Bilasizmi?
“Inson tun-u kun, tushi va o‘ngida, har daqiqa, tinimsiz ravishda yoniq ehtiros bilan nimani istasa, orzu qilsa, albatta shu narsaga erishadi. Masalan, men Nobel mukofotini olishni xuddi shu tarzda istayman”, dedi nihoyatda ishonch bilan Dmitriy Sergeyevich Merejkovskiy.
Uning Nobel mukofotiga zo‘r ishtiyoqi va istagi “yakshanbalik” ishtirokchilarining barchasiga ma’lum edi. Merejkovskiy o‘zining bu orzusini yashirish u yoqda tursin, aksincha, shaxsan o‘zi har daqiqada takrorlab turardi. U Nobel mukofoti adolat yuzasidan o‘ziga berilishi kerak deb bilar va faqat yolg‘iz o‘zini mukofotga loyiq hisoblardi.
– Bunin deysizmi? Axir, Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi? U bor-yo‘g‘i maishiy turmush haqida yozadigan va barchaning joniga tekkan – kechqurunlari quyosh botishi yoki yomg‘ir, qor yog‘ishi singari mayda-chuydalarni tasvirlovchi hayotnavislikdan nariga o‘tmagan. Bular kimga kerak? Kim bunga qiziqadi? “Arsenevlar hayoti”mi? Bu hech narsaga arzimaydigan dvoryanlikning yoshligi haqida uzundan uzoq, boz ustiga tabiat tasvirlari to‘lib toshgan xashakiroq asar. Yana bor bo‘lsa uch-to‘rtta jonga tegadigan ming‘ir-ming‘ir hikoyalar-u ortiqcha maqtalgan “Qishlog‘”i bor xolos. Aytgancha, men bu “Qishloq”ni yotog‘imdagi yozuv stolim ustida asrayman. Har ehtimolga qarshi. Uyqusizlikka duchor bo‘lganimda bu kitobni varaqlayman. Juda yaxshi yordam beradi, – dedi Merejkovskiy.
Qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib aytamanki, Merejkovskiy Buninni jiddiy raqib deb hisoblamasdi.
– Axir mukofotni beradigan sudyalar aqlidan ozmagan-ku, ular so‘qir kalamush emas-ku! Nahotki meni Bunin bilan tenglashtirib bo‘lsa?! – derdi u.
Lekin shunday bo‘lsa-da, u Bunin foydasiga olib borilayotgan targ‘ibot kampaniyasi haqida eshitib tahlikaga tushardi. Merejkovskiy mukofot Buninga emas, o‘ziga berilishiga to‘la ishonsa-da, har ehtimolga qarshi o‘z ta’minotini but qilib qo‘yishga qaror qildi.
1932-yil bahor kunlarining birida “yakshanbalik” ishtirokchilari oldida Buninga shunday taklif bildirdi:
– Ivan Alekseyevich, keling shartnoma tuzamiz. Mabodo Nobel mukofoti menga tegsa, sizga yarim pulini beraman, agar sizga tegsa, menga yarmini berasiz. O‘rtadan teng bo‘lamiz. Shundan ikkimiz ham sug‘urta qilingan bo‘lamiz. Shu yerda ishtirok etayotganlarning – u barchaga bir-bir nigoh tashladi – hammasi oldida mukofot pulini teng bo‘lamiz deb so‘z beramiz.
Biroq Bunin keskin bosh chayqadi:
– Yo‘q, bunaqasi ketmaydi, Dmitriy Sergeyevich. Men rozi emasman. Oldindan aytib qo‘yay – mukofotni hech kim bilan bo‘lishmoqchi emasman. Mukofotni sizga berishsa – baxtingiz, menga berishsa – u meniki.
Bir daqiqa ichida Merejkovskiyning chehrasidagi nur so‘nib, rangi bo‘zarib, qovog‘i osilib ketdi. U o‘zining bag‘rikengligiga (Merejkovskiy mukofot muqarrar ravishda menga tegadi deb o‘ylardi) bunday keskin javob olaman deb o‘ylamagan bo‘lsa kerak.
– Ixtiyoringiz, – dedi bo‘g‘iq ovozda Merejkovskiy. – Faqat afsuslanib qolasiz deb qo‘rqaman.
