Gʻoyaviy boʻshliq. Gʻoyaviy ziddiyat


Saqlash
14:12 / 29.12.2023 0 925

Gʻoyaviy boʻshliq – muayyan sharoitda jamiyat, undagi toifa va qatlamlarning ongida sodir boʻladigan gʻoyasizlik, mafkuraviy vakuum holatini anglatuvchi tushuncha. Ushbu tushunchaning mazmun-mohiyati va namoyon boʻlish xususiyatlari Islom Karimov asarlari, ayniqsa, “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asarida dalil va misollar asosida chuqur yoritib berilgan, uning oqibatlarini bartaraf qilishga alohida eʼtibor qaratilgan. Muayyan aqida, fikr va gʻoyalar zamon tanqidiga uchraganda yoki yangi paydo boʻlgan ijtimoiy-siyosiy kuchlar tomonidan inkor etilganda, davr talabiga javob beradigan gʻoya va mafkura toʻla shakllanib ulgurmagan hollarda jamiyatda gʻoyaviy boʻshliq vujudga keladi. Gʻoyaviy boʻshliqning yuzaga kelishi chuqur ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-psixologik muammo va jarayonlar bilan bogʻliq. Gʻoyaviy boʻshliq u vujudga kelgan vaqtgacha maʼlum millat, xalq, jamiyat yoki ularning tarkibiy tabaqalaridan biri ongida ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan intilishlar, maqsadlar, orzu-umidlar, amaliy harakat asoslari barham topgan, inqiroz maʼlum bir sohada odamlarning ommaviy tushunchasi yoki harakatiga chek qoʻygan va ular shu sohada barcha uchun maʼqul keladigan biror-bir gʻoyaga ega boʻlmagan sharoitda vujudga keladi. Bunday shart-sharoit koʻpincha davlat tuzumining almashinuvi, ichki nizolar avj olgan yoki jamiyatda gʻayriinsoniy boshqaruv tizimi amal qilgan vaqtlarda hosil boʻladi. Sharoitga bogʻliq ravishda gʻoyaviy boʻshliq davomli yoki qisqa muddatli boʻlishi mumkin. Gʻoyaviy boʻshliqni bir necha turlarga boʻlish mumkin. Masalan, maʼnaviy gʻoyaviy boʻshliq holati jamiyat uzoq vaqt oʻz tarixiy maʼnaviy qadriyatlaridan ajratib qoʻyilganda, jamiyat maʼnaviyatiga xorijiy maʼnaviy anʼanalar katta salbiy taʼsir oʻtkazishi oqibatida butun bir jamiyatga xos maʼnaviy qadriyatlar parchalanib ketganda yuzaga keladi. Madaniy, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, milliy gʻoyaviy boʻshliqlarning ham ana shunday oʻziga xos obyektiv sabablari mavjud.

 

