Bir kuni...
Hayo (arabcha uyat, sharm, ibo; or-nomus; kamtarlik, adab) – nojoʻya, nomaʼqul xatti-harakatdan tiyilish hissi, uyat, sharmni anglatuvchi tushuncha. Hadis hissi aslida “or”, “andisha” va “ibo” kabi maʼnaviy fazilatlar bilan yaqindir. Bu tushunchaning axloqiy mohiyati nafosat bilan uygʻunlashib ketadi. Hayodan odatda inson qizaradi, bu hol ayniqsa xotin-qizlarda botiniy goʻzallikni yaqqol namoyon etadi va ulardagi oʻziga xos nafislik, mayinlikni ifodalaydi. Insonning oʻzi sodir etgan yoki boshqalar vositasida amalga oshirgan axloqiylikka zid xatti-harakatlaridan noqulay vaziyatga tushishi, oʻngʻaysizlanishi, mulzam boʻlishi uyat hissida ham namoyon boʻladi. Lekin bu holatlar uyatda ijtimoiylik kasb etgani sababli, ular xatti-harakat sodir qilingandan soʻng ham davom etadi va koʻp hollarda vijdon azobiga aylanadi. Hayoda esa mazkur holatlar sof maʼnaviy tabiatga ega va vaqt doirasida cheklangan boʻlib, ular xatti-harakat sodir etilayotgan paytdagina yuzaga chiqadi. Hayo – Sharq xalqlariga xos boʻlgan axloqiy goʻzallikning gʻoyat koʻrkam va noyob koʻrinishi. Ayni paytda hayo milliy ruhiyat bilan yoʻgʻrilgan tushunchadir. Hayo erkaklarga nisbatan ayollar tabiatiga koʻproq mos boʻlib, qizlik hayosi, kelinlik hayosi, ayollik hayosi, onalik hayosi kabi tuygʻularda oʻz ifodasini topadi. Hayo kishining xulq-atvori, yurish-turishi, atrofdagilarga munosabati, kiyinishda sipoligi, birovning yuziga tik qaramasligi, andishali, or-nomusli boʻlishi, gapirganda oʻylab gapirishi, baland ovoz bilan gapirmasligi, qattiq kulmasligida yaqqol namoyon boʻladi. Sharq donishmandlari, xususan, Abu Lays as-Samarqandiy, Gʻazzoliy, Navoiy hamda Avloniy, Fitrat singari maʼrifatparvarlar hayoni yuksak axloqiy qadriyat sifatida baholab, uni odamlar oldidagi hayo va Alloh oldidagi hayoga ajratganlar hamda hayoni komillik belgisi, nomus timsoli, vafo bilan mushtarak tuygʻu deb taʼriflaganlar. Chunonchi, hazrat Navoiy nazdida “Karam va muruvvat ota va onadurlar, vafo va hayo ikki hamzod farzand. Har koʻngilnikim vafo maskan qilur, hayo ham qilur... Vafosizda hayo yoʻq, hayosizda vafo yoʻq. Har kimda bu ikki yoʻq – imon yoʻq... Komillar – ahli hayo va noqislar behayo”. Abdulla Avloniyning fikricha “Hayo – dilni ravshan qiladurgan bir nurdirki, inson har vaqt shul maʼnaviy nurning ziyosiga muhtojdir… Iffatning pardasi, vijdonning niqobi hayodir”. Paygʻambarimiz (s.a.v.) “Hayo imondadir, imon esa jannatga eltadi”, “Hayo bilan imon bir-biriga bogʻliq, biri ketsa, ikkinchisi ham ketadi”, – deya marhamat qilganlar. Hayo inson qalbi, tuygʻulari, tashqi qiyofasida namoyon boʻladigan, iffat va nazokatini oshiradigan aql-farosat gulshanining toza gulidir. Azaldan ayol – hayo ramzi sifatida qadrlanib kelinadi. Hayoli ayol oilaning nomusi, erining huzur-halovati, farzandlarining mehriboni, xonadon ravnaqi, odamlarning duru gavharidir. Bunday ayollarni xalqimiz hayoli va vafoli deb biladi. Hayo odamlarga ozor bermaslik, aybu nuqsonlarni qidirib, yuziga solmaslik va oʻzidagi yoqimsiz feʼl va gaplarni izhor qilmaslikdir. Hayotdagi har bir narsani koʻrish, bilish, uning qadr-qimmatini idrok etish, oʻylab ish yuritish hayo tuygʻusining yuksakligidan dalolat beradi.
