Gʻalamislik. Gʻarazgoʻylik


Saqlash
00:12 / 29.12.2023 0 545

Gʻalamislik (arabcha gʻalamis) – kishilararo munosabatlar va ularning holatiga rahna soluvchi; gʻiybat, fitna yurituvchilikni anglatuvchi illat. Gʻalamislik maʼnaviy tamoyillarga mos kelmaydigan ruhiy holat, maqsadga erishishga toʻsqinlik qiluvchi amaldagi yoki tasavvurdagi toʻsqinlikning yuzaga kelishi bilan ham ifodalanadi. Gʻalamislikning subyektiv holati iztirobli bezovtalikdan iborat hissiy-salbiy kechinma, xavotirlik, ilojsizlik, jahl, gʻazab va boshqalar hisoblanadi. Gʻalamislik quyidagi natijalarga olib kelishi mumkin: tajovuz – insonga, kishilar guruhiga yoki boshqa maqsadga erishishga xalaqit beruvchi toʻsiqqa nisbatan kuch qoʻllashni namoyish etish; xususiyatning patologik rivoji – uddalay olmaslik hissining paydo boʻlishi, muntazam ravishda oʻziga ishonmaslik, shubha bilan qarash; asabiylashish, jazavali holatlar, tanazzul holati. Muayyan xalq yoki davlatni, biron-bir shaxsni, uning yutuqlarini koʻrolmaslik, tinch va barqaror hayotiga rahna solish yoʻlidagi xatti-harakatlar ham gʻalamislik tarzida namoyon boʻlishi mumkin. Insoniyat tarixida bunday holatlar sodir boʻlib turadi. Masalan, sugʻorish tizimining ataylab uzoq yillar mobaynida notoʻgʻri qoʻllanishi natijasida qadimgi Bobil davlatining yerlari nihoyatda shoʻrlanib ketgan, asta-sekin u joyda yashash mumkin boʻlmay qolgani, davlatning tanazzulga yuz tutgani maʼlum. Oradan ikki yarim ming yil oʻtsa-da, bu yerlar hamon yashash uchun yaroqsizligicha qolmoqda. Yoki vahhobiylarning gʻalamisligi tufayli butun dunyo musulmonlari uchun muqaddas hisoblangan paygʻambarimiz qabrining tahqirlanishi, salb yurishlari, Yevropada oʻrta asrlarda xristianlikning sofligini saqlash shiori ostida hurfikrli kishilarning qatagʻon qilinishi, sobiq ittifoq davridagi qatagʻonlar ham bunga yaqqol misol boʻladi. Bugungi kunda terrorizm insoniyatga katta tahdid solmoqda. Jamiyatda doimiy qoʻrquv, fitna – gʻalamislik muhitini vujudga keltirish, zoʻravonlik yoʻli bilan uning barqarorligini buzish, gunohsiz kishilar, jumladan, bolalarning halok boʻlishiga olib keladigan siyosiy maqsadlarda oʻldirish va portlatishlar bu mudhish gʻoyaning asl mohiyatini koʻrsatadi.

 

Gʻarazgoʻylik – maʼnaviy illat, manfaatparastlik, buzgʻunchi maqsad yoʻlidagi xatti-harakat, pinhona va oshkora adovatni anglatuvchi tushuncha. Gʻarazgoʻylik insonga xos salbiy xususiyatlardan biri boʻlib, aksariyat hollarda pinhona kechadigan ruhiy hodisa. Gʻarazgoʻylik oʻzbek tiliga arab tilidan oʻzlashgan soʻz boʻlib, etimologik jihatdan “manfaat” maʼnosini beradi. Gʻarazgoʻylik tufayli ijtimoiy turmushda sogʻlom muhit buziladi, oqibatda kishilar orasidagi doʻstlik, diyonat, mehr-oqibat buziladi. Uning zamirida boshqa kishilar baxtsaodatini koʻrolmaslik, yomon niyat, gʻayirlik, yovuz maqsad yashiringan. Gʻarazgoʻylikning ziddi – begʻarazlik, xolislik, samimiyatdir. Gʻarazgoʻylik kishi atrofdagilarga faqat shaxsiy manfaatdorlik yuzasidan munosabatda boʻladi. Gʻarazgoʻylikning obyekti – yon-atrofdagilardan maʼlum bir kishi yoki kishilarga qaratilgan adovatli maqsad. Gʻarazgoʻylik kishi maʼlum bir niyatini amalga oshirmaguncha undan gʻarazgoʻylik asoratlarini topish qiyin. Chunki, u oʻz niyatini hammaga oshkor qilmaydi, gʻarazgoʻylik oqibatida paydo boʻluvchi maqsadning yomonligini ham yaxshi biladi. Gʻarazgoʻylik nafaqat oʻzaro shaxsiy munosabatlarga, balki jamiyat turmush tarziga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi hamda kishilar oʻrtasiga adovat, gina-kudurat, begonalik, oxir-oqibat dushmanlik urugʻini soladi. Gʻarazgoʻylikning jamiyat oldidagi ijtimoiy mohiyