Bilasizmi?
Teri oshlovchining attorlar rastasida atru mushk hididan koʻngli aynib, behush boʻlib yiqilgani
Bir teri oshlovchi xush iforli attorlar bozoridan oʻtarkan, kutilmaganda oʻzini yomon his eta boshladi. Saxovatli attorlar taratgan ifordan boshi aylanib, joyida qulab tushdi. Kun yarmigacha yoʻl oʻrtasida oʻlikday behush boʻlib yotdi. Bu orada odamlar uning atrofida toʻplanishdi, hamma “Ey Olloh, Oʻzing madad ber!” deb unga yordam berishga harakat qilardi. Biri uning koʻksini kafti bilan ishqalar, yana biri gulob separdi. “Giyohzor” aro bu ish uning boshiga ana shu gulob tufayli tushganidan u bexabar edi. Kimdir qoʻllari va boshini uqalar, yana kimdir somonli loy[1] topib keltirardi. Kimdir ud[2]ga shakar qoʻshib tutatar, boshqasi egnidan liboslarini yechardi. Kimdir tomir urishini tekshirar, yana kimdir ichmaganmi yoki nasha-pasha chekmaganmikan, degan oʻyda uning ogʻzini hidlab koʻrardi. Koʻnchining behush boʻlib yiqilgani sababini bilolmay, hamma hayron edi. Soʻng uning qarindoshlariga shosha-pisha: “Falonchi negadir falon joyda hushsiz yotibdi”, deb xabar berishdi. Dardi xuruj qilib, hammaning oldida yiqilib yotganining sababini hech kim bilolmasdi. Davangirday koʻnchining bir ziyrak va ogoh akasi bor edi, u tezda voqea sodir boʻlgan joyga yetib keldi. Bir boʻlak it goʻngini yengining ichiga yashirib, odamlarni chetga surib, oh-voh qilgancha ukasiga yaqinlashdi va: “Men unga bu dard qayerdan kelganini bilaman”, dedi. Darhaqiqat, dardning sababi maʼlum boʻlsa, unga davo topish oson kechadi. Agar sababi nomaʼlum boʻlsa, dardni davolash qiyin va yuzlab bahonalar qator turadi. Sababni bilish ishni osonlashtiradi va gʻofillikni bartaraf etadi.
Koʻnchining akasi oʻziga oʻzi derdi: “Uning miyasi va tomiriga it goʻngining hidi singib ketgan. U non topish ilinjida ertayu kech beligacha axlatga botib teri oshlash bilan band. Buyuk Jolinus[3] ham: “Xasta nimaga koʻnikkan boʻlsa, unga oʻshani bering”, deb aytgan. Axir, uning kasalligi odatiga zidlikdan kelib chiqadi, shunday ekan, kasaliga malhamni odatidan izla. U goʻng tashiyverib goʻng qoʻngʻiziga aylangan, gulob goʻng qoʻngʻizini hushidan ketkizadi. Shunday ekan, it goʻngi unga malhamdir, chunki u shunga koʻnikkan va moslashgan”.
