Gʻoyaviy tajovuz. Gʻoyaviy qaramlik


Saqlash
17:12 / 29.12.2023 0 615

Gʻoyaviy tajovuz – muayyan bir jamiyat, millat, ijtimoiy qatlam yoki guruh ongi va ruhiyatiga tashqaridan oʻtkaziladigan mafkuraviy xuruj, begona va yot maqsad-manfaatlarga xizmat qiladigan gʻoyaviy bosqinchilik. Tarixda gʻoyaviy tajovuz harbiy istilo, siyosiy tazyiq va iqtisodiy iskanja choralari bilan bogʻliq holda olib borilgan. Masalan, Aleksandr Makedonskiy Oʻrta Osiyo xalqlarini bosib olar ekan, ularni itoatda tutib turishni oʻylab, katta gʻoyaviy tajovuzni amalga oshirgan. Beruniyning guvohlik berishicha, u birinchi boʻlib yerli xalqning moʻtabar kitobi “Avesto”ni tortib olish, uning bir qismini oʻz yurtiga yuborish, qolganlarini butunlay yoʻq qilib tashlashga buyruq bergan edi. Negaki, ezgulik va yovuzlikning nimadan iborat ekanligini ajr atib beruvchi, tushuntiruvchi va amaliy hayotga joriy etuvchi kitobni qandaydir qonunlar majmuasigina emas, har bir kishining ongli fikrlash tarzi, mafkurasiga aylantirgan xalq ustidan uzoq vaqt hukmronlik qilish mumkin emasligini, bu xalqni manqurtga aylantirishda uning ana shu gʻoyaviy-mafkuraviy asoslarini yoʻqotmasdan iloji yoʻqligini u yaxshi bilgan. Ammo uning oʻylagani kutilgan natijaga olib kelmagan. Yovuzliklarni yomon koʻrgan va undan ozod boʻlish eʼtiqodiga sodiq boʻlgan xalqning qoʻlidan kitobini yoʻq qilishga harakat qilingan boʻlsa ham, ularning dilidan kelajakka ishonchni, ongidan milliy gʻoyani oʻchirib boʻlmagan. Bu esa erkinlik uchun soʻnmas kurash olovini yoqib yuborgan. Shuning uchun makedonlar oʻsha davrda xalqni faqat harbiy qudrat orqaligina ushlab tura olganlar. Ammo bu kuchning asta-sekin susayishi va xalq harakatining borgan sari faollashib borishi tez orada bosqinchilar hukmronligining barham topishiga olib kelgan. Gʻoyaviy-mafkuraviy dunyoqarashning kuchliligi mahalliy xalqni makedonlar taʼsiriga emas, makedonlarni mahalliy xalq taʼsiriga tushira olgan. Bunda yakka shaxslar ham rol oʻynagan boʻlsa-da, jamiyat ruhiyati – gʻoyasining yagona nuqtada birlashishi – ozodlik uchun kurash eng muhim hamda asosiy omil sifatida xizmat qilgan.

 

Moʻgʻillar istilosi gʻoyat dahshatli tus olishi, yerli xalqning koʻpgina qismi qirilib ketishiga qaramasdan, ularga qarshi kurashning gʻoyaviy-mafkuraviy usulidan foydalanish yana Osiyo xalqlari gʻalabasini taʼminlagan edi. Bir gʻoya yoki tamoyil atrofida birlashib, uni sidqidildan hurmat qilib, hayotda unga ergashayotganlar safida turish va uni amalga oshirish uchun oʻz hayoti, fikri va faoliyati bilan ishtirok etish – milliy mafkura, millatni birlashtiruvchi bayroqning mavjudligi (bu davrda diniy va milliy qavmdoshlik xalqni birlashtirgan gʻoyaning bosh omili boʻldi) xalqning asta-sekin gʻalabasiga zamin hozirlagan. Bunda xalq gʻoyaviy birligining tayanch kuchlaridan biri – islom taʼlimoti, uning birlashtiruvchi gʻoyalari ham juda katta ahamiyatga ega boʻlgan. Ming yildan ziyod davr mobaynida xalqimizning qalb mulkiga aylangan islom dini oʻz mohiyatiga koʻra, insoniyatni ezgulikka chorlash gʻoyalarini ifoda etsa-da, biz yashayotgan mintaqaga u, avvalo, kuch bilan olib kelingan. Arablar ham Oʻrta Osiyoga bostirib kirganida har jihatdan, jumladan, dunyoqarash jihatidan ham ozodlikni juda sevuvchi, shuningdek, har qanday xalqqa oʻz gʻoyaviy taʼsirini koʻrsata oluvchi, kurashlardan qaytmas xalqqa duch kelgan edi. Ular bu xalqni qurol kuchi bilan uzoq vaqt tutib tura olmasligini anglab yetgach, qanday boʻlmasin, avvalo, xalq mafkurasining negizini tashkil etuvchi asosiy omil – diniy eʼtiqodni oʻzgartirish, milliy urf-odat va marosimlarni oʻzlariniki bilan almashtirishga harakat qilgan. Xalqimiz islomni oʻzining qadimiy anʼanalari, urf-odat va marosimlari, tafakkur tarzi bilan boyitgan holda oʻzlashtirdi, uni oʻz dunyoqarashiga muvofiqlashtirib qabul qildi. Ikki madaniyatning birikuvi natijasida mintaqada katta Uygʻonish davri vujudga keldi. Tafakkur xulosalarini amalda joriy etishga ishtiyoqmand, tabiatida bu narsa yorqin aks etib turuvchi yerli xalq islom gʻoyalari taʼsirida oʻz zehniyatida (mentalitetida) yangi oʻzgarish yasadi va fanda ham, madaniyat va maʼnaviyatda ham arablar taʼsiridan qutulib, aksincha, ularni va hatto, Yevropadagi boshqa xalqlarni ham oʻz taʼsir doirasiga tortdi. Masalan, Ibn Sinoning “Tib qonunlari” Yevropa universitetlarida asosiy darslik sifatida eʼtirof etilgani, al-Xorazmiyning algebra faniga asos solgani, Ulugʻbekning astronomiya faniga qoʻshgan buyuk hissasini nazarda tutsak, oʻsha davrda xalqimiz tafakkuri, dunyoqarashi gʻoyaviy jihatdan qanchalik ilgarilab ketganining guvohi boʻlamiz.

