Ayol – ibtidodan qismatiga kimgadir tegishli bo‘lish yozilgan zot; qo‘nimsiz, suvday shaklsiz ojiza. Lekin hamisha erkka, ozodlikka intiladi – dengizdek ko‘piradi, ummondek toshadi. Ozodlikka erishgach esa yana kimgadir suyanishni, kimningdir panohida bo‘lishni istaydi. Biz bilgan feminizm tadriji ham xuddi shu ko‘rinishda kechmoqda. Uning ilk kurtaklari bo‘y cho‘zgan yillar ayollar jamiyatdan “erkaklarning huquqlari”ni so‘ray boshladilar. Avval saylash, so‘ng saylanish haqini so‘rashdan boshlangan bu isyon endilikda hayotiy pozitsiya masalasiga ham daxl qilmoqda. Bu esa oila institutining yemirilib borishiga sabab bo‘lyapti. Biz bo‘lsa jarayonni jimgina kuzatib turibmiz-ku, lekin negadir tan olgimiz kelmaydi. (Oila institutining parchalanishi deganda – oila a’zolarining bir-biriga ishonmasligi, individuallikka intilishi, ishonchsizlik sabab bir-biriga pand berish kabi holatlarni nazarda tutmoqdamiz) Axir million yil oldin xalq tafakkuri bilan yaratilgan Medeya afsonasida ogohlantirish berilgan-ku insoniyatga. Agar bu afsonadan bexabar bo‘lsangiz, keling, birga nazar tashlaymiz:
Medeya – Kolhida qiroli Eyetning qizi, quyosh xudosi Heliosning nabirasi, jodugar ayol obrazi hisoblanadi. U otasining panohi ostida o‘sib-ulg‘ayayotgan kunlarning birida Yasonni uchratib qoladi. Erot Hera va Afinaning iltimosi hamda onasining topshirig‘iga ko‘ra muhabbat ma’budasi Medeyaga Yasonni sevdiruvchi ishq o‘qini otishi kerak edi. Evaziga onasi unga Zevsning kichkinaligida Adrasteya sovg‘a qilgan o‘yinchoqni berishiga kelishiladi. Anglaganingizdek, Medeya muhabbat qurboni bo‘ldi. (Afsonada sevgi o‘qi Yasonga ham otilgan yoki otilmagani borasida hech qanday gap yo‘q.) Bu qurbonlik bahosi otasiga xiyonat, akasiga o‘lim keltirish bilan belgilandi. Birinchi oila institutining parchalanishi shu tariqa kechgandi. Bunga sabab esa Yasonga yuklatilgan oltin chanoqqa erishish vazifasini Medeya o‘z bo‘yniga olgani edi, menimcha. (Bu xuddi hayotda ham erkakka berilgan huquqni ayol bajarishiga o‘xshaydi) Otasining uyidan "ozod" bo‘lgan Medeya endi vataniga sig‘masligini tushunib, boradigan joyi bo‘lmagani uchun Yasonning "qaramog‘"iga o‘tdi.
Ikkinchi oila parchalanishi esa Yasonning otasi Esonni yoshartirish nuqtasidan boshlandi. G‘alabalari sharafiga tashkillangan bazmga otasining qariligi sabab qatnasholmasligini bilgan Yason qattiq o‘ksinadi. Medeya esa muammoga yechim sifatida Esonni yoshartiradi. Bunga guvoh bo‘lgan shoh Peliyning qizlari otasiga yoshlik hadya qilishini so‘rab, Medeyaga yolvorishadi. Taxtni qaytarib olish imkoni tug‘ilganini sezgan Eson esa xiyla ishlatib, Peliyni o‘ldirishni kelinidan iltimos qiladi. Shundan so‘ng Medeya qizlarga otasini uxlayotganida olib kelishini va damlama qaynayotgan qozonga bo‘laklab solishlarini buyuradi. Qizlar otasini bo‘laklash uchun qilich ko‘targan vaqtda shoh ko‘zlarini ochadi. Qo‘rqinchli vaziyatga tushib qolgan qizlar uyat va andishaga chiday olmay hushdan ketishadi. Ammo yakunda baribir Medeya shohning bo‘laklarini qozonga soladi va malikalar hushiga kelguncha ajdar qo‘shilgan mahodada uchib ketadi. Shunga qaramay, u qilgan jinoyati uchun Yasonning vatani – Iolkdan haydaladi. Chunki bu Esonning intiqomi bo‘lsa-da, Medeyaning qo‘li bilan amalga oshirilgandi. Va u keyingi fojiani yetaklab keldi.
Quvg‘undi bo‘lgan Medeya eri Yason bilan Korinf shohi saroyidan panoh topishadi. Ular bu yerda 10 yil birga yashab, ikki farzand ko‘rishadi. Ammo Yason Korinf malikasi Glavkani sevib qolib, oilasiga xiyonat qiladi. Qirol Kreont ham qizini mashhur qahramonga uzatishdan mamnun edi.
Yasonning xiyonatidan talvasaga tushgan Medeya dahshatli intiqom haqida o‘ylay boshlagan kunlarning birida qirol Kreont unga mamlakatdan chiqib ketishi kerakligini aytadi. Bu Medeya uchun yana bir og‘ir zarba edi. Ayni damda Delfadan Troisenaga borayotgan Afina podshohi Egey yo‘l-yo‘lakay Korinfda to‘xtab, Medeyaning mehmoni bo‘ladi. Ayolning ahvolidan xabar topgach, Egey unga boshpana berishga va ozodligini ta’minlashga va’da beradi. Ammo evaziga uni farzandsizlik dardidan qutqarishi kerak edi. Medeya boshpanali bo‘lishiga ishonch hosil qilgach, dahshatli qasos rejasini amalga oshira boshlaydi. Avvaliga qirol Kreont va qizi Glavka zaharlangan kiyimdan o‘lishadi. So‘ng qasos alamida aqldan ozayotgan Medeya bolalarini o‘ldirib, ajdar qo‘shilgan aravada olib ketadi.