Gʻiybat


Saqlash
04:12 / 29.12.2023 0 869

Gʻiybat – biror kimsani kamsitib, aybsitib, yomonlab gapirish, fisqu fasod tarqatish kabi maʼnaviy illatni anglatuvchi tushuncha. Maʼnaviy merosimizda biror kimsada mavjud sifat uning ortidan aytilsa va bu gʻiybat qilinayotgan odamga yoqmasa gʻiybat deyiladi. Shuningdek, gʻiybat xiyonat koʻrinishlaridan biri hisoblanadi. Gʻiybat – gʻiybatchining maʼnaviy tubanligini koʻrsatuvchi, insonlar va jamiyat uchun zararli boʻlgan, jamiyatdagi tartib-intizomni izdan chiqaradigan va insonlar oʻrtasida mehr-oqibatning yoʻqolib ketishiga sabab boʻladigan illatdir. A.Avloniy taʼkidlashicha: “Gʻiybat deb bir kishining kamchilik va qusurini orqasidan soʻylamakni aytilur. Gʻiybatni soʻylamak harom oʻldigʻi kabi eshitmak ham haromdur. Kishi oʻz nafsiga lazzat umidi ila birovni gʻiybat qilub, etini chaynamak gunoh ham insoniyat nomina yarashmagan eng yomon axloqi zamimalardandur”.

 

Sharq donishmandlaridan Xayoliddin Hasaniy fikricha, gʻiybat qabih feʼllardan biridir. Gʻiybat oz boʻlsa-da, keltiradigan zarari katta. Biror kishining orqasidan gapirish, aybini topish, yomonlash, bola-chaqasi, xotini, xulqi, boyligi haqida bemaza gaplarni gapirishning barchasi gʻiybat hisoblanadi. Qurʼoni Karimning “Hujurot” surasi 12-oyatida “… (Oʻzgalarning ayblari ortidan) josuslik qilib yurmanglar va ayrimlaringiz ayrimlarni gʻiybat qilmasin! Sizlardan biron kishi oʻzining oʻlgan birodarining goʻshtini yeyishni yaxshi koʻrurmi?! Ana, yomon koʻrdingizmi?! (Bas, gunohi bundan-da ortiq boʻlgan gʻiybatni ham yomon koʻringiz)!…” deyilgan. Shuningdek, ushbu sura izohi mazmunida oʻzgalar haqida yomon gumon qilish, birovlarning ayblarini topish uchun orqalaridan josuslik – aygʻoqchilik qilib yurish kabi yomon illatlardan moʻminlar qaytarilganligi, Paygʻambar alayhissalomning “Gʻiybat qilish (birovni nohaq) oʻldirishdanda yomon roqdir” deganlari haqida bayon qilingan. Amir Temurning “Temur tuzuklari”da bunday taʼkidlanadi: “Qaysi vazir gʻiybat gaplarni aytsa, uydirma gaplarga quloq solsa, oʻziga yoqmagan kishilarni yoʻqotishning payiga tushsa, uni vazirlikdan tushirish lozim”. Hadisda yozilishicha, kimki odamlarni gʻiybat qilishdan tilini tiysa, Tangri ham uning nuqsonlarini fosh qilmaydi.

 

Gʻiybat bilan shugʻullanuvchi har qanday shaxs oʻz qiyofasi, salbiy xatti-harakati bilan jamiyatda, insonlar oʻrtasidagi munosabatlarda nosogʻlom muhit paydo qiladi va odamlar sogʻligʻiga, ular oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Gʻiybat – qalblarga qilinadigan xiyonatdir. Zero, inson boshqa gunohlarni nafsining lazzati uchun qiladi. Ammo gʻiybat sohibi lazzat oʻrniga oʻz boshiga yoki boshqa bir kishining boshiga balo hozirlaydi. Chunki soʻz borib gʻiybat qilinmish kishining qulogʻiga yetadi. U gʻazablanib, gʻiybatchidan oʻch olish fursatini poylaydi. Shunday qilib, gʻiybat soyasida ikki inson orasiga dushmanlik tushadi. Shu tariqa, gʻiybatdan adovat tugʻiladi va u tufayli dushmanlik zoʻrayib, oʻz oralarida paydo boʻlgan xususiy janjallar butun aholi orasida nifoq urugʻining sochilishiga sabab boʻladi. Shuning uchun Paygʻambar (s.a.v.) hadislarida “Gʻiybatdan saqlaningiz, gʻiybat zinodan ham yomonroqdur”, deyilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

14:07 / 15.07.2025 0 412
“Kimsan” aslida kim?

Bilasizmi?

15:07 / 10.07.2025 0 470
Ozodlik haykaliga kimning yuz qiyofasi olingan?

Hikmat

10:07 / 03.07.2025 0 282
Armon bobo

Bilasizmi?

16:07 / 02.07.2025 0 260
Yelib keldi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 226700
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 108954
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 56379
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 41648
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 41012
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 32310
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 31238
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 30990
Alpomish

//