Hayo – bu poklik, sabr-bardosh, qanoat, odob, ixlosdir. Ayol kishidan hayo ketsa, oilada fayz boʻlmaydi. Hayosiz kishilar or-nomusini, doʻstlik va sadoqatni ham oyoq osti qilishdan tap tortmaydi. Hayo vijdon bilan bevosita bogʻliqdir. Vijdonsiz odamlarda hayo boʻlmaydi. Shu bilan birga, hayoning vijdondan farq qiluvchi jihatlari ham mavjud. Vijdon koʻproq tashqi muhit bilan bogʻliq boʻlsa, hayo tuygʻusi insonning oʻz xatti-harakatlarini boshqalar nuqtai nazaridan baholashi bilan bogʻliq. Hayo tuygʻusi bolalik chogʻlaridanoq shakllanadi va rivojlana boshlaydi. U insonlarni notoʻgʻri va axloqqa zid xatti-harakatlardan, kishilarning manfaatlari, dunyoqarashi, jamoa urf-odatlari va rasm-rusumlariga mos kelmaydigan ishlardan tiyib turadi. Shu maʼnoda, hayo nojoʻya xatti-harakatlardan oʻzini tiya olish, uyalish hissidir. Hadislarning birida aytilishicha, odam, eng avvalo, oʻzidan uyalishi kerak. Nojoʻya qilmishi uchun oʻzidan uyalgan odam oʻzgaga ham nojoʻya xatti-harakatni ravo koʻrmaydi. Xalqimiz orasida “Hayosiz” yoki “behayo” atamalari qoʻllanganda, uyatsiz ish qilib xijolat chekmaydigan, beadab kimsalar tushuniladi. Oʻzida hayo tuygʻusi boʻlmagan odam oʻzgadan hayoli boʻlishni talab qila olmaydi. Hayolilik kishining maʼnaviyatli, maʼrifatli, nomusli, ochiq koʻngilli ekanini anglatadi, uning ziddi hayosizlik esa, aksincha, maʼnaviyatsizlik, nopoklikka moyillik, bagʻritoshlik kabi illatlar bilan xarakterlanadi. Hayoli odamlarda rostgoʻylik, shirinsoʻzlik, yaxshilikka yaxshilik qaytarish, oʻz yoriga vafodorlik, doʻstlikni qadrlash kabi yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlar mujassamlashgan boʻladi. Bugungi kunda ham hayolilik gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Globallashuv, turli tamaddunlarning oʻzaro aloqalari, yaqinlashuvi, urbanizatsiya, modaparastlik, isteʼmolchilik kayfiyatlarining kuchayishi qadriyatlarga salbiy taʼsir etishi, shu jumladan, hayo hissining susayishiga olib kelishi mumkin. Husayn Voiz Koshifiy hayo taʼkidlaganidek, “Hayo va andisha dunyoda tartib saqlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Hayo yoʻqolsa, hech kimda vijdon ham qolmaydi. U holda dunyoda tartib buziladi. Kishilar bir-biriga befarq qaraydigan boʻladi”. Shu bois, oila va maktabdagi taʼlim-tarbiya jarayonida hayolilik xulqiy goʻzallik, nazokat; Hayosizlik esa axloqsizlik va qoʻpollik ekanini uqtirish, shaxs erkinligi oʻzgalarga nisbatan munosabatda masʼuliyat bilan bogʻliqligini izchil ravishda tushuntirib borish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q