 

Xullas, gʻoyaviy tajovuzdan bosqinchilikni oqlash, mustamlaka va qaram xalqlarni mafkuraviy asoratda saqlash maqsadida foydalanilgan. Gʻoyaviy tajovuzning muhim xususiyatlari haqiqatni soxtalashtirish, tarixni odamlar xotirasidan oʻchirish, umum insoniy qadriyatlarga bepisandlikdan iborat. Gʻoyaviy tajovuz aldash va makr bilan, ayniqsa, yoshlarni ota-onasiga, jamiyatga qarshi qoʻyish, xiyonat va sotqinlikni fidoyilik deb koʻrsatish tarzida ham namoyon boʻladi. Hozirgi zamonda yuz berayotgan globallashuv jarayonlari gʻoyaviy tajovuzning shakl va yoʻnalishlariga ham oʻzgarishlar kiritmoqda. Harbiy qurol kuchi bilan oʻz gʻarazli maqsadlariga yetishish imkoniyatidan mahrum boʻlgan ekstremist va terrorchi guruhlar tobora gʻoyaviy tajovuz yoʻliga oʻtmoqda, uning yangi, yanada xavfli usul va vositalaridan foydalanmoqda. Bunday tajovuzga faqat umuminsoniy gʻoyalar va demokratik tamoyillarga asoslangan sogʻlom mafkura bilan qarshi tura olish mumkinligi tobora ayon boʻlib bormoqda.

 

Gʻoyaviy qaramlik – millat, jamiyatning oʻz manfaatlari va maqsadlariga mos kelmaydigan, unga zid boʻlgan gʻoyaviy oqimlarga bogʻliqligi, yot va begona gʻoyalarga boʻysunishini xarakterlovchi holat. Gʻoyaviy qaramlik gʻoyasizlik, gʻoyaviy boʻshliq yoxud parokandalik oqibatida kelib chiqadi. Shuningdek, gʻoyaviy qaramlik davlat boshqaruvi va ichki siyosat bilan bogʻliq ravishda ichki xarakterga ham ega boʻlishi mumkin. Masalan, boshqaruv shakli avtoritar boʻlgan hollarda boshqaruv tizimi umumiy gʻoyaviy maqsadlarni boshqarishni oʻz qoʻliga oladi va koʻpchilik boshqaruv tizimi guruhi gʻoyalariga ergashishga majbur boʻladi. Bunda mantiqan koʻpchilikka xos gʻoyaviy maqsadlar ozchilik tomonidan ishlab chiqilgan maqsadlarga majburan singdiriladi yoki koʻpchilikning gʻoyaviy maqsadlari sunʼiy ravishda boʻgʻib qoʻyiladi. Natijada, jamiyat, davlat fuqarolarining gʻoyaviy jihatdan avtoritar tuzumga qaramligi vujudga keladi. Jamiyat, davlat fuqarolarining oʻz tuzumlariga qaramligi koʻp hollarda davlatning ichdan buzilishiga zamin hozirlaydi. Monarxiya tuzumida monarxga, tiraniyada tiranlar va ular hukumatlariga gʻoyaviy qaramlik tarixiy davlatlarda koʻp bor kuzatilgan. Gʻoyaviy qaramlikni zamonaviy demokratik davlatlarda ham kuzatish mumkin. Bugungi ayrim rivojlangan demokratik davlatlarda siyosiy elita yoki boshqa asosiy taʼsir kuchiga ega boʻlgan elitar tabaqalar davlat yoki jamiyatning gʻoyaviy maqsadlarini boshqarishda muhim oʻrin tutadi. Ular tomonidan ishlab chiqiladigan turli strategik maqsadlar, avvalo, oʻz fuqarolarini shu maqsadga qaratib olishni koʻzda tutadi. Masalan, oʻtgan asr oʻrtalariga qadar fransuz jamiyatida ayrim Afrika mamlakatlari albatta Fransiyaning mustamlakasi boʻlishi kerak, degan qarash ustuvor boʻlgan edi.