“Nopok ayollar nopok erkaklar uchun” [4] oyatini oʻqi va buning maʼnosini yaxshilab uqib ol. Najot eshigini ochish uchun uni gulob va mushk bilan davolamoqchi boʻladilar. Bu toʻgʻri ish emas, ey sodiq doʻstlar, nopok odamlar uchun pok malhamlar mos kelmaydi! Vahiyning hididan yuz oʻgirganlari va adashganlari uchun “...biz sizlar tufayli bebaxtlikka uchradik” [5] ularning nola-yu faryodiga aylandi. Ular dedilar: “Bu soʻzlar biz uchun mashaqqat va xastalikdir. Sizning nasihatingiz bizga ezgulik ramzi emas![6] Agar ochiqdan-ochiq nasihat qiladigan boʻlsangiz, sizlarni toshboʻron qilamiz! Biz oʻzimizni pand-u nasihatlar bilan emas, bemaʼni puch soʻzlar va safsatalar bilan oziqlantirganmiz. Biz yolgʻon, lof va firibgarlikdan kuch olamiz, bu nasihatlar qornimizni ogʻritadi. Sizlar dardimizni yuz karra oshirib va kuchaytirib, aqlimizni afyun bilan davolamoqchi boʻlasizlar!” [7]
Akasi davolash uchun qilgan chora-tadbirini odamlar koʻrmasligi uchun ularni oʻzidan uzoqlashtirdi. Nimadir demoqchiday ukasining qulogʻiga egilib, hech kimga sezdirmay, qoʻlini uning burniga tutdi. Qoʻliga it goʻngi surkalgan edi, aynan shu malham uning nopok miyasiga shifo boʻlishini anglardi. Biroz vaqt oʻtib koʻnchi qimirlay boshladi. Odamlar hayqirib yubordi, “Bu hayratomuz afsun! Yigit qulogʻiga afsun oʻqidi, kuf-suf qildi, u oʻlgan edi, afsun uni qutqarib qoldi!” deyishdi. Qayerdaki koʻz suzib qosh qoqish, zino boʻlsa, nopoklar oʻsha tomonga qarab intiladilar. Kim nasihat mushkidan foyda koʻrmasa, beixtiyor sassiq hidning asiriga aylanadi. Axlatda tugʻilgan qurt hech qachon oʻz tabiatini xushboʻylikka moslashtira olmaydi! Chunki Haq mushriklarga qatra Nur ato etmagan[8], ular butkul teriga oʻxshash yuraksiz tanadir. Agar Xudo ularga Nur ato etganida edi, xuddi Misrdagidek goʻng joʻja ochgan boʻlardi[9]! Ochganda ham oddiy uy joʻjasini emas, ilmu hikmat joʻjasini ochgan boʻlardi.
Bir baqqol tarozisining toshi gilvatadan boʻlib, u oq qand oʻlchayotganda bir kesakxoʻr xaridor oʻsha gilvatani yashirincha oʻgʻirlagani
Bir kesakxoʻr kimsa baqqolning oldiga kallaqand sotib olgani keldi. Makkor baqqol esa bir parcha kesakni tarozi toshi oʻrnida ishlatardi. U dedi: “Aytib qoʻyay, kallaqand olmoqchi boʻlsang, men tarozi toshi oʻrnida kesak ishlataman”. Kesakxoʻr dedi: “Menga, kallaqand kerak, tarozi toshi esa xohlaganingcha boʻlaversin”. Oʻzicha oʻyladi: “Kesak yeydigan odamga tosh nima kerak? Kesak oltindan afzalroqku! Bu xuddi sovchining: “Ey yigit, men juda chiroyli kelin topdim! U juda chiroyli, ammo bir ammosi bor, u maʼsuma holva sotuvchining qizi”, deganiday, yigit esa: “Shunday boʻlsa, undanam yaxshi, uning qizi doʻmboq va shirin boʻladi”, deb javob berganiday gap. Agar sendagi tarozining toshi kesakdan boʻlsa, ayni muddao, kesak jonimning huzuri-ku!”
Baqqol kallaqandni oʻlchash uchun tarozining bir pallasiga kesakni qoʻydi. Tarozining boshqa pallasiga qoʻyish uchun oʻsha kesakning ogʻirligiga moslab kallaqandni sindirishga tutindi. Teshachasi yoʻqligi sababli uzoq vaqt kallaqand sindirish bilan band boʻlib, xaridorni kuttirib qoʻydi. U boshqa tomonga qararkan, kesakxoʻr toqat qilolmay, tarozi pallasidagi kesakdan yashirincha oʻgʻirlay boshladi. U nogoh baqqolning koʻzi tushib qolishidan qoʻrqib, qaltirardi. Baqqol buni payqagan boʻlsada, oʻzini band qilib koʻrsatdi va oʻyladi: “Oʻgʻirla, koʻproq oʻgʻirlayqol, ey zahil bashara! Sen mening kesagimni oʻgʻirlar ekansan, oʻz biqiningdan uzib olyapsan, davom etaver! Sen ahmoqliging tufayli mening koʻrib qolishimdan xavotirdasan, men esa sening kamroq yeyishingdan xavotirdaman. Garchi band boʻlsamda, sen chuv tushiradigan darajada ahmoq emasman. Kim ahmoq va nodonligini kallaqandni tarozida tortib koʻrgandan keyin bilasan.
