Gʻoya


Saqlash
04:12 / 29.12.2023 0 797

Gʻoya (arabcha gʻoyat soʻzining shakli) – lugʻaviy maʼnoda nihoya, intiho, oxir, poyon hamda orzu, maqsad, niyat, murod, reja maʼnolarini anglatuvchi tushuncha. Hozirgi davrda gʻoya inson tafakkurida vujudga keladigan, ijtimoiy xarakterga ega boʻlgan, ruhiyatga kuchli taʼsir oʻtkazib, jamiyat va odamlarni harakatga keltiradigan, ularni maqsad-muddao sari yetaklaydigan ulugʻvor fikr maʼnosini anglatadi. Gʻoya odamlarni uyushtirish, jamiyat hayotiga bevosita taʼsir oʻtkaza olish xususiyati bilan farqlanadi va u ikkiga: ezgulikka qaratilgan – bunyodkor va buzgʻunchilikka yoʻnaltirilgan – vayronkor gʻoyalardan iborat. Shu maʼnoda, u falsafa, psixologiya va boshqa fanlarda qoʻllanadi. Bundan tashqari, mazkur tushunchaning maxsus, baʼzi yoʻnalishlarga oid maʼnolari ham bor. Sanʼat va fanda gʻoya deb asarning bosh fikri, nazariya yoki kashfiyotning umumiy tamoyiliga aytiladi. Unda muayyan tajriba natijalari umumlashadi va bilim shakliga aylanadi. Bu holda gʻoya faqat mavjud holatnigina ifodalamaydi, balki rivojlanish tamoyillarini koʻrsatadi, kelajakka undaydi. Gʻoyaning kuchi va taʼsiri uning voqelikka qanchalik mos kelish-kelmasligiga bogʻliq. Gʻoyada hayot, voqelik qay tarzda oʻzgarishi haqida koʻrsatma, koʻzlangan maqsad mujassam va shu tufayli u yoʻnaltiruvchi kuchga ega. Hamonki, jamiyat oʻz rivojida gʻoyaga muhtoj ekan, gʻoyasiz jamiyat yoʻq. Faqat ikki jihatni esdan chiqarmaslik kerak. Birinchisi shuki, jamiyatda ezgu gʻoyalar ustunlik qilmasa, yovuz gʻoyalar bosh koʻtaraveradi. Ikkinchi jihat shundan iboratki, agar jamiyatda shu jamiyat aʼzolarining manfaatlarini ifodalash, himoya qilish, yoʻnaltirish, amalga oshirishga qaratilgan gʻoyalar oʻrtaga tashlanib, joriy etilmasa, oʻzgalar manfaatini koʻzlaydigan yot gʻoyalar kirib kela boshlaydi. Inson hayotida ham, jamiyat taraqqiyotida ham gʻoyalar muhim oʻrin tutadi. Shu maʼnoda, insoniyat tarixi gʻoyalar tarixidir. Har qanday millat va xalq, har qanday ijtimoiy tuzum va davlat muayyan bir tamoyillar va qadriyatlar asosida hayot kechiradi hamda oʻz manfaatlari, maqsad-muddaolari, orzu-intilishlarini koʻzlab harakat qiladi. Binobarin, ular hayotdagi maʼlum bir mafkuraga tayanadi. Mafkura esa gʻoyalar asosida shakllanadi. Inson tafakkuri voqelikni idrok etish mobaynida turli fikrlar, qarashlar, gʻoyalar va taʼlimotlar yaratadi. Binobarin, gʻoyalar ham inson tafakkurining mahsulidir. Lekin tafakkur yaratgan har qanday fikr yoki qarash, mulohaza yoki nuqtai nazar gʻoya boʻla olmaydi. Faqat eng kuchli, taʼsirchan, zalvorli fikrlargina gʻoya boʻla olishi mumkin. Ilmiy adabiyotlarda “Gʻoya”, “mafkura”, “ideya” va “ideologiya” tushunchalari ishlatiladi. “Ideya” va “ideologiya” koʻproq Gʻarb davlatlarida hamda rus tilidagi manbalarda uchraydi. “Ideologiya” (idea – gʻoya, tushuncha, logos – taʼlimot) atamasi gʻoyalar toʻgʻrisidagi taʼlimotni anglatadi va ikki xil maʼnoda ishlatiladi: gʻoyalarning mazmun-mohiyati, shakllanishi, ahamiyati toʻgʻrisidagi bilimlarni ifodalaydi va ilmiy soha hisoblanadi; muayyan gʻoyani amalga oshirish, maqsadga yetish usullari, vositalari, omillari tizimini anglatadi.

