Bilasizmi?
Tafakkur degan so‘zning lug‘aviy ma’nosi fikrlash bo‘lsa-da, to‘g‘ri mazmun va ijtimoiy ahamiyat kasb etuvchi, aql va bilim, kuzatuv va tajribaga asoslangan, o‘quvchi uchun tushunarli shaklda ifodalangan fikrlarnigina tafakkur hosilasi deb hisoblash mumkin. Insoniyat deyarli hamma gapni aytib bo‘lgan, deydi ba’zilar. Ammo takror-takror aytib kelinayotgan ko‘hna gaplardan ham o‘z zamonasiga mos yangicha fikr, kelajak avlodga yetkazishga arzigulik yangicha mazmun kashf etish imkoni hamisha bor. Bu borada kashshoflik qilmoq uchun odam faylasuf bo‘lishi shart emas, fikrlashga chanqoq har kim buning uddasidan chiqishi mumkin. Asli mutaxassisligi fizik bo‘lgan Shernazar Qo‘shnazarov ham fikrlovchi zamondoshlarimizdan.
***
Ablah odamdan olingan “ablah” bahosi maqtovdek gap...
* * *
Ayrimlarning yalang‘och dunyosini kiyimi fosh qilib qo‘yadi.
* * *
Aqlsizlik va bilimsizlik orasida katta tafovut bor. Ilmsiz kishi aqlli bo‘lishi mumkin, lekin aqlsizga hech bir ilm kor qilmaydi. Voqean, aqlli odamning ilmsiz qolishi – noyob hodisa.
* * *
Bedavlatlikka ko‘ngan – badavlatdir.
* * *
Bolalikda sevib o‘qigan kitobingiz zeriktirdimi – qaribsiz.
* * *
Do‘stlar ulfatchilik uchun ham yaraydi, ulfatlar esa faqat ulfatchilik uchun yaraydi.
* * *
Yolg‘izlik – yolg‘iz qolish emas, ko‘pchilik ichida ko‘ngliga yaqinni topolmaslikdir.
* * *
Jinoyatchining jazosiz qolishida ham, begunohning jazolanishida ham bir jinoyatchi paydo bo‘ladi, bu – noodil hakam.
* * *
Imtiyozlar hamma uchun baravar bo‘lsa, imtiyoz emas, qoida sanaladi, qoidalar har kim uchun har xil bo‘lsa – beboshlik...
* * *
Inson izmiga bog‘liq bo‘lmagan hodisalargina tabiiydir.
* * *
Kecha sig‘ingan odamiga bugun tosh otadigan xalqning ertaga Xudo to‘g‘risidagi tushunchalari o‘zgarmasligi gumon.
* * *
Kimdir toblanadi, kimdir tovlanadi.
* * *
Kitobingiz chop etilishi cho‘zilib ketganidan tashvishdamisiz yoki asaringizning umri qisqarayotganidanmi?
* * *
Laganbardorlar o‘z qo‘li ostidagilarga beshafqat bo‘ladi.
* * *
Odamga ega mansablar bor, mansabga ega odamlar bor.
* * *
Ijodkor zakovatining cho‘qqisi – o‘zi o‘qimagan kitobga so‘zboshi yozib bera olishidir.
* * *
Poraxo‘rlarning boshqa jinoyatchilardan farqi shundaki, ular hech qachon ochiqchasiga uyusha olmaydilar.
* * *
Rost gapning ishontira olish qurbi oz, chunki u o‘qday to‘g‘ri – to‘siqlarni aylanib o‘tolmaydi; ishontirish uchun yolg‘on yaxshiroq, u sariyoqqa o‘xshaydi – to‘siqni aylanib o‘tolmasa ham, unga singib ketadi.
* * *
Saviyani yo‘l qo‘yilgan xatoga qarab ham bilish mumkin.
* * *
Siyosat – reallikka zeb bera olish va ehtimoliyni muqarrar deb ishontira bilishdir.
* * *
Sukut – ba’zan ahmoqqa javob, ba’zan ahmoqona javob.
* * *
Tanqiddan qo‘rqqan kitob yozmaydi.
* * *
Tarixchilari faqat o‘tmishni, siyosatchilari faqat kelajakni ulug‘laydigan xalqning buguni arosatdadir.
* * *
Tilyog‘lamalik – so‘z orqali beriladigan pora.
* * *
Tongga yetish yo‘li hamisha tun orqali o‘tadi.
* * *
U dunyo tashvishi bilangina yashovchi kishi bu dunyo uchun ham tashvishdir. U dunyo to‘g‘risida qayg‘urmaydigan kishi esa bu dunyo uchun qayg‘udir.
* * *
Xayriyatki, ajal pora olmaydi. Aks holda, dunyoda faqat pora bilan kun ko‘ruvchilar qolardi.
* * *
Xudoni qanday tasavvur etishingizga qarab, sizni tasvirlash mumkin.
* * *
Hatto namoz o‘qishingiz ham birovga xalal bermasligi kerak.
* * *
Hokimlik hukm o‘tkazish emas, hukm o‘tkazayotganini sezmaslik yoki sezdirmaslikdir.
Shernazar QO‘SHNAZAROV
“Rostning yolg‘ondan farqi”
“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 4-son
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q