Sarlavhani o‘qib hayratlanmang, qanchalik g‘alati tuyulmasin dunyoda shunday joylar bor. U yerda o‘lish taqiqlangan. Bugun yer yuzidagi shunday cheklovlar bo‘lgan joylar haqida ma’lumot beramiz.
O‘lish yoki marhumni dafn qilish taqiqlangan joylar asosan Yevropada mavjud va tabiiyki bunday cheklovlar joriy etilishining ma’lum bir sabablari bor. Shunday shaharchalardan biri Ispaniyaning janubiy qismidagi Granada avtonom viloyatining tarkibiga kiruvchi Lanjaron shaharchasi hisoblanadi. Hududda o‘lim taqiqlanishi haqidagi qonun 1999-yil Granada shahri hokimi tomonidan imzolangan. Bunga sabab sifatida Lanjaron shaharchasida eski qabristonlar ko‘pligi va dafn qilish uchun bo‘sh joy qolmaganligi aytilgan. Qonunning yana bir qiziq tomoni shundaki, hududda nafaqat dafn qilishni taqiqlangan, balki eski qabristonlar butunlay tekislanib, qayta ochilmaguncha shaharchada yashovchi 4 ming kishining o‘lmasligi ham majburiy deb belgilanadi. Albatta, odamlar qonunga to‘liq bo‘ysunolmagan, o‘lganlarni qo‘shni shaharchalar qabristoniga dafn qilishda majbur bo‘lishgan.
Bunday taqiq faqat kichik shaharcha yoki qishloqlarda bo‘ladi deb o‘ylagan bo‘lsangiz yanglishasiz. Vafot etish taqiqlangan joylar ro‘yxatida o‘zining sohilbo‘yi plyajlari bilan butun dunyoga mashhur, Fransiyaning janubi-sharqidagi Le Lavandu kommunasi ham bor. Bu joyda o‘lishni taqiqlash haqidagi qonun 2000-yilda shahar meri tomonidan imzolangan. Qonunni joriy qilinishiga sabablardan biri mavjud qabristonlarning to‘lgani, yangisini ochishga joy qolmaganida edi. Bu muammo yuzaga kelishiga ham yetarlicha sabablar mavjud edi.
Birinchidan, hududning sokin va nisbatan iliq iqlimli sohillari har yili minglab ishqibozlarni o‘ziga jalb qiladi, sayyohlar uchun mehmonxonalar esa shaharning duch kelgan joyiga qurib tashlangan. Rejasiz va mo‘may daromadni ko‘zlab qilingan qurilishlar shahar infratuzilmasini juda yomon ahvolga olib keldi, natijada shaharda o‘likni ko‘mish uchun 2 metr joy topish katta muammoga aylandi.
Ikkinchidan, bu chekka hududda xalqaro aeroport yo‘q. Sayyohlar avtomobillarda soatlab tirbandlikda qolib ketishdan norozilik bildirishi sabab, ma’muriyat mahalliy ichki yo‘llarni kengaytirishga majbur bo‘ladi. Oqibatda o‘zi shundoq ham tanqis bo‘lgan yer yanada kamayadi.
Fransiyada o‘lish qonunan taqiqlangan joy faqat Le Lavandu emas. Mamlakat janubi-g‘arbida joylashgan Sarpurenks qishlog‘ida ham 2008-yildan beri o‘lim qat’iy taqiqlangan. Hatto kimdir vafot etsa qarindoshlari jazolanadi. Nega qoidalar juda keskin? Gap shundaki, qishloqda mavjud qabriston juda eskiligi va buzib qaytadan kengaytirilishi haqida buyruq chiqariladi. Biroq qishloqda yashovchi 300 nafar atrofidagi aholi qarorga jiddiy qarshilik qiladi. Bundan g‘azablangan mahalliy hokimiyat qishloqda o‘lishni taqiqlovchi qonunni imzolaydi va bu voqeadan so‘ng Sarpurenks qishlog‘ida yashovchi doimiy aholi soni yanada kamayadi. Hozirgi kunga kelib qishloqda barmoq bilan sanarli dehqonlar yashaydi xolos.
Shuningdek, Fransiyada nisbatan katta kommuna Kyunoda ham bemalol “o‘la olmaysiz”. Eski qabristonlar to‘lgani, ularni buzsa, turli kasalliklar tarqalishidan xavfsiragan Kyuno meri 2007-yilda yangi qabriston ochish maqsadida Tuluza departamentidan yer ajratishini so‘raydi. Biroq tuluzaliklar taklifni qabul qilmagach, Kyuno hokimi hududdagi qabristonlarda dafn qilishni taqiqlovchi qonunni imzolashga majbur bo‘ladi. Hujjat zaruratini to‘g‘ri tushungan kommuna ahli merni qo‘llab-quvvatlaydi va Tuluza viloyati vakillariga yer ajratmagani uchun noroziliklar bilan murojaat qiladi. Biroz vaqt o‘tgach Tuluza departamenti yer ajratishga rozi bo‘ladi va Kyunoda ham o‘lishga “ruxsat beriladi”.
Bu kabi antiqa qonunlar faqat aholi zich yashaydigan g‘arbiy Yevropada emas, balki keng hudud, nisbatan kam sonli aholiga ega shimoliy Yevropa, jumladan Norvegiyada ham mavjud. Cheklov yer tanqisligidan emas, balki mutlaqo boshqa sabab tufayli joriy qilingan. Norvegiyaning Svalbard orollari tarkibiga kiruvchi Longyir shaharchasida mingdan ortiq aholi yashaydi va u Yerning eng shimoliy aholi punkti hisoblanadi. Shahar yaqinida Svalbard aeroporti joylashgan bo‘lib, u dunyodagi eng shimoldagi aeroport. Shaharda Svalbard xalqaro universiteti va BMT shafeligida yer osti xalqaro o‘simliklar urug‘laridan namunalar saqlanuvchi ulkan ombor qurilgan. Global falokat yuz bergan taqdirda o‘simlik dunyosini saqlab qolishi kerak bo‘lgan ushbu muhim obyekt joylashgan hududda vafot etish va dafn qilish hukumat tomonidan bundan 86 yil oldin taqiqlangan. Taqiqning bir qator jiddiy sabablari mavjud.
Birinchidan, bu yerga jasad ko‘milganda ham bir necha yillar asl holida saqlanib turadi. Taqiq joriy qilinishiga bosh sabab ham shu edi. Voqea 1938-yilda bo‘lgan. Hududda ilmiy izlanish olib borish uchun kelgan olimlar 1917-yilda o‘tkir yuqumli virusdan vafot etgan odamning jasadini qazib olib o‘rganishadi. Jasad hech qanday buzilishlarsiz saqlangan edi. Uning chirimasligiga sabab Longyir havosining juda sovuqligi, yer ham deyarli muz qatlamidan iborat. Shundan so‘ng olimlar hukumatga o‘lganlarni dafn qilishni taqiqlashni taklif qiladi. Negaki, har qanday yuqumli viruslar bilan vafot etgan inson tanasida bir necha yil davomida saqlanib qolishi xavfi yuqori. Natijada virus boshqalarga yuqishi mumkin.