 

Gʻoyalarning oddiy fikrlardan farqi shundaki, bular garchi tafakkurda paydo boʻlsada, inson (va jamiyat) ruhiyatiga, hatto tub qatlamlariga ham singib boradi. Gʻoya shunday quvvatga egaki, u odamning ichki dunyosigacha kirib borib, uni harakatga keltiruvchi, maqsad sari yetaklovchi ruhiy-aqliy kuchga aylanadi.Gʻoya mohiyatan ijtimoiy xarakterga ega. Muayyan gʻoyalar odatda alohida olingan shaxs ongida shakllanadi, keyinchalik esa jamiyatning turli qatlamlariga tarqaladi, turli elat va millatlar orasida yoyiladi. Mustaqil hayotga qadam qoʻyayotgan yangi avlod jamiyatda mavjud gʻoyalar taʼsirida tarbiyalanadi, muayyan qarashlar va gʻoyalarni oʻz eʼtiqodiga singdiradi, oʻz navbatida yangi gʻoyalarni yaratadi va targʻib etadi. Gʻoyalar oʻz ibtidosi va intihosiga ega. Ular ham maʼlum makon va zamonda paydo boʻlishi, jamiyat rivojiga muayyan hissa qoʻshishi, kishilar ongi va qalbidan joy olishi, oʻz umrini yashab, joziba, kuch-quvvatini yoʻqotgach, tarixiy xotiraga aylanishi mumkin. Gʻoyaga taʼrif berish uchun uning mohiyatini namoyon etadigan asosiy xususiyatlarni sanab oʻtish lozim. Gʻoyaning eng muhim xususiyati – inson va jamiyatni maqsad sari yetaklaydigan, ularni harakatga keltiradigan, safarbar etadigan kuch ekanidadir. Ijtimoiy ongning barcha shakllari – ilm-fan, din, falsafa, sanʼat va badiiy adabiyot, axloq, siyosat va huquq – muayyan gʻoyalarni yaratadi, ularga tayanadi va ularni rivojlantiradi. Maʼlum maʼnoda aytish mumkinki, har bir ong sohasining oʻz gʻoyalari mavjud boʻladi. Mazmuni va namoyon boʻlish shakliga qarab, gʻoyalarni bir qancha turlarga ajratish mumkin. Masalan, diniy, ilmiy, falsafiy, badiiy, ijtimoiy-siyosiy, milliy, umuminsoniy gʻoyalar va hokazo. Diniy gʻoyalar – har bir diniy taʼlimot va oqimning asosini, diniy iymon-eʼtiqodning negizini tashkil etuvchi aqidalardir. Ibtidoiy dinlar har bir narsaning jonli ekani, jonning abadiyligi, but va sanamlarning, tabiiy jism va hodisalarning ilohiy quvvatga egaligi toʻgʻrisidagi qarashlarga asoslangan edi. Masalan, hindlarning diniy tasavvurlariga koʻra, jon koʻchib yuradi, bu hayotda u insonda boʻlsa, keyingi hayotda boshqa jonzotga oʻtishi mumkin. Ilohlarning koʻpligi haqidagi fikrga tayanadigan politeizm dinlari vaqti kelib monoteistik – yakkaxudolik gʻoyasi asosidagi dinlarga oʻz oʻrnini boʻshatib bergan. Yakkaxudolik gʻoyasi milliy dinlarda (masalan, iudaizmda), ayniqsa, jahon dinlari – xristianlik va islomda oʻz ifodasini yaqqol topgan. Xususan, islom dinida Allohning yagonaligi gʻoyasi asosida uning barcha aqidalari, ruknlari, talab va majburiyatlari shakllangan. Ilmiy gʻoyalar – fan taraqqiyotining samarasi, ilmiy kashfiyotlarning natijasi sifatida paydo boʻladigan, turli fan sohalarining asosiy tamoyillari, ustuvor qoidalarini tashkil qiladigan ilmiy fikrlardir. Gʻoyalarning “hayoti”, ularning paydo boʻlishi, rivojlanishi, boshqa gʻoyalar bilan oʻzaro munosabati, kurashi va nihoyat, eskirgan gʻoyalarning yangilari bilan almashinishi, ayniqsa, ilmiy gʻoyalar misolida yaqqol namoyon boʻladi.

