Armon bobo


Saqlash
10:07 / 03.07.2025 0 482

Ocharchilik zamoni edi. Bir tishlam qora non – anqoning urugʻi. Ochlikdan oʻlganlar son mingta. Tirik qolish umidida opasi bilan yoʻlga chiqqan Armonga endi bolalik armon. U shu kundan ulgʻayib qoldi. Ikkovlon bir luqma ilinjida koʻcha kezib, oxiri adashib qolishdi. Yoʻlda ochlikdan kunjara yeb, shishib oʻlganlarni koʻrsayam, toʻxtamay, qoʻrqa-pisa ketaverishdi. Ozgina oʻt-oʻlan, bir qultum suv topishsa, yurishda davom etishardi. “Opajon, bizga ovqat beradigan qarindoshimiz qolmadi. Qoʻrqmang, ota-onamiz oʻrniga man sizga yegulik topaman. Hali ovqati koʻp joylarga boramiz. Boy boʻlib ketsak, ochlarga non beramiz. Kelishdikmi?” Arang topilgan luqmani oʻzi yolgʻondakam yeganday qilib, ukasiga bergan opa jilmayishga urinadi. Uning yuzida qon yoʻq. Sillasi qurigan...

 

Har kech yoʻlda uchragan uylarda tong ottira-ottira ikkovlon yigirma kilometrlar masofani bosib oʻtishgach, qizginaning ahvoli juda ogʻirlashdi. Qadam bosishga-da madori qolmadi. Ukasi arang sudrab ketayotganida ikki marta yiqilib, hushidan ham ketdi. Oxirgi yiqilganida qoʻllarini ochishga urinib, lablari pichirladi. Uning ovoz chiqarolmay oʻqiyotgan duosi poyoniga yetmay, joni uzildi...

 

Sudralgudek yoʻlda davom etgan Armon ham koʻpga chidolmadi, oradan bir kun oʻtgach, kunchiqarga qaratib qurilgan uyning qarshisiga kelganda choʻkkalab qoldi, qaqrab ketgan lablari tamshandi, hushidan ketish oldi “suv, suv” deya pichirladi.

Armon koʻzini ochganda, ikki kampir unga termilib turganini koʻrdi. Asosiysi, xonada dasturxon, unda bir parcha qora non turgan ekan. Bolakay men oʻldim, jannatga tushibman, deb oʻylagandi oʻshanda.

 

Armon shu xonadonning erka farzandi boʻldi. “Uni Xudo yuborgan, mehr bersak, bu ocharchilik kunlarda Oʻzi bizni yolgʻizlatmaydi”, deyishdi, kampirlar. Uydagi yolgʻiz oʻgʻil esa ukalik boʻlganidan sevinar, birga oʻynaydigan sherik topilganidan xursandligini yashirmasdi. Akaning boʻylari choʻzilib, yigitlik davri kelganda Ikkinchi jahon urushi boshlandi. U birinchilardan boʻlib vatan himoyasi uchun frontga otlandi. U ketgach, Armon uydagi masʼuliyatni boʻyniga oldi. Yigitcha oʻlim oʻpqoniga yaqinlashgan onlarida mehrini, bir tishlam nonini darigʻ tutmagan oila uchun nima qilish kerak boʻlsa, barini qildi.

 

Umr shu zaylda oʻtardi. Ogʻir kunlar ham ortda qoldi. Armonning akasi qonli janggohlardan omon qaytdi, ukaning esa qarindoshlari topildi. “Ketmayman” deyishiga qaramay, jigarlari bir amallab olib ketdi. Armon bobo 101 yoshida foniy dunyo bilan xayrlashdi. Ammo, u oʻtgan yillar davomida ogʻir kunida oʻziga non-tuz berganlarni unutmadi. Bobo keksayib qolganida ham bogʻidan ikki chelak uzum uzib, 20 km masofani poy-piyoda bosib oʻtardi. Jiqqa terga botib kelganida yolvorardik: “Bobojon, iltimos, shuncha yoʻlga ogʻir yukni koʻtarib kelmang”. Befoyda, xoʻp derdilar-u, yanagi safar darboza oldida ikki paqir uzumni koʻtargancha jilmayib turaverdi.

  

Obid QOʻLDOSH

Foto: Sobir MUHAMMAD

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

11:09 / 17.09.2025 0 280
Qahramon

Bilasizmi?

14:07 / 15.07.2025 0 822
“Kimsan” aslida kim?

Bilasizmi?

15:07 / 10.07.2025 0 866
Ozodlik haykaliga kimning yuz qiyofasi olingan?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 228311
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 109994
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 58652
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 46272
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 42481
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 36364
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 34440
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 31844
Kompetentlik

//