“Dushanba ogʻir kun”, “Potyomkin qishloqlari”, “Beshinchi kolonna” –  mashhur iboralar tarixini bilasizmi?


Saqlash
19:01 / 14.01.2025 0 12

“Asrga tatigulik kun”. Bu ibora muallifi rus shoiri Boris Pasternakdir. U “Yolgʻiz kunlar” (1959) sheʼrida ilk bor mazkur iborani tilga olgan. Yozuvchi Chingiz Aytmatovning 1980-yil nashr qilingan “Boʻronli bekat yoki asrga tatigulik kun” romanidan soʻng ushbu ibora ommalashib ketgan.

 

“Aflotun doʻstim, ammo men uchun haqiqatning qadri undan ustun”. Yunon faylasufi Aflotun oʻzining “Fedon” asarida Suqrotga murojaat qilib: “Mening orqamdan ergashib, Suqrot haqida kamroq, haqiqat ustida esa koʻproq oʻyla”, deb yozgan. U bilan bahsga kirishib, Arastu: “Menga doʻstlarim ham, haqiqat ham qadrli, ammo burch haqiqat tarafida boʻlishni taqozo qiladi”, deb yozgan. Protestantizmning asoschisi Martin Lyuter esa “Aflotun doʻstim, Suqrot doʻstim, lekin haqiqatni afzal koʻraman”, deb yozadi. Ana shu fikrlarni umumlashtirib, ispan yozuvchisi, shoir va dramaturg Servantes “Don-Kixot” romanida (1615-yil) “Aflotun doʻstim, ammo men uchun haqiqatning qadri undan ustun”, degan fikrni bildirgan.

 

“Baliq boshidan sasiydi”. Bu ibora xuddi shunday tugal koʻrinishda ilk bor qadimgi yunon faylasufi, tarixchisi Plutarx asarlarida uchraydi. Biror bir jamoa, jamiyatdagi qusurlarga, eng avvalo, rahbar sababchi, degan maʼnoda qoʻllaniladi. Dunyodagi koʻpgina xalqlar bu iborani oʻz maqollari qatoriga qoʻshib qoʻyishgan.

 

“Balzak yoshi”. Bu ibora fransuz yozuvchisi Onore de Balzakning “Oʻttiz yoshli ayol” romani eʼlon qilingandan keyin paydo boʻlgan. 30-40 yoshlar orasidagi ayolni “Balzak yoshi”dagi ayol deb atash urfga kirgan.

 

“Beshinchi kolonna”. Mazkur iboraga bir necha kishi daʼvogarlik qiladi. Fuqarolar urushi davrida respublikachilarga qarshi kurashgan ispan generali Emilio Mola 1936-yili radio orqali qilgan murojaatida ilk bor ushbu iborani qoʻllagan deb hisoblashadi. General armiyani toʻrt kolonnaga boʻlib Madridga hujum uyushtiradi. Respublikachilar nazoratida boʻlgan Madridda millatchilarning tarafdorlari ham bor edi va aynan ularni general Mola “beshinchi kolonna” deb ataydi. Ushbu iboraning ommalashib ketishiga esa yozuvchi Ernest Xemingueyning “Beshinchi kolonna” (1938) romani sabab boʻlgan. Bugun mamlakat ichkarisida bosh koʻtarish uchun payt poylab turgan josus, xoinlarni “beshinchi kolonna” deb atashadi.

 

