Hech kimsaga ishonmasang – sening fojiang


Saqlash
17:12 / 28.12.2021 0 930

 

Olishuv

 

Ko‘ksimga pichoq sanchdilar muloyimlik bilan. Sug‘urib olmadim. Ranjib qolishin istamadim dushmanlarimning.

Bu ko‘ngilchanligimdan bolalarim ta’zirini yedi.

Yaxshi odam degani aslida vahshiy ekan. Qotili ekan u o‘zining, yaqinlarining, avlodlarining.

Hayotimni boshidan boshlagim kelar gohida. Ammo yangi kunimni ham boshqarishga yetmaydi toqat.

Men isyon qilaman termilib ko‘kka.

O‘zimga o‘zim hukm o‘qiyman.

Endi chiqib kelar boshqa qiyofam.

Dushmanlarimning pichoq sanchish tugul so‘zlamoqqa majoli qolmas. Ezg‘ilab chiqaman ularning barin. Eng yomon odamga aylangan chog‘da – his qila boshlayman o‘zimning naqadar yaxshiligimni...

 

Mehrob

 

Har kimning sig‘inadigan joyi bo‘lsin ekan. Hech kimsaga suyanmasang, ishonmasang – sening fojiang. Jilla qursa, onangga to‘kib sololmasang dilda boringni. Sanamlarga gap otishdan ne naf?

Otangning metin kiftiga boshingni qo‘yolmasang. Qoyalardek yuksakka ko‘tarmasang otang poyini. Yashab yurmoqlikdan nima ma’no?

Akangni yaqin yo‘latmasang. Hasratingdan chang chiqmasa uning qoshida. Jigarlikning ma’nosi qayda?

Opa-singillaringga bir yo‘lovchidek vaqt topolmasang. Jiyanchalar tanimasa yaqindan seni. Oqibatdan lof urmoq uyat!

Qo‘ling ko‘kka cho‘zib nolalar qilsang. Ahd qilsang sig‘inib sajdada. Unutsang barini boshingni ko‘targan mahal. Bir kunda besh mahal yotib-turmoqlikda ne ma’ni?

O‘zingni farishta sanama. Burkanib yashama yolg‘onlaringga. Niqob tutma. Boringcha ruhingni mehrobga otgin!

 

Sirtmoqlangan  tafakkur

 

Men o‘z dilimda tug‘ilib kelayotgan sanoqsiz his-tuyg‘ular, isyonlar, istak va orzularni o‘ldirib turdim. Diydam qotib boraverdi. 

Alaloqibat, dunyoning eng baxtiyor odami bo‘lganim holda kunu tun g‘ussaga botib yashay boshladim. Og‘riqlar zo‘ridan yuragimning tub-tubida ingrayotgan musaffolik yashab qolishga hali imkon borligini uqtirayotgandek bo‘ladi. Men esa tuyg‘ularning payini qirqishda davom etaman.

O‘limdan, ayrilishdan hadiksirab yashayman. Biroq allaqachon nola chekishga arziydigan hech vaqo qolmaganini xayolimga keltirmayman. Mahkam yopishgan, hayotimni bag‘ishlayotgan “zanjir”larimni uzib tashlashni o‘ylab ham ko‘rmayman.

Chegara va qoliplar – tasavvurimdagi keng dunyo. Sirtmoqlangan tafakkurim yon-atrofni erkin kuzatishga-da bo‘ylatmaydi. Qo‘lu oyoqlarimgacha tang‘ib tashlangan holda zavqlanmay, hayajonlanmay, hayratlanmay yashayveraman. Ularning uzilishi jonimning chiqib ketishi bilan barobardek.

Endi ham qotil emassan, deb ko‘ring-chi!

Necha yillarki, bechora jonimga jabr qilib yashayman.

O‘lim bu – yashab ham yasholmasliging, deydi shoir. So‘nggi bora qotillik qilishga majburman.