Gʻoyaviy boʻshliq jamiyatdagi maʼlum bir sohaning yaxshi rivojlanmagani yoki rivojlantirilmayotgani bilan ham izohlanishi mumkin. Masalan, maʼlum bir jamiyat aʼzolarida tashabbuskorlik yoki tadbirkorlik xususiyatining sustligi yoxud shu xususiyatlarni namoyon etishga yoʻl bermaydigan toʻsiqlarning haddan tashqari koʻpligi shu sohada gʻoyaviy boʻshliqni keltirib chiqaradi. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, maʼlum bir jamiyatga xos gʻoyaviy boʻshliq yaxlit boʻlishi yoki alohida yoʻnalishlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Masalan, texnik jihatdan yuksak taraqqiy etgan jamiyat maʼnaviyatida gʻoyaviy boʻshliq boʻlishi mumkin va hokazo. Gʻoyaviy boʻshliq yaxlit namoyon boʻlgan jamiyatlar qaramlikka mahkum boʻladi, maʼlum sohalarda gʻoyaviy boʻshliqga duch kelgan jamiyatlar esa tashqi taʼsirga yon berib yashashga majbur boʻladi. Shunga koʻra, mavjud davlatlar doimo oʻz gʻoyaviy boʻshliqlarini berkitish, himoyalash, unga yot gʻoyalarning kirib qolishiga yoʻl qoʻymaslikka urinadi. Boshqalari esa tarafdorlari safini yoki tobe hududlarni kengaytirish maqsadida oʻz gʻoyalarini boshqa jamiyatlarga singdirishga harakat qiladi. Odatda, yangi gʻoyalar turlicha taʼsir kuchiga ega boʻladi. Ayrim guruhlar ularni juda tez qabul qiladi, baʼzi toifalarning avvalgi mafkuraviy aqidalardan yuz oʻgirishi va yangi gʻoyalarni qabul qilishi esa qiyin kechadi. Gʻoyaviy boʻshliq paydo boʻlishining yana bir manbai – jamiyatda bu sohadagi tarbiyaning yetarli emasligi, mafkuraviy jarayonlarning oʻz holiga tashlab qoʻyilganidir. Agar davlat yoki millat, ijtimoiy guruh yoxud qatlam oʻz manfaatlari, maqsad-muddaolarini aniq-ravshan ifoda etadigan gʻoyalarini kishilar, ayniqsa, yosh avlod ongiga muntazam singdirmasa, gʻoyaviy boʻshliq paydo boʻladi, ishonch-eʼtiqod susayadi, mafkuraviy tahdidlar kuchayadi. Gʻoyasi yoʻq, eʼtiqodi boʻsh odamlar esa, taʼsirga tez beriluvchan boʻlib, oʻz yoʻlini yoʻqotib qoʻyadi. Gʻoyaviy boʻshliq, imonsizlik, manqurtlik jamiyat uchun jiddiy xavf soladi. Agar gʻoyaviy boʻshliq paydo boʻlsa, soʻzsiz uning oʻrnini shu xalqning tabiatiga begona turli xil mafkuraviy gʻoya va qarashlar egallab olishi hamda oʻz taʼsirini oʻtkazishi muqarrar. Shuning uchun oʻz kelajagini oʻylagan har bir davlat va jamiyat gʻoyaviy boʻshliq paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik, eskirgan aqida va yot qarashlarni inkor etish bilan birga, ilgʻor fikrlar, ulugʻvor maqsad va ezgu orzularni odamlar ongi va qalbiga singdirishga harakat qiladi. Milliy istiqlol mafkurasi gʻoyaviy boʻshliqga yoʻl qoʻymaydi, maʼnaviy hayotni butun xalq va har bir fuqaroning manfaatiga mos keladigan yuksak va jozibali gʻoyalar bilan boyitadi. Bu, oʻz navbatida, fuqarolarda ertangi kunga ishonch va kelajakka umid hissini mustahkamlaydi.

 

Gʻoyaviy ziddiyat – turli manfaat, maqsad va intilishlarni ifodalovchi gʻoyalar va ularga tayanadigan kuchlar oʻrtasidagi ziddiyat holati hamda qarama-qarshi munosabatlarni ifodalovchi tushuncha. Bunday ziddiyat zamirida talab-ehtiyojlar, maqsad-muddaolar, ularni qondirish usullari, yoʻllari va vositalarining har xilligi yotadi. Ozodlik, mustaqillik va adolat gʻoyalari bilan bosqinchilik, tajovuzkorlik va mustabidlik gʻoyalari oʻrtasidagi kurash buning yorqin misolidir. Inson va jamiyat bor ekan, ezgu gʻoyalarning qarama-qarshisi boʻlgan zulm va zoʻravonlik, qabohat va jaholat yangi-yangi shakllarda namoyon boʻlishga urinadi. Lekin ular odamzodning adolat, tinchlik va birodarlik, taraqqiyot va farovonlik gʻoyalariga tayanib, oliy maqsadlar sari intilishini aslo toʻxtata olmaydi. Gʻoyaviy ziddiyat va kurashlar tarixini oʻrganish shundan dalolat beradiki, necha ming yillar davomida ezgu va taraqqiyparvar gʻoyalarga qarshi qurol, kuch, makr-hiyla ishlatib kelindi. Qaram xalqlarga qullik psixologiyasi singdirildi. Bosqinchilarning dinlari, qadriyatlari zoʻrlab tatbiq etildi. Erk va mustaqillik, adolat va haqqoniyat gʻoyalari shafqatsiz ravishda boʻgʻib qoʻyildi. Insoniyat oʻzligini anglay boshlagan hozirgi zamondagina gʻoyaviy ziddiyatlarni demokratiya va plyuralizm tamoyili asosida hal qilish imkoniyatlari paydo boʻla boshladi. Masalan, Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan yuksak mafkuraviy madaniyatni mujassam etgan gʻoyaga qarshi gʻoya, fikrga qarshi fikr, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish haqidagi tamoyilning ilgari surilishi ana shu maqsadga yoʻnaltirilgan. Gʻoyaviy ziddiyatlar shu qadar keng tarmoqlanishga egaki, oqibatda uning yuzaga kelishi, tuzilishini ifodalovchi har qanday tizim nisbiy xarakter kasb etadi. Gʻoyaviy ziddiyat tushunchasi alohida insonning ichki dunyosi ziddiyatlaridan boshlanib, qitʼalararo yuz beruvchi ziddiyatli munosabatlarni ham qamrab oladi. Shuningdek, gʻoyaviy ziddiyat “gʻoyaviy kurash” tushunchasining muqobili sifatida ham qoʻllanib, undan kelib chiquvchi qarama-qarshiliklar birligi va kurashi masalasi falsafa fanida keng oʻrganiladi. Xuddi shu kabi, gʻoyaviy birlik gʻoyaviy ziddiyatning ziddi hisoblanadi.