 

Oʻtmishda Fransiya siyosiy elitasi tomonidan ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilgan bu gʻoyaviy maqsad koʻp yillar davomida butun fransuz jamiyatini oʻz taʼsiriga tortib, gʻoyaviy qaramlikga tushirgan edi. Shu jihatdan olib qaraganda, gʻoyaviy qaramlikning mintaqa, hudud, davlat, jamiyat, millat, irq, tabaqaga mansub umumjamiyatga xos keng, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, madaniy, maʼnaviy kabi jamiyat hayotining ayrim sohalariga mansub yoki sanʼat, ijod va boshqa kasbiy xarakterdagi munosabatlar bilan bogʻliq kichik turlari kuzatiladi. Gʻoyaviy qaramlikning bunday turlari koʻp hollarda koʻpchilik tomonidan erkin tarzda qabul qilinadi, yaʼni jamiyat buni gʻoyaviy qaramlik deb hisoblamaydi va shu bilan mazkur gʻoyani targʻib qiluvchi manfaatdor sinf yoki guruhlar maqsadlarini qoʻllab-quvvatlash vazifasini bajaradi. Amerika tarixida qora tanli va qizil tanli aholiga nisbatan olib borilgan siyosatda oq tanlilar yoki yevropaliklar ana shunday tarzda gʻoyaviy qaramlikga tushirilgan boʻlishiga qaramay, oʻtgan asrning oʻrtalariga qadar jamiyat buni gʻoyaviy qaramlik deb hisoblamasdi. Gʻoyaviy qaramlikning bunday turi sobiq ittifoq va uning tarkibidagi ittifoqdosh respublikalarda ham kuzatilgan. Ayni shu munosabatlarda irq, millat bilan bogʻliq gʻoyaviy qaramlikni ham kuzatish mumkin. Shunga koʻra, gʻoyaviy qaramlik bir vaqtning oʻzida bir necha turda mavjud boʻlishi, ayni vaqtda, jamiyatning ham qoʻllab-quvvatlovchi, ham qarshi turuvchi guruhlariga xos boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, bugungi kunda koʻzda tutilgan maʼlum jamiyat, davlat yoki mintaqani gʻoyaviy qaramlikga tushirishga intilishlarni baʼzi rivojlangan davlatlarning strategik rejalari tarkibidan oʻrin olganini yaqqol kuzatish mumkin.

 

Gʻoyaviy qaramlik yuzaga kelishiga tashqaridan oʻtkaziladigan mafkuraviy taʼsirlar eng asosiy sababdir. Tarixda gʻoyaviy qaramlik asoratiga tushirilgan, mustamlakaga aylantirilgan xalqlar oʻz madaniyati, tili va dinidan uzoqlashishga, ularni unutishga majbur qilingan. Vaqt oʻtishi bilan shu xalqning ilgʻor vakillari, fidoyi farzandlari, hatto oʻz jonini qurbon qilib boʻlsada, ozodlik va mustaqillik uchun kurashgan, qaramlikning har qanday koʻrinishiga qarshi ommani qoʻzgʻatgan. Hozirgi globallashuv sharoitida gʻoyaviy qaramlikga solishning turli usullari qoʻllanmoqda, xilma-xil “ovoz”lar, OAV, axborot texnologiyalari, investitsiyalar yordamida mafkuraviy tajovuzlar uyushtirilmoqda. Bunday tahdid va taʼsirlarga faqat kuchli gʻoya, oʻzlikni anglash, sogʻlom mafkuragina qarshi tura oladi. Mafkuraviy poligonlar yadro poligonlaridan xavfliroq boʻlib borayotgan vaziyatda milliy gʻoyani yoshlar ongi va qalbiga singdirish nihoyatda muhim. Milliy gʻoya fuqarolarni tafakkur qulligidan qutqaradi, Vatan ravnaqi, Yurt tinchligi va Xalq farovonligini taʼminlashga yordam beradi, mustahkam mafkuraviy immunitet hosil qilishga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 759
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 211
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 404
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219725
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104914
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 37076
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 29609
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 28971
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27979
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 26048
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 24024
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//