Bir kuni...
Hayot – olamning mavjudligi va namoyon boʻlishining eng murakkab shakllaridan biri. Hayotning xilma-xil turlari, shakllari borki, ular borliqning moddiy shaklini harakatga keltirishda, boshqarishda asosiy oʻrin tutadi. Hayotning eng murakkab shakli inson hayotidir. U inson ruhiyati, ongi, tafakkuri bilan chambarchas bogʻlangan. Har bir odamga bir martagina hayot kechirish imkoniyati berilgan. Insonning qadr-qimmati shu hayotni qanday oʻtkazgani bilan oʻlchanadi. Inson tabiati va hayoti u yashayotgan jamtdagi ijtimoiy muhitga ham bogʻliq. Barqaror jamiyatda insonlar sermazmun hayot kechiradi, beqarorlik hukm surayotgan davrlarda esa umr koʻpincha samarasiz oʻtadi. Demak, jamiyat qanchalik barqaror va farovon boʻlsa, unda yashaydigan insonlarning, kelgusi avlodlarning hayoti shunchalik baxtli va farovon boʻladi. Hayotning vujudga kelishi va mohiyati haqida hanuzgacha olimlar bir toʻxtamga kelishmagan. Har bir insonning hayoti takrorlanmas va oʻziga xosdir. Insonni, uning hayotini qadrlash – muhim ijtimoiy vazifa. Insonning yaxshi hayot kechirishi, bir tomondan, u yashayotgan jamiyatga bogʻliq boʻlsa, ikkinchi tomondan, tabiiy muhitga bogʻliq. Butun tarixiy taraqqiyot davomida inson bilan tabiat oʻrtasidagi munosabat takomillashib borgan. Inson tabiiy muhitsiz, suv, havo, quyosh va tuproqsiz yashay olmaydi. Bu unsurlar uning tirikchiligini taʼminlaydi. Yashash uchun bunday qulay sharoit faqat Yer sharida mavjuddir. Yerning hayot tarqalgan qismi biosfera deb ataladi.
Biosfera tirik mavjudotlarning hayot kechirish muhitidir. Agar Yer shari Quyoshga yaqinroq joylashganida, uning yuzasidagi harorat koʻtarilib, namlik, suv yoʻqolib ketgan boʻlar edi. Agar Quyoshdan uzoqda joylashganida, undagi harorat pasayib, hamma joy mangu muzlik bilan qoplanar edi. Xullas, har ikkala holatda ham Yer yuzasida hayotning paydo boʻlishiga imkoniyat tugʻilmas edi va hokazo. Demak, inson oʻzi uchun eng qulay boʻlgan joyda yashaydi. Insonning tabiiy muhitga taʼsiri qadimgi davrlarda kuchsiz boʻlgan. Davrlar oʻtishi bilan inson qoʻlida qudratli kuch-quvvat manbalari toʻplangan, uning tabiatga taʼsiri sezilarli darajada oshgan. Inson atrof-muhitni ifloslantirib, biosferadagi tabiiy muvozanatni izdan chiqara boshladi. Bu masalaning yechilishi insonning aql-idrok kuchiga bogʻliq. Inson aql-idrokining olamga taʼsir koʻrsatish chegarasi noosfera deb ataladi. Inson oʻzini anglamas ekan, uning sayyoramizga halokatli taʼsiri borgan sari kuchayib, oxir-oqibatda uning oʻzini ham halokat yoqasiga olib borishi mumkin. Hozirgi zamondagi ekologik muammolardan biri ham inson faoliyati tomonidan atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va bu halokatni toʻxtatib qolishdan iborat. Inson jamiyatda va tabiatda oʻzining tutgan oʻrnini toʻgʻri anglasa, atrof-muhitni asrabavaylaydi va Yer yuzini gullatib yashnatadi, hayoning bardavomligini taʼminlaydi.