 

Qadimgi yunon faylasuflari tabiiy jismlarning eng kichik, boʻlinmaydigan zarrasi deb “atom” tushunchasini kiritgan edilar. Ptolemey-Arastudan tortib, oʻrta asr Ulugʻbek astronomiyasigacha dunyoning markazi Yer deb hisoblab kelganlar; Yevklid geometriyasi, Nyuton mexanikasi, Darvin taʼlimoti ham oʻz davrining eng ilgʻor ilmiy gʻoyalariga asoslangan edi. Ilm-fan taraqqiyoti atomning boʻlinishi, koinot markazi Yer emasligini ham ishonchli dalillar bilan isbotladi; kvant mexanikasi, irsiyat nazariyasi va boshqa koʻplab kashfiyotlar qilindi. Dunyoga A.Eynshteyn, N.Bor, F.Rezerford, M.S.Kyuri va boshqalarning nomlarini mashhur qilgan yadro fizikasi sohasidagi kashfiyotlar ham ilmiy gʻoyalar asosiga qurilgan. XX asrda insoniyat nihoyatda koʻp ilmiy gʻoyalarni amaliyotga aylantirdi. Kosmik raketalar, kompyuter va uyali telefonlar, TV va boshqa sohalardagi yutuqlar bunga yorqin misol boʻladi. Fan taraqqiyoti uzluksiz va cheksizdir. Bu jarayonda amaliyotda tasdiqlanmagan, eskirgan qarashlar yangi ilmiy gʻoyalar bilan oʻrin almashaveradi. Falsafiy gʻoyalar – har bir falsafiy taʼlimotning asosini tashkil etadigan, olam va odam toʻgʻrisidagi eng umumiy tushuncha va qarashlardir. Ular bizni oʻrab turgan dunyoni bilish jarayonida, kishilik jamiyatining taraqqiyoti mobaynida toʻplangan bilimlarni umumlashtirish, inson hayotining maʼno-mazmuni, uning baxt-saodati kabi masalalar yuzasidan mulohaza yuritish asosida shakllanadi. Insoniyat tarixida turli xalqlarning aql-zakovat sohiblari, dono faylasuf va ilohiyotchilari turfa xil gʻoyalar yaratganlar. Ammo falsafiy gʻoyalar xaqida gap ketganda, jahon falsafiy fikri rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan oʻzbek mutafakkirlari yaratgan merosni yodga olmaslik mumkin emas.

 

Imom Buxoriyning haqiqiy insonlar haqidagi, al-Xorazmiyning ilmiy gʻoyalari, Forobiyning fozil shahar toʻgʻrisidagi, Ibn Sinoning tana va ruh munosabatiga oid, Alisher Navoiyning komil inson haqidagi, adolat va insoniylik borasidagi teran fikrlari falsafiy gʻoyalarning yorqin namunasidir. Badiiy gʻoyalar – adabiyot va sanʼat asarining asosiy maʼno-mazmunini tashkil etadigan, unda koʻzlangan maqsadga xizmat qiladigan yetakchi fikrlardir. Ular hayotdan olinadi, badiiy talqinlar asosida bayon etiladi, oʻquvchida muayyan taassurot uygʻotadi. Adabiy qahramonlarni sevish, ularga ergashish hollari ham ana shu asosda roʻy beradi. Badiiy taʼsir vositalari juda katta kuchga ega. Inson va jamiyat ongini oʻzgartirishda, shaxs ruhiyatiga taʼsir oʻtkazishda, odamlarni harakat va junbushga keltirishda badiiy adabiyot va sanʼatning ahamiyati beqiyosdir. Milliy gʻoyani targʻib etish, xalq ongi va qalbiga singdirishda ham ular muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Ijtimoiy-siyosiy gʻoyalar – har bir xalq va umuman bashariyatning orzu-umidlari, maqsad-muddaolarini, erkin hayot va adolatli tuzumni ifodalaydi. Ozodlik va mustaqillik, adolat va haqiqat, tinchliksevarlik va insonparvarlik gʻoyalari shular jumlasidandir. Asrlar mobaynida bunday buyuk, oʻlmas gʻoyalar xalqlarga kuch-quvvat va ilhom bagʻishlab, ularni oʻz erki uchun kurashga safarbar etib kelgan. Ozodlik gʻoyasi – mazlumlarni oʻz erki uchun kurashga chorlaydigan, qullik va qaramlikning har qanday koʻrinishini inkor etadigan gʻoyadir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 759
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 211
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 404
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219725
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104914
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 37076
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 29609
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 28971
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27979
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 26050
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 24026
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//