Bu kecha o‘z Menimni o‘ldirib, uning murdasi ustida qahqaha otaman.

Ertaga sizning qarshingizga labda tabassum bilan yangidan tug‘ilgan O‘zim peshvoz chiqadi. So‘z beramanki, boshqa qotillikka qo‘l urmayman.

 

Tagi  ko‘rinib  qolgan  ko‘za

 

Ikki quloch yer, ikki gaz surp kifoya qilgulik tanimiz uchun ikki dunyomizni boy beramiz.

* * *

O‘ta jiddiylik bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Zotan, dunyoning yaratilishi qaltis hazilga o‘xshaydi.

* * *

Har tong peshvoz chiqaman, uyqusirab, ko‘zlarimni uqalab sening qarshingga. Xuddi bir narsadan quruq qolayotgan kabi yutoqib.

Uzoq kezinaman topa olmasdan. Qo‘limni siltayman oxir. So‘ng chayqab, artaman etaklaringga.

Har kun, takror-takror qidiraman seni, O‘zligim.  

* * *

Men o‘zimni tashlab yubordim. Osilib turgan to‘rlarimdan voz kechib.

Uchib borayapman... Qaerga qo‘nishni bilmayman.  

* * *

Teskari aksiomaga o‘xshaydi. Sevaman, deb qancha hayqirsam, shunchalar sevmayman. Sen esa sevinasan.

Men esa qo‘rqaman. Eng so‘nggi ilinjdan ayrilmoqlikdan.

* * *

Hech bo‘lmasa, o‘zimni aldamay yashayolsaydim. Senga yolg‘on so‘zlamasdim sira. Sirlarimdan do‘mpayib qolmasdi qabrim.  

* * *

Parchalanib yotgan o‘zligim siniqlarida aksim jilvalanadi. Ammo yaxlit Men emas. Allakimlardan yig‘ilgan yamoq.

Joyimda depsinib, qadam tovushlarimni kuyga o‘xshataman. Zavqlanib, maroq bilan davom etaman. Olamni navo bilan go‘zallikka burkamoqchi bo‘laman.

O‘zligim sochilar tevaragimga.

Men qachon o‘zingga qo‘shilaman, O‘zligim.

* * *

Oyoq-qo‘llaringiz bilan chirmashib vaqtni to‘xtatib qo‘ya olasizmi?

So‘nggi daqiqalaringizni o‘tkazayotgan bo‘lishingiz mumkinligini o‘ylang. Buyuk qudrat uyg‘onadi. O‘zingizni behisob sarmoya egasidek tutmang. Ko‘zaning tagi ko‘rinib qolganidan keyingi tavallolar behuda!

* * *

Ular shu darajaga kelgandilarki, tanballik bilan tavakkulni qorishtirib yuborgandilar.   

* * *

Insonlar uyqudalar, o‘lgach ko‘zlari ochiladi.

* * *

Hayotning shunday lahzalari borki, unga butun umringni baxsh etsang arziydi.

* * *

Insonga ba’zida bilishini bilmasligi, ba’zida bilmasligini bilmasligi pand berarkan.

* * *

Dunyo shu qadar omonatki, gohida nima uchun yozib o‘tirganimga tushunolmay qolaman.

* * *

Vaqt ichkarisiga ham cheksiz, deb yozadi adiblarimizdan biri. Nazarimda, olam ham o‘zining ichida cheksiz dunyolarga bo‘lingan. Birgina voqeaning ichida minglab hodisalar yashirin. Odamning qiymati ana shu olamlarni kashf qila olish darajasi bilan o‘lchansa ne ajab.

 

Aziz NORQUL 

Tafakkur jurnali, 2019-yil 4-son. 

Teskari aksioma

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 26
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 21
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 97
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 198
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 515
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 933
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218671
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104451
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33605
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27250
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26260
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24758
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24721
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21618
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//