Yangi yil tilaklari


Saqlash
22:12 / 30.12.2021 0 1023

Do‘stim Shisening otasi jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan hurmatga sazovor insonlardan edi. Kunlarning birida, uy vazifalarini bajarib o‘tirganimda, tashqaridan kimdir mening ismimni aytib chaqirayotgani diqqatimni bo‘ldi. Derazamiz tagida kulib turgan Shiseni ko‘rib, men ham beixtiyor jilmaydim.

– Tonggu, yur o‘ynaymiz!

– Kechir, do‘stim. Uy vazifalarini tayyorlayapman. Boshqa safar. Buguncha mensiz o‘ynay qol.

Gapimni tugatib, uyga kirib ketishimdan xavotirga tushgan Shise bir aylandi-da, menga sirli jilmayib: “Ha, mana, ko‘rib qo‘y, menda nima bor. Bugun olib berishdi”, dedi.

O‘rtog‘imning portfeli maqtanishga arzigulik edi.

– Judayam zo‘r! Xursandman. Yaxshi bor, – deya qo‘limni silkitdim.

– Bo‘pti, sen ham albatta shunaqasidan ol! Men ketdim, xayr.

Shise ham qo‘lini silkitgancha uyi tomon yurdi. U ketgach, qo‘lim dars qilishga bormay qoldi. Ich-ichimdan siqila boshladim. Shise mening eng yaqin o‘rtog‘im bo‘lsa-da, uning yangi sumkasini kitoblar og‘irligini zo‘rg‘a ko‘tarib turgan, eskirib ketgan portfelim bilan solishtirar ekanman, o‘zim bilmagan holda unga hasad qilayotganimni sezib qoldim.

Uy vazifalarini ham yig‘ishtirib onamning qoshiga oshiqdim. Unga yaqinlashar ekanman, ichimdagilarni aytish yoki aytmaslikni bilmay bir qarorga kelolmay, ancha qiynaldim. Sekin borib, yoniga cho‘kkaladim.

– Oyi… menga ham yangi portfel olib bera olasizlarmi?

– Portfel? Mayli… ammo yangi yilgacha sabr qilishingga to‘g‘ri keladi.

Bu so‘zlar menga juda yaxshi tanish edi. Bu oilamiz an’anasi. Biz aka-ukalar bahordan kuzgacha nimalar olinishi va yangi yilda bizga beriladigan sovg‘alar haqida xayol surardik. Biz bu kunning kelishini orziqib kutardik. Hali biror marta oilamiz an’anasi buzilmagan, ota-onamiz hali biror marta ham va’dalarini buzishmagan edi. Shunday qilib, bu safar ham yangi yilda orziqib kutgan sovg‘amga ega bo‘ldim.

Boshlang‘ich sinfni tugatib, o‘rta maktabga o‘tadigan kunlarim ham yaqinlashib qoldi. Oradan kunlar o‘tib, yangi yil ham eshik qoqdi.

Kunlarning birida dadam bizni o‘z xonasiga chorladi. Biz olti farzand barchamiz chordona qurib o‘tirib oldik. An’anaga ko‘ra, kichkinalardan boshlandi. U o‘zi istagan sovg‘ani aytdi, dadam esa daftarga yozib qo‘yaverdi.

Eng kichigimizga konfet, singillarimning biriga shishadan yasalgan marjon, keyingisiga esa sviter kerak ekan. Navbat katta singlimga keldi. U baland ovoz bilan: “Menga palto kerak!” dedi.

Onamning kulishga juftlangan lablari qotib qolgan bo‘lsa, otamning yuzi tundlashdi. Dadamning qalam tutgan qo‘llari qaltirab ketganini ko‘rdimu chuqur qayg‘uga botdim. Men charm tufli haqida aytishni mo‘ljallab turgandim. Ammo oilaviy sharoitimizni, jigarlarimning istaklarini ham inobatga olish zarurligi borasida o‘ylay boshladim.

Navbat menga keldi.

– Qani, Tonggu, sen nima istaysan?

Dilimdagi istagim tilimga boshqacha bo‘lib ko‘chdi.

– M-men-menga jun qo‘lqop kerak.

Dadam va oyim menga tikilib qolishdi. O‘sha tun hayotimdagi eng og‘ir tun bo‘ldi. Xonamga kirdimu ko‘rpamga boshimni burkab oldim. Xayolimda uyimizning eshiklaridan tortib shiftlarimizgacha chuqur qayg‘uga botgandek edi, go‘yo. Shu dam xonam eshigi ochilib, kimdir kirgandek bo‘ldi. Ko‘rpamga boshimni yaxshiroq burkab oldim-da, o‘zimni uxlaganga solib yotaverdim. Dadam ko‘rpamni asta ko‘tarib, boshimni ohista silarkan, siniq ovoz bilan: “Kuyunma, o‘g‘lim, bu kunlar ham o‘tadi, albatta, o‘tadi”, dedi-da, sekingina xonani tark etdi.

Bu yilgi yangi yilda men o‘z sovg‘amni oldim. Qo‘lqop ichida maktub ham bor edi. Bu onamdan ekan.

“Ota-onasining sevimli, jonkuyar o‘g‘li Tongguga! Yaratgan sendan o‘z marhamatini darig‘ tutmasin”.

Men xatni bukladim-da, qo‘lqopga qarab ko‘nglim juda ko‘tarildi. Sababi bu oddiy sovg‘a emas edi. Unga onamning cheksiz muhabbati jo bo‘lgandi. Maktubga qarab dadamning “Bu kunlar o‘tadi, albatta, o‘tadi”, degan so‘zlari quloqlarim ostida yangragandek bo‘ldi. Bu hayotimdagi eng bebaho sovg‘a edi.

 

I Mi E

 

To‘maris A’ZAM tarjimasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 27
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 22
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 97
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 198
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 516
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 933
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218671
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104452
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33605
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27250
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26260
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24761
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24721
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21618
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//