Bilasizmi?
Epos xotira va orzuning chegarasida tug‘iladi. Kishi hayotida yorqin iz qoldirgan voqea, hodisalarni yo quvonch, yo afsus bilan yodlab saboq uqqani kabi, xalq ham hayot-mamoti bog‘langan ulkan hodisalarni avloddan avlodga o‘tkazadi. Bu “o‘tkazish”ning eng ommaviy shakllaridan biri EPOSdir. Doston tarix emas, ammo tarixiy voqealar saralanib uning mazmuniga o‘tadi.
“Alpomish”ning dunyo epik xazinasidagi “Mahobxorat”, “Ramayana”, “Odisseya” kabi dostonlar qatorida sanalishi bejiz emas. Xususan, “Alpomish” va “Odisseya” o‘rtasidagi yaqinlik Alpomish va Odisseyning uzoq ayriliqdan keyin o‘zga qiyofada yorining to‘yi ustiga kelib, raqiblarini jazolagan sahnasi bilangina cheklanmaydi. Sanab o‘taylik: Alpomishning bir ismi – Hakimbek – donishmand, oqil degani, Odissey esa “o‘ta dono”, “seraql” sifatlariga ega. Odissey Aidga otlanar ekan echkini qurbon qiladi. Alpomish zindonda vaqti Tovkaning serkasi zindonga tushadi, so‘ngra Kayqubod Alpomishga qurbonlik serkalarni tashlab turadi. Kirka va Tovka oyim, Qultoy va cho‘chqaboqar Yevmey obrazlari ham uyg‘un tasvirlanadi. Bu o‘xshashlik ildizlari juda qadimdan – xalqlar orasidagi, tafakkur tarzidagi yaqinlikdan dalolat beradi.
“Alpomish to‘qson qalmoq alpi, Toychixon bilan talashib, Barchinga uylandi. Kashalga ketgan o‘n ming uyli elatini yori bilan yurtiga olib keldi. Tarqoq xalqni birlashtirdi, yetti yillik Toychixon zindonidan ozod bo‘lgach, hamkori Kayqubotni Kashal taxtiga o‘tqazib, raqib yurtda hukmini yurgazib, o‘z mamlakatiga qaytdi. Yorining to‘yi ustidan chiqib, Qultoy qiyofasida el oralab, yaxshi yomonni bildi, Ultontoz zulmidan Boysin-Qo‘ng‘irot xalqini xalos qildi. Oilasini butladi. Adolatni tiklab, qayta yurt egasi bo‘ldi. Alpomish chinakam alp edi. Alpni o‘lim o‘ldirmaydi. Xalq Alpomishni “o‘tga solsa kuymas, qilich solsa o‘tmas, suvga tushsa botmas” qilib yaratgan. Bu sifatlar eposning komil INSON mezonlariga, timsollariga mos keladi. Olov – osmon, qilich – yer kuchlar, suv – yer osti olami, butun olam sarhadlari kuchlarini bog‘laydi.
Alp xalqning adolat o‘rnatuvchi botiri, ideal qahramoni.
“Alpomish” voqeasini “ayriliq” va “birlashuv” dostoni deb sodda mazmunga keltirish mumkin. Bir avlod “xato” qiladi, navbatdagi bo‘g‘im o‘nglaydi. Oila – saltanat tanazzulga yuz tutadi, yana qayta quvvatga enib, qad rostlaydi, o‘zligini namoyon etadi. Nima uchun aynan ushbu syujet paydo bo‘ldi? Nega barcha haqiqatlar ushbu voqea tizimida qurildi? Javobni epos yaratuvchisi bo‘lmish xalqning kechmishi, tarixi aytadi. Tarix sahnasida bugun o‘zbek nomi bilan tanilgan etnos kechmishda ayni holat eng dolzarb masala bo‘lganiga dalillar, misollar istalganicha topiladi. Bu kungacha “bo‘linib, birlashuv”ning “bol-u zahri”ni bizning ajdodlarimiz ko‘p totgan. Taqdirning oshig‘i tun-u kundek aylanib tushaverdi: Sohibqiron Amir Temur tuzgan saltanat nuradi... Uch xonlik bo‘ldi… ichki nizo, kelishmovchiliklar avjiga chiqdi. “Bo‘linganni bo‘ri yedi” – XIX asrning ikkinchi yarmida Chor Rossiyayasi yurtni bosib oldi. XX asr boshida qizil imperiya butunlay domiga tortdi. Yana vaqti yetdi, asr so‘nggida xalqimiz istiqlolga erishdi, mustaqil bo‘ldi… Davlatchilik an’analari qayta tiklandi…
Hayot faqat urush, ajralish-u birlashuvdan iborat emas. Bu dunyoda muhabbat degan buyuk tuyg‘u, kuch-qudrat borki, Insoniyat yer yuzida yashayapti.
Muhabbat Odamota bilan Momo havoni yerga olib tushdi, qonini qo‘shdi. Naslini ko‘paytirdi. Lekin bu qo‘shiluvning bahosi qimmatga tushgani sir emas. Naql qiladilarki, “ular jannatdan quvildi… Yerga tushirildi…” Yerdagi hayot esa quvonch va qayg‘u badalida kechadi…
Alpomish va Barchin ham Odamota va Momohavo taqdirini o‘ziga xos ravishda takrorlaydi. Alpomish va Barchin ajdodlari Odamotaga – Kishi, Momohavoga – Tishi deb ism berganlar.
Kishi va Tishi qoni yer yuzidagi har bir odam tomirida oqar ekan, ularning taqdiri ham takror-takror kelaveradi.
Epos bu taqdirlarni yig‘ib Alpomish va Barchin timsolida bizga oyna qilib ko‘rsatadi.
Shomirza TURDIMOV
“Epos va etnos” kitobidan.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q