“Birovning nogʻorasiga oʻynash” iborasi qadimgi yunon tarixchisi Gerodotdan qolgan. U oʻzining “Tarix” kitobida shunday hikoya qiladi: “Eron shohi Kir Midiyani bosib olgandan soʻng, kichik osiyolik yunonlar maʼlum shartlar asosida unga boʻysunishlarini bildirishadi. Shartlarni eshitib, Kir ularga mana bu masalni aytib bergan ekan. «Bir surnaychi dengiz sohiliga kelib, baliq tutish ilinjida surnay chala boshlabdi. Surnay ovozini eshitib baliqlar oʻz-oʻzidan quruqlikka chiqadi, deb xomxayolga berilibdi. Bu usulning foydasi boʻlmagach, dengizga toʻr tashlab, juda koʻp baliq tutibdi. Toʻrda jonholatda oʻynab yotgan baliqlarni koʻrib, bas qilinglar, men surnay chalganimda oʻynamagan edilaring, endi oʻynashga balo bormi, degan ekan”. Chunki Eron shohi yunonlarni jang bilan boʻysundirishdan avval, ularga yaxshilik bilan taslim boʻlishni taklif qilgan. Bu taklif rad etilgandan soʻng yunonlar kuch bilan boʻysundirilgan. Magʻlubiyatga uchragan, hech qanday shartlarsiz ham yunonlar yurti va xalqi Eron shohi mulkiga aylangan bir sharoitda yunonlar “maʼlum bir shartlar” asosida boʻysunishga tayyor ekanliklari Kirning kinoyasiga sabab boʻlib, u yuqoridagi masalni aytib bergan. Bu ibora oʻz izmi-ixtiyori bilan emas, boshqa birovning irodasiga boʻysunib qilinadigan ishlar timsoliga aylangan.

 

“Boy berilgan avlod”. Ushbu ibora ilk marta amerikalik yozuvchi E.Xemingueyning 1926-yil nashr etilgan “Quyosh baribir chiqaveradi” romanida uchraydi. Bu ibora bemaʼni va besamar urushlar, turli yolgʻon siyosiy qutqular girdobiga tortilgan avlodlarning bekor ketgan umri, vaqti va faoliyatining timsoliga aylangan.

 

“Vaqt – bu pul”. Bu gapni ilk bor amerikalik olim va siyosat arbobi Benjamin Franklin “Yosh savdogarga maslahat” asarida aytgan. Franklinning bu fikri ishbilarmonlar, tadbirkorlar, bankir va savdogarlarning shioriga aylanib qolgan.

 

“Goʻzallik dunyoni qutqaradi”. Bu iborani rus yozuvchisi F.M.Dostoyevskiy “Telba” (1868) romani qahramoni tilidan aytgan.

 

“Davlat – bu men”. Ayrim tarixchilar bu gapni birinchi marta Fransiya qiroli Lyudovik XIV parlament majlisida aytgan desa, baʼzi muarrixlar Angliya qirolichasi Yelizavetaga tegishli deb hisoblashadi. Lekin tarixiy maʼlumotlarni taqqoslaganimizda, bu gap Lyudovikka tegishliligi aniq boʻladi. Lyudovikning yakkahokimlik siyosatiga baho berib gersog Sen-simon shunday yozadi: “Biror tomondan qarshilikka uchramagan Lyudovik oʻzining mutlaq hokimiyatida shaxsiy hokimiyatidan tashqari boshqa har qanday hokimiyatni tag-tomiri bilan yoʻq qildi. Qonunlarga tayanish va huquqni jinoyat deb bildi”. Bunday tushuncha keyinchalik hech narsa bilan hisoblashmasdan, mavjud qonunlarni oyoqosti qilib, faqat zoʻravonlik bilan davlat boshqarishning timsoliga aylangan.

 

“Dushanba ogʻir kun”. Oʻn oltinchi asr oʻrtasida Qozon xonligi Ivan Grozniy tomonidan bosib olgach, tatarlarni majburlab nasroniylik dinining pravoslav mazhabiga kiritish, yaʼni choʻqintirish boshlangan. Bu marosim nasroniylar uchun muqaddas kun hisoblangan yakshanba kunlari oʻtkazilgan. Bundan bosh tortganlarni esa dushanba kuni qattiq kaltaklab jazolashgan. Shu munosabat bilan “dushanba ogʻir kun” iborasi kelib chiqqan.

 

“Doʻstingning kimligini ayt, sening kimligingni aytaman”. Bu ibora ilk bor qadimgi yunon dramaturgi va shoiri Yevripidning asarlarida uchraydi. Ammo uni ispan yozuvchisi Migel Servantes “Don Kixot” (1615) romanida ishlatganidan keyin nihoyatda ommalashib ketadi.

