“-ov”, “-ov”, “-vich”, “-vich” – milliy o‘zlik har birimizning ismi sharifimizdan boshlanadi


Saqlash
21:02 / 27.02.2024 2 3906

“-ov”, “-ov”... “-vich”, “-vich...

 

Hali sho‘ro zamoni edi, moskvalik bir olim do‘stim Nega sen A’zam-ovsan? deb qoldi. Hayron bo‘ldim: Familiyam shunaqa. Iya, sizlarda ham -ov qo‘shimchasi bormi? Ruschasiga ekan-da...

 

Arabcha-o‘zbekcha ismga tirkalgan bu qo‘shimchaning bema’ni, beo‘xshovligini ilk bor o‘shanda anglaganman. Darhaqiqat, men nega A’zam-ovman?

 

Bundan yigirma yillar muqaddam bir kitobim nashrga tayyorlanayotganda muharrir Xurshid Davron unga Erkin A’zam deb imzo qo‘yishni taklif qilgan, lekin men illo-billo ko‘nmaganman. Istiholaga borganman-da: shoir emasman, G‘afur G‘ulom yoki Abdulla Qahhor bo‘lmasam! (Bugun endi birov familiyamga -ov qo‘shib aytsa, ensam qotadi, hatto haqoratdek tuyuladi.)

 

Ha, kechagi zamonda o‘rtoq Falonchiyev atalmoq sharaf edi, jamiyatda ma’lum bir pog‘onani egallaganingizni anglatardi. Yalang Eshmat Toshmatdan ko‘ra, Eshmat Toshmatov, ayniqsa, Eshmat Toshmatovichning e’tibori, shubhasiz, baland edi. Bizning Boysunda Falonchi yuf bo‘pti!, U kishim endi yuf-da! degandek hasad-havas aralash gaplar ham yurardi.

 

Shoirimiz aytganidek, o‘zga erur imlo bu kun. Bugun endi nomingizni istagan shaklda yozdirishingiz, o‘zgartirishingiz yoki taxallus tanlashingiz mumkin. Ana, ilk she’riga qofiya qidirib yurgan bolalar ham o‘ziga Parvoz,Viqor deya taxallus qo‘yib olyapti. Zamon erkin, ixtiyori!

 

Istiqlolimizga peshvoz chiqqan dastlabki qonun davlat tili haqida edi. Unga ham o‘n yetti yil bo‘ldi. Lekin kamina hamon -ovman! Nega? (Albatta, gap men haqimdagina borayotgani yo‘q.) O‘sha tarixiy hujjatda ism-familiyamizni milliy-an’anaviy shaklda yozishga izn berilgan edi-ku! Shu choqqacha necha kishi bunga amal qildi ismi sharifini rasman o‘zgartirdi? Umuman, shunga shaxsiy va ommaviy rag‘bat bormi o‘zi?

 

E’tirof etaylik sezilmayapti. Loaqal eski ism-familiyalarning turli rasmiy hujjat yoki gazetalardagi imlosiga nazar soling. Ayniqsa, deputatlikka nomzodlar ro‘yxati yoki lavozimga tayinlovlar e’lon qilinganda ko‘rsangiz! Siz Do‘stqorayev deb yurgan odam Daskarayev bo‘lib chiqadi. Ortiq misol keltirishga hojat yo‘qdir, chunki rasmona to‘g‘ri yozilganini kamdan kam uchratasiz.

 

Insof bilan aytganda, 17 (o‘n yetti!) yil ozmuncha muddat emas. Bu davr mobaynida butun-butun davlatlarning ham nomi o‘zgarib ketgani ma’lum. Nega bo‘lmasa bizda bu qadar sustkashlik, hafsalasizlik?! Balki o‘sha qonunimizni amalga oshirish yuzasidan maxsus yana bir qonun kerakdir? Keyin uni bajarish uchun ham bir qonun... Axir, milliy o‘zlik degani o‘zimizdan, o‘zimizning nomimiz, har birimizning ismi sharifimizdan boshlanmaydimi? O‘zini bilgan mardum ismini buzib yoki o‘zgacha yot maqomga solib atashlariga qanday chidaydi? To‘g‘ri, bu ishning ma’lum rasmiyatchiliklari bor vaqt kerak, hafsala kerak. Lekin shunga hafsala qilmagan... millat sanaladimi? Ertaga bir kun buni avlodlarimizga nima deb tushuntiramiz?

 

-ov, -ov, -ov... -vich, -vich, -vich... Ohanrabongiz bunchalik zo‘r bo‘lmasa!

 

Erkin A’ZAM

 

2006-yil

2 Izohlar

Хуснидахон Имомалиевна

19:02 / 29.02.2024

Ассалому алайкум Ёшимиз каттарок булиб колди энди кандай узгартириш мумкин?

Jasurbek

06:02 / 29.02.2024

Juda to'g'ri gaplar bo'lgan Kadir nima uchun. Qodir emas kim uni buzdi Kadir degan ismi yo'qku Toshkentning yarm aholisi shu hatoni o'ziga sharaf deb biladi

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

16:02 / 19.02.2025 0 221
Tutilgan tutqun

Qatra

09:02 / 05.02.2025 0 461
Kampir uxlagan, xon-chi?

Bilasizmi?

09:02 / 05.02.2025 0 206
Qarg‘ish asli qoralashmi?

Bilasizmi?

18:01 / 31.01.2025 0 334
Mahmud Koshg‘ariyning eski zontigi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 221800
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 106048
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 42550
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 34468
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 32806
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 29028
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 27734
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 26495
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//