kuladi. Darhaqiqat, “o‘g‘illar”ning bo‘yi shoirning yelkasiga ham yetmas edi.
Tahrir
G‘afur G‘ulom topqirligi, hozirjavobligi bilan ham mashhur edi. Bir kuni Yozuvchilar uyushmasida mushoira bo‘ladi. Intellektual she’rlari bilan mashhur bo‘lgan shoir Asqad Muxtor keyinchalik muxlislar o‘rtasida tilga tushgan bir she’rini o‘qiydi:
Ikki narsa og‘ir ko‘nglimga asli,
Ikki narsa uchun yo‘q menda bardosh.
Biri – dushmanimning shod qahqahasi,
Biri – do‘st ko‘zida miltiragan yosh.
Hay’atda o‘tirgan G‘afur G‘ulom she’rdan ta’sirlanib, shunday luqma tashlaydi:
– Yaxshi she’r yozibsan, Asqad! Faqat “miltiragan” so‘zini “mo‘ltillagan” so‘zi bilan almashtirsang yanada ta’sirliroq chiqardi.
Atoqli shoirning tahriri bilan she’r yanada ochilib ketadi va shu tuzatish bilan e’lon qilinadi.
Shodmon OTABEK
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q