Hayot mazmuni – insonning oʻz hayotiy maqsad-muddaolari maʼno-mohiyatini anglab yetishi, borliqning obyektivlashgan mazmunini oʻzlashtirishini anglatuvchi falsafiy tushuncha. Bu jarayon muayyan qadriyatlar – ajdodlar tajribasini maʼnaviy va moddiy-predmetli substratlarida oʻzlashtirish sharoitida yuz beradi. Inson oʻzlashtirgan borliq obyektivlashgan mazmunining natijalari uning faoliyatida maʼnaviy-madaniy, moddiy qadriyatlar, shaxslararo munosabatlar, xulq-atvor va xatti-harakatlarda – muloqot va xulq-atvor qadriyati sifatida namoyon boʻladi. “Mazmun” atamasining maʼnosi ilmiy adabiyotlarda tushunish, anglab yetish, aql-idrok, toʻgʻri fikrlash, xulosalar chiqarish qobiliyati, deb taʼriflanadi. Mazkur maʼnoda u nafaqat ong fenomeni sifatida koʻzga tashlanadi, balki mohiyatning oʻzgaruvchan olamidagi tafakkur jarayonini aks ettiradi. Shuningdek, “mazmun” atamasi muayyan predmetning inson uchun muhimligi, uni anglab yetish jarayonini ham nazarda tutadi. Bunda anglanayotgan predmetga (obyektga) inson muayyan “maʼno” yuklaydi. “Mazmun” atamasining 10 dan ortiq maʼnolari qayd etilgan. Masalan, “Inson oʻz hayotini anglab yetishi jarayoni va uning mahsuli sifatidagi mazmun” taʼrifi “inson hayotining mazmuni” tushunchasining maʼnosini toʻliq aks ettiradi. Bunda mazkur tushuncha muayyan insonning maʼnaviy tajribasini mujassamlashtiradi. Oʻz-oʻzidan ravshanki, har bir tarixiy davrda hayot mazmuni toʻgʻrisidagi masala oʻz mezonlariga muvofiq, dastlabki tushunishning muayyan tuzilmasiga koʻra dolzarblashadi.
Hayot mazmuni muammosini gnoseologik jihatdan quyidagi tarkibiy elementlarga ajratish mumkin:
1) hayot mazmuniga doir moʻljal subyekti, yaʼni oʻz hayotini anglayotgan inson;
2) mazmun obyekti yoki predmeti;
3) insonning refleksiv bilish – baho berish faoliyatidagi anglash jarayoni;
4) insonning anglash jarayoni sifatidagi mazmun natijalari;
5) mazkur natijalarning insoniyat moddiy va maʼnaviy madaniyati jarayonida obyektivlashuvi.
Insoniy qadriyatlar va hayot mazmuniga doir muammo irratsionalistik (E.Gartman), fenomenologik (E.Gusserl, M.Sheller), relyativistik (V.Diltey), neokantchilik (V.Vindelband, G.Rikkert), sotsiologik (E.Dyurkgeym, M.Veber) yondashuvlar doirasida jiddiy tadqiq etilgan. Tadqiqotchilar mazkur masala jamiyat doirasidan tashqarida, yaʼni oʻz holicha mavjud emasligi; ijtimoiy subyektlar ehtiyoj va manfaatlari bilan uzviy bogʻliqligi; tabiatan obyektiv, lekin subyektiv ifoda shakliga ega ekani; tarixiy jihatdan belgilangani; muayyan iyerarxiyaga ega tizim tashkil etishini qayd etadi. Hayot mazmuni insonning ichki dunyosi va oʻzini qurshab turgan borliqni bilish, unga baho berishdan iborat subyektiv-obyektiv dialektik jarayondir. Obyektning mazmuni subyekt “ichki dunyosi”ning “tashqi dunyo”dagi oddiy inʼikosi hisoblanmaydi, balki faoliyat jarayonida yuzaga keladi. Chunki predmet faqat faoliyatda maʼno-mazmun kasb etadi. Anglash jarayoni obyektning anglash predmetiga aylanishiga sabab boʻlgan subyekt faoliyati shaklining xususiyati bilan sifat jihatidan oʻzaro bogʻlanadi. Subyekt faoliyatining mazmuni uning motivatsiyasi obyektiga munosabati, subyekt uchun muhim xususiyatlarini aniqlash negizi hisoblanadi: hodisani anglash – insonning ijtimoiy-madaniy faoliyati tarkibiga qanday kirishi, ulardan nima maqsadda foydalanilishini aniqlash demakdir. Xususan, ilmiy bilish jarayonida dunyoni anglash borliqning ongda aniq aks etishi tamoyiliga tayanadi. Hayot mazmuni – inson oʻz maʼnaviy va moddiy-amaliy faoliyatini amalga oshirishning muhim usulidir. Mazkur amaliyot jarayonida inson kamol topadi. Insonning mohiyati uning hayotni anglab yetish va natijalarini maʼnaviy hamda moddiy-amaliy faoliyatda obyektivlashtirish qobiliyatida ifodalanadi. Xullas, hayot mazmuni insonning oʻz ichki dunyosi va oʻzini qurshagan borliqni anglab yetishi sifatida refleksiv-mushohada yuritishga asoslangan bilish – baho berish faoliyatining mahsulidir. Buning xususiyati shundaki, u bir vaqtning oʻzida ham oʻz ichki dunyosini, ham oʻzini qurshagan borliqni bilish va unga baho berishdir. Bunda oʻz hayot borligʻini teran anglovchi inson: birinchidan, oʻzini-oʻzi anglab yetishi va oʻziga baho berishi; ikkinchidan, oʻzini qurshagan dunyoni anglab yetishi va unga baho berishi; uchinchidan, mazkur harakat natijalarining dialektik nisbatini aniqlash imkoniga ega boʻladi.
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q