 

Inson ongida maʼlum bir gʻoya va uning atrofida birlashgan fikrlar, xuddi shu inson ongidagi boshqa bir gʻoya va uning atrofida birlashgan fikrlarga qarama-qarshi kelganda inson shuurida, ruhiyatida gʻoyaviy ziddiyat paydo boʻladi va bu ziddiyat ulardan biri yengib chiqqandagina barham topadi. Inson munosabatlarida gʻoyaviy ziddiyatlar amaliy faoliyatga turtki beruvchi asos vazifasini bajaradi. Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda davlatlararo siyosiy, mintaqalararo iqtisodiy, xalqlararo huquqiy, millatlararo madaniy, hududlararo maʼnaviy gʻoyaviy ziddiyatlar global ziddiyatlar darajasiga koʻtarilgani koʻzga tashlanadi. Davlatlararo siyosiy gʻoyaviy ziddiyatlar maʼlum bir davlat siyosatida ishlab chiqilgan alohida yoki bir necha davlatlarga munosabatni ifodalovchi gʻoyalarning mazkur davlat yoki davlatlar gʻoyaviy qarashlariga qaramaqarshiligi, mos tushmasligidan kelib chiqadi. Shuningdek, maʼlum bir davlatning oʻz hududi, oʻz jamiyati uchun ishlab chiqqan gʻoyalari, u bilan amaliy munosabatdagi boshqa davlatlar ichki va tashqi hayotiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hollarda ham davlatlararo gʻoyaviy ziddiyatlar paydo boʻlishi mumkin. Masalan, maʼlum bir davlat hududida yashab kelayotgan boshqa davlat fuqarolari, oʻzga millat, oʻzga din, oʻzga til vakillari erkinliklarini cheklovchi gʻoyalar siyosiy amaliyotga tatbiq etilganda shunday hol yuz berganligini koʻplab davlatlarning tarixiy-siyosiy munosabatlarida kuzatish mumkin. Millatlararo madaniy gʻoyaviy ziddiyatlar maʼlum bir millatga oid madaniy anʼanalarning boshqa bir millat madaniy anʼanalariga taʼsirining ortib borishi oqibatida yuzaga keladigan ziddiyat boʻlib, chuqurlashganda nizoli jarayonlarni vujudga keltirishi mumkin. Tarixda bunday voqealar ortida kelib chiqqan fojiali oqibatlar koʻplab uchraydi. Bugungi dunyoda yuksak texnik madaniyat va koʻproq tarixiy anʼanaviylikka sodiqlik ikki qutb mamlakatlari, xalqlari orasidagi gʻoyaviy ziddiyatni hosil qilgan va uning tinch yoʻl bilan bartaraf qilinmasligi insoniyatni halokatga olib boruvchi sabablardan biri hisoblanadi. Hududlararo maʼnaviy gʻoyaviy ziddiyatlar maʼlum bir hudud xalqlari maʼnaviy dunyoqarashi, anʼanalari, qadriyatlari, merosining boshqa hududlarga taʼsiri yaqqol kuchayganda vujudga keladi va boshqa munosabatlarga ham taʼsir koʻrsatadi. Masalan, birgina diniy eʼtiqod yoki buyukmillatchilik omili tarixda juda katta va uzoq yillik urushlarning kelib chiqishiga sabab boʻlgan. Yoki maʼlum bir millat maʼnaviy qadriyatlari, anʼanalari, merosi diniga qilingan tajovuz yoxud tazyiq jamiyatda maʼnaviy gʻoyaviy ziddiyatlarni keltirib chiqargani maʼlum.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 759
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 212
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 404
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219725
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104914
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 37076
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 29609
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 28972
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27979
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 26050
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 24026
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//