 

“Yolgʻonning uch turi mavjud – yolgʻon, jirkanch yolgʻon va statistika”. Angliyaning 1874-1880-yillardagi bosh ministri Benjamin Dizraelga tegishli ushbu ibora ilk bor amerikalik mashhur yozuvchi Mark Tvenning 1924-yil nashr qilingan “Avtobiografiya”sida uchraydi. Shu bois boʻlsa kerak, koʻpgina manbalarda ushbu iboraning muallifi sifatida notoʻgʻri ravishda Mark Tven nomi tilga olinadi.

 

“Potyomkin qishloqlari”. 1783-yil Rossiya Qrimni bosib olganidan soʻng imperator Yekaterina II mamlakat janubiga safar qiladi. Safarda unga knyaz G.A.Potyomkin hamrohlik qiladi. Imperatorning koʻzi yoʻl-yoʻlakay adirlarda oʻtlab yurgan, semizlikdan tirsillab yorilay degan qoramollar galasiga, dehqonlarning uyum-uyum pichanlariga, qop-qop donu dunga, qishloqlarda qoʻshiq aytib raqsga tushayotgan shodon odamlar toʻdalariga tushadi. Butun Ukraina boʻylab bunday manzarani koʻrgach, Yekaterina II nihoyatda xursand boʻladi va fuqarolari toʻkin hayot kechirayotganiga ishonadi. Aslida esa bu Potyomkin tomonidan imperatorning koʻnglini ovlash uchun ustalik bilan uyushtirilgan tomosha edi, xolos. Qoplarga bugʻdoy oʻrniga qum solingan, xirmon shopirayotgan, oʻyin-kulgi qilayotgan, bashang kiyingan dehqonlar va semiz qoramollar bir joydan ikkinchi joyga koʻchirilardi. Safarda ishtirok etgan xorijiy elchilar bu koʻzboʻyamachilikni sezib, soxta toʻkinchilik va yashnab turgan qoʻnalgʻalarni kinoya bilan “Potyomkin qishloqlari” deb atashgan. Shu bois ushbu ibora koʻzboʻyamachilik, qashshoqlikni yashirishga qaratilgan soxtalikni anglatadi.

 

“Sariq matbuot” iborasi yengil-yelpi mavzularga oʻch, koʻpincha yolgʻon-yashiqdan iborat materiallar beruvchi toshi yengil matbuot nashrlariga nisbatan ishlatiladi. Uning paydo boʻlish tarixi esa quyidagicha: 1895-yil rassom Richard Autkoult “The World” gazetasida bir necha yumoristik ruhdagi rasmlarini chop ettiradi. Ushbu rasmlar ichida sariq koʻylak kiygan bolakay ham boʻlib, uning tilidan bir qator kulgili gaplar beriladi. Tez orada Amerikaning boshqa bir nashri — “New York Journal” ham xuddi shunday rasmlarni chop eta boshlaydi. Shundan keyin ikki gazeta oʻrtasida sariq koʻylakli bolakay rasmini kim birinchi chop etgani masalasida keskin bahs boshlanadi. Bahs shunday qizgʻin kechadiki, koʻpchilikning diqqatini tortadi. Va bunday bemaʼni bahsdan toʻyib ketgan amerikalik siyosatshunos jurnalist Ervin Uordeman 1896-yili maqola yozib, ikki gazetani nafrat bilan “sariq matbuot” deb ataydi (sariq koʻylakli bolakay rasmini nazarda tutib) va shundan soʻng bu ibora butun dunyo jurnalistikasiga kirib qoladi.

 

Jaloliddin SAFOYEV tayyorladi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

12:01 / 13.01.2025 0 303
Muallimdan tayoq yegan sulton

Bilasizmi?

09:01 / 07.01.2025 0 201
“O‘shakchi” ushoqchimi?

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 885
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 318
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 220442
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 105287
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 38270
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 31200
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 29961
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 28286
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 26521
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 24619
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//