
Bilasizmi?
2001-yilda premyera qilingan Ron Hovard rejissyorligidagi “Tafakkur oʻyinlari” filmini kino ixlosmandlari juda yaxshi eslashadi. Bosh rollarni Rassel Krou va Jennifer Konnelini ijro etgan kartina senariysi Zulfiya (Silviya) Nazar kitobi asosida yozilgan.
Kelib chiqishi oʻzbek boʻlgan amerikalik iqtisodchi, jurnalist va yozuvchi Zulfiya Nazar 1947-yil 17-avgustda Germaniyada tugʻilgan. Otasi Roʻzi Nazar oʻzbek, onasi nemis boʻlgan qizaloqning oilasi 1951-yilda AQShga koʻchib oʻtadi. Silviya New York universitetida iqtisod boʻyicha magistr darajasini olgan va Nobel mukofoti sohibi Vasiliy Leontyev bilan hamkorlikda tadqiqotlar olib borgan. Uning jurnalistik faoliyati “The New York Times” va “Fortune” kabi nufuzli nashrlarda davom etgan.
Silviya Nazar 1998-yili nashr etilgan “A Beautiful Mind” kitobi orqali dunyoga taniladi. Bu asar matematik, Nobel mukofoti sohibi Jon Forbes Neshning hayotiga bagʻishlangan boʻlib, qahramonning oʻyinlar nazariyasi sohasidagi yutuqlari, shizofreniya kasalligi bilan kurashi va ilmiy muvaffaqiyatlari haqida hikoya qiladi. Kitob koʻp oʻtmay “National Book Critics Circle Award” mukofotini qoʻlga kiritdi va 2001-yili rejissyor Ron Xovard tomonidan suratga olingan filmga ilhom boʻldi. Film esa bir yoʻla toʻrtta Oskar mukofotini, jumladan, “Eng yaxshi film” nominatsiyasini, “BAFTA” mukofoti va boshqa turli nufuzli sovrinlarni qoʻlga kiritdi.
Kitobning muvaffaqiyati nafaqat Neshning ilmiy yutuqlarini koʻrsatgani, balki uning shaxsiy hayotidagi dramatik elementlarni, ayniqsa, ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolarni ochiqchasiga bayon qilganida edi. Nazar yozish jarayonida Neshning shaxsiy arxividan, doʻstlari va hamkasblari bilan suhbatlardan foydalangan, bu esa asarning teran oʻylantiruvchi va haqqoniy boʻlishiga yordam bergan. Biroq, kitobda ham, filmda ham Nesh hayotining baʼzi nozik jihatlari, masalan, shaxsiy munosabatlardagi murakkablik yoki ilmiy raqobatdagi nyuans[1]lar biroz soddalashtirilgan.
“Tafakkur oʻyinlari” asarining yaratilish jarayonida Silviya Nazar oʻz tadqiqotlari uchun katta hajmdagi material toʻplagan, ammo baʼzi maʼlumotlar kitobda yoki filmda toʻliq yoritilmagan. Masalan, Jon Neshning hayotidagi baʼzi shaxsiy munosabatlar, ayniqsa uning oilaviy hayotidagi murakkabliklar filmda deyarli koʻrsatilmagan. Nazar oʻz intervyularida Neshning shizofreniyasi tufayli oilasiga qanday taʼsir koʻrsatganini chuqur oʻrgangan, ammo bu maʼlumotlar filmda dramatik effekt uchun soddalashtirilgan.
Asarda “Nesh tenglamasi”ning iqtisodiyotga taʼsiri haqida kengroq maʼlumot berilgan, lekin kartinada bu jihat fon rejimida qolgan. Nazar oʻz tadqiqotlarida Neshning ilmiy muvaffaqiyatlarini kengroq kontekstda, yaʼni XX asr iqtisodiyoti va matematikasining rivojlanish tendensiyalari bilan bogʻlaydi, bu esa kitobni ilmiy jamoatchilik uchun yanada qimmatli qilgan.
Silviya Nazar haqida gapirganda, otasi Roʻzi Nazar hayotini eʼtiborsiz qoldirib boʻlmaydi. 1917-yili Margʻilon shahrida tugʻilgan Roʻzi Nazar hayoti XX asrning eng muhim siyosiy va tarixiy voqealari bilan chambarchas bogʻliq. U ikkinchi jahon urushi davrida SSSR armiyasida xizmat qilgan va nemislar tomonidan asir olingan. Urushdan soʻng AQSh Markaziy razvedka boshqarmasida (CIA) faoliyat yuritgan. U 1950-yillarda Turkiyada, Anqaradagi AQSh elchixonasida 11 yil xizmat qilgan va turli xalqaro operatsiyalarda ishtirok etgan. Xususan, Roʻzi Nazar Oʻrta Osiyo xalqlarining milliy harakatlarini qoʻllab-quvvatlash va SSSRga qarshi razvedka faoliyatida muhim rol oʻynagan. Uning faoliyatiga manbalarda turli xil baholar beriladi: baʼzilar “panturkist” sifatida koʻrsatsa, boshqalar uni SSSRga qarshi kurashgan murakkab siyosiy figura sifatida tasvirlaydi.
Roʻzi Nazar haqida yoritilmagan muhim maʼlumotlardan biri uning Oʻrta Osiyo xalqlari, xususan oʻzbeklarning milliy oʻzligini saqlashga qaratilgan saʼy-harakatlari bilan bogʻliq. U AQShda tashkil etilgan “Turkiston” jamoat tashkilotida faol ishtirok etgan va oʻzbek muhojirlar jamoasi orasida muhim shaxs sifatida tanilgan. Uning AQShdagi oʻzbek diasporasi bilan bogʻliq ishlari arxiv hujjatlarda keltirilgan boʻlsa-da, ular hali toʻliq oʻrganilmagan.
Ota-qiz oʻrtasidagi munosabatlar haqida deyarli maʼlumotlar uchramaydi, lekin Silviya otasining murakkab hayotidan ilhomlangan boʻlishi mumkin. Garchi bu tasdiqlanmagan boʻlsa-da, “Tafakkur oʻyinlari” asarida Jon Neshning shaxsiy va ilmiy hayotidagi kurashlar bilan Roʻzi Nazar hayotidagi murakkab siyosiy oʻyinlar oʻrtasida oʻxshashliklar boʻlishi mumkin.
Masalan, Roʻzi Nazar urush davrida SSSR va nemislar oʻrtasidagi murakkab siyosiy oʻyinlarda ishtirok etarkan, “oʻyinlar nazariyasi”dagiga oʻxshash strategik qarorlar qabul qilishga majbur boʻlgan. Jon Nesh ilmiy ishlarida oʻyinlar nazariyasini rivojlantirgan boʻlsa, Roʻzi Nazar real hayotda siyosiy “oʻyinlar”da ishtirok etadi. Ayni oʻxshashliklar sabab ham Silviya Nazar uchun otasining hayoti bilvosita ilhom manbai boʻlgani taxmin qilinadi.
Kozimjon OLIMOV
tayyorladi.
[1] Hayot davomidagi oʻxshash voqealarning mayda detallar bilan farqlanishi
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bir kuni...
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q