Qush donga suqlanib qararkan, don ham uzoqdan talonchilik bilan shugʻullanadi. Koʻz zinosidan lazzatlanganing bu oʻz biqining goʻshtidan kabob yeganing emasmi? Olisdan tashlangan bu nazar zaharli oʻq kabidir. Ishtiyoqing ortgani sayin sabring kamayib boradi. Bu dunyoning moli ojiz qushlar uchun, oxirat mulki esa sharif qushlar uchun tuzoqdir. Noyob va asil qushlargina oxirat mulkining tuzogʻiga ilinadilar!
Jaloliddin Rumiy
“Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar
Nasriy bayon mualliflari:
Odil IKROM, OYDINNISO
[1] Somonli loy – asosan, devorlarni suvash uchun ishlatiladi. Xalq tabobatida bu qorishma mizoji sovuqlarning badaniga surtilganda isitma va bezgakni bartaraf etishda samarali vosita hisoblangan.
[2] Ud – tutatilganda xush boʻy taratadigan yogʻoch.
[3] Jolinus – Galen Klavdiy (taxm. 129, Pergam – 201, Rim) – qadimgi rim shifokori va tabiatshunosi. Sharqda Jolinus hakim nomi bilan mashhur. Tibbiyot va falsafaga oid koʻplab asarlar muallifi.
[4] Nopok ayollar nopok erkaklar uchun, nopok erkaklar nopok ayollar uchun (loyiq)dir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchun, pokiza erkaklar pokiza ayollar uchun (munosib)dir... (“Nur” surasi, 26-oyat).
[5] (Shahar xalqi:) “Darhaqiqat, biz sizlar tufayli bebaxtlikka (shumlikka) uchradik (qahatchilik keldi). Agar (bu daʼvatni) bas qilmasangizlar, albatta, sizlarni toshboʻron qilib oʻldirurmiz. Va (shu yoʻsin) bizdan sizlarga alamli bir azob yetar” – dedilar (“Yosin” surasi, 18-oyat).
[5] Toki (Alloh bunday qilish bilan) shayton tashlaydigan narsani qalblarida bir xastalik borlarga va qalblari qattiqlarga imtihon (boisi) etsin. Darhaqiqat, zolimlar uzoq tafriqa domidadirlar (“Haj” surasi, 53-oyat).
[6] Toki (Alloh bunday qilish bilan) shayton tashlaydigan narsani qalblarida bir xastalik borlarga va qalblari qattiqlarga imtihon (boisi) etsin. Darhaqiqat, zolimlar uzoq tafriqa domidadirlar (“Haj” surasi, 53-oyat).
[7] Allohning paygʻambarlarini inkor qiluvchi odamlar ularga: soʻzlaringiz aql uchun afyundir, ular aqliy qobiliyatni zaiflashtiradi xolos, deyishadi.
[8] Hazrati Ibni Umar (r.a.)dan: “Alloh taolo zamin ahlini zulmatda yaratdi. Keyin ularga nuridan sochdi. Bu nur kimlarga tekkan boʻlsa, iymon keltirdi. Kimgaki tegmagan boʻlsa, u zalolatda qoldi. Oʻzgarish boʻlishi endi imkonsiz. Taqdir qilinganlar sodir boʻlgusi” (Imom Ahmad, Termiziy, Ibni Jarir, Tabaroniy, Hokim, Bayhaqiy rivoyati).
[9] Misrlik dehqonlarning joʻja ochirishda tuxumni iliq goʻng ichiga qoʻyish odatiga ishora.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q