Bir kuni...
Gʻoyaviy mutaassiblik – toʻgʻri deb hisoblangan muayyan fikr, gʻoya, aqidadan boshqa hamma narsani notoʻgʻri, yolgʻon deb bilish, ularni koʻr-koʻrona inkor etishga asoslangan qarash va amaliyotni anglatuvchi tushuncha. Gʻoyaviy mutaassiblik turli yoʻnalish va eʼtiqoddagi kishilarga xos boʻlsa-da, ulardagi umumiylik oʻzga gʻoya va eʼtiqodni yolgʻon hisoblash, oʻz qarashlarini mutlaqlashtirish, unga qoʻshilmaganlarga qarshi faoliyat olib borish, ularni yoʻq qilishga qaratilgan harakatlarda yaqqol koʻrinadi. Oʻrta asrlardagi inkvizitsiya, baʼzi Gʻarb mamlakatlaridagi neofashizm gʻoyalari tarafdorlari harakatlari gʻoyaviy mutaassiblikga misol boʻla oladi. Sobiq ittifoqdagi hukmron mafkura ham ana shunday jihatlarga ega edi. Uning gʻoyalaridan oʻzgacha fikrlagan kishilar, masalan, dindorlar, maʼrifatparvar ziyolilar, madaniyat, adabiyot, ilm-fan namoyandalari, davlat arboblari qatagʻon qilingan, fanning esa hatto butun bir sohalari rivojlana olmagan edi. Genetika, kibernetika, sotsiologiya, politologiya, ideologiya kabi sohalarga bu fanlar bilan bogʻliq mavzularni tadqiq etishga izn berilmagani fikrimizga dalil boʻla oladi. Gʻoyaviy mutaassiblik musulmonlar orasida ham bor. Baʼzi mutaassiblar dinni xuddi Paygʻambar alayhissalom davrlaridagi kabi holatga keltirish kerak desa, boshqalari oʻrta asrlardagi xalifalikni barpo qilish kerak, degan gʻayriilmiy qarashni ilgari suradi. Natijada, oʻz gʻoyalarini amalga oshirishga qarshi chiqqanlar dindan qaytganlar, dinni buzayotganlar sifatida eʼlon qilinib, ularga qarshi kurashib, jismonan yoʻq qilishga harakat qilinadi.
Gʻoyalar, aslida oʻz mohiyatiga koʻra, rivojlanuvchan boʻladi. Yaʼni, ilgari surilgan bir gʻoya yoʻlida amaliy natijalarga erishgan insonlar mantiqan shu gʻoyalarning davomi boʻlgan, erishilgan yutuqlarni mustahkamlovchi yangi gʻoyalarni ishlab chiqadi va bu holat uzluksiz davom etaveradi. Buning aksi oʻlaroq, gʻoyaviy mutaassiblik tarixiy yoki zamonaviy asoslarga tayangan maʼlum bir gʻoyaga mustahkam yopishib olish, uning rivojini taʼminlamasdan, faqat shu gʻoya boʻyicha erishiladigan natijalar bilan cheklanishni anglatadi. Shunga koʻra, gʻoyaviy mutaassiblikning bir necha turlari farqlanadi. Masalan, alohida shaxs gʻoyalari ustuvorligida shakllanadigan gʻoyaviy mutaassiblik asosan davlat va siyosat arboblari, din, ilm-fan namoyandalari gʻoyalari negizida vujudga keladi va targʻibot uchun shart-sharoit yetarli boʻlganda keng tarqalib, davlat, jamiyat yoki xalqlarning katta-katta guruhlari uchun falokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shaxs gʻoyalari asosida vujudga keluvchi gʻoyaviy mutaassiblik, avvalo, jamiyatning quyi tabaqalarini qamrab oladi. Unga, asosan, davlat va uning siyosatidan norozi, shuningdek, davlat qonunlariga binoan jinoyatchi sifatida qayd etilgan va jazolangan fuqarolar ergashadi. Madaniy yoki maʼnaviy nuqtai nazardan esa gʻoyaviy mutaassiblik maʼlum bir xalq ichidagi madaniy, maʼnaviy anʼanalar, qadriyatlarni tushunmay, uning oʻrni va ahamiyatini tasavvur qila olmaydigan insonlarni oʻz atrofida birlashtiradi. Gʻoyaviy mutaassiblikni yuzaga keltiruvchi bunday gʻoyalar maʼlum jamiyatda paydo boʻlib, uning oʻzida yoyilishi, bir hududda paydo boʻlib, oʻzga hududlarda keng tarqalishi yoki mustahkamlanishi mumkin.
Gʻoyaviy mutaassiblikning guruh gʻoyalariga asoslangan boshqa bir turi esa bundan ham xatarliroq boʻlib, u butun insoniyat taraqqiyotiga halokatli taʼsir koʻrsatishga qodirdir. Madaniy, maʼnaviy, iqtisodiy, siyosiy taʼsir, ayniqsa, uning chetdan boʻlishi gʻoyaviy mutaassiblik yuzaga kelishida asosiy omillardan sanaladi. Gʻoyaviy mutaassiblikga qarshi kurashning eng samarali yoʻli, avvalo, uning asoslarini toʻliq aniqlab, ular qanday oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini shu gʻoyalarga ergashishga moyil insonlarning turli tabaqa va toifalar vakillari yaqqol tarzda tasavvur eta oladigan, amaliy, hayotiy dalillar asosida keng miqyosda tushuntirish ishlarini olib borishdir. Jahon xalqlarining tarixiy taraqqiyotida gʻoyaviy mutaassiblikga koʻp bor duch kelingan hamda bugungi kunda u global tus olmagan boʻlsa-da, hozirgi davrda turli tamaddun va jamiyatlar oʻrtasidagi munosabatlarda koʻzga tashlanayotgan muammolar kelajakda gʻoyaviy mutaassiblikning avj olishiga shart-sharoit yaratib berishi ehtimoldan xoli emas. Gʻoyaviy mutaassiblikning aksi gʻoyaviy taraqqiyot, maʼrifat, hurfikrlilik boʻlib, uning asosida kishilarning qalbi va ongiga ezgulik, hamjihatlik, bagʻrikenglik, totuvlik tushunchalarini singdirish yotadi.
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q