– Quyuq kofe ichida nima bor deb fol ochishdan foyda yo‘q. Tirik bo‘lsak ko‘ramiz. O‘zimni va’da bilan bog‘lab qo‘yishga sira toqatim yo‘q. Yulduzim porlashiga esa ishonaman, – dedi allaqanday g‘urur va ishonch bilan Bunin.
1934-yilning yanvar oyida biz Georgiy Ivanov bilan Rigadan qaytishimiz hamonoq Merejkovskiynikiga – “yakshanbalik”ka yo‘l oldik. Hali barcha bilan ko‘rishib, Zinaida Nikolayevnaning (Zinaida Nikolayevna Gippus Merejkovskiyning xotini va shoira. – Tarjimon) ko‘pdan ko‘p savollariga javob berib ulgurmasimizdanoq eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Hayajondan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan Zlobin:
– Bunin! – deb qichqirib yubordi.
Bu haqiqatan ham tarixiy daqiqalar edi!
Bunin yaqindagina Stokgolmdan Nobel mukofotini olib qaytgandi. Mukofotni olganidan keyin Merejkovskiynikiga birinchi va oxirgi tashrifi edi. Bunin Stokgolmga Nobel mukofotini olishga ketmasidan oldin Merejkovskiy tabrik uchun “Majestik” mehmonxonasiga yo‘qlab borib topolmay qaytgan edi. Bu holatni Zinaida Nikolayevna o‘zicha izohladi:
– Ataylab qabul qilmagan. Shaxsan qabul qilishga loyiq ko‘rmagan. Ivanning gerdayib ketganligi tushunarli. Endi u bizlarni oyog‘ining uchida ko‘rsatadi.
Xuddi shu payt Bunin, ha, ha, aynan “Buninning o‘zi!”, butun shon-shuhrati va ulug‘vorligi bilan kirib keldi. Zinaida Nikolayevnadan tashqari barcha o‘rnidan turib hurmat-ehtirom bilan joylarida qotib qolishdi.
Merejkovskiyning yuzi bo‘zarib, qaddi bukilganicha hammadan oldin shoshqaloqlik bilan Buninga peshvoz chiqdi. Barchamiz ketma-ket Buninni qutladik...
Bunin Shvetsiyaga safari va mukofotlash marsomini chiroyli va lo‘nda ta’riflab berdi.
Biroz o‘ziga kelgan Merejkovskiy Bunin tomon bir-ikki marta “nayza” otib ko‘rdi. Uning uchirma gaplarining birortasi nishonga aniq tegmadi. Bunin kinoya aralash jizzaki gaplarga mutlaqo e’tibor bermadi. Va Merejkovskiyning savollariga o‘sha, faqat ungagina xos zodagoniy ulug‘vorlik bilan javob qaytardi.
Shu payt yana eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Bu safar eshikni xizmatkor ochdi. Ostonada taniqli rassom X. turar edi. U o‘tirganlarga tezlik bilan, payqar-payqamas bir ko‘z tashlab oldida, xitob qila ketdi:
– Sharmandalik! Sharmandalik! Shu kunga ham yetib keldik! Buninga Nobel mukofotini berib o‘tirishibdi-ya! Sharmandalik-ku bu! – deb qichqirdi.
“Yakshanbalik”ka yig‘ilganlarning barchasi o‘tirgan joylarida xuddi tildan qolgandek jim qotib qolishdi. Bunday qo‘rqinchli sukunatni sezgan rassom atrofga diqqat bilan qardi-yu stulda o‘tirgan Ivan Alekseyevich Buninga ko‘zi tushdi.
– Ivan Alekseyevich! – uzuq-yuluq ovoz bilan yana bir bor qichqirib yubordi sho‘rlik rassom. Uning ko‘zlari qo‘rquv va uyatdan kosasidan chiqib ketgan, jag‘i qaltirar edi. U yugurib borib, tizza bukkanicha o‘zini Bunin quchog‘iga otdi va duduqlanib: – Men...men shunday xursandmanki, Ivan Alekseyevich! Tab... tabriklayman... Tabrikka kirolmadim... Chin ko‘ngildan...
Bunin o‘rnidan turdi va o‘zining betakror va tahqirli, masxaraomuz va kinoyali jilmayishi bilan rassomga qo‘l uzatdi:
– Rahmat azizim! Samimiy tabrigingiz uchun tashakkur!
Irina ODOYEVSEVA
Rus tilidan Jaloliddin Safoyev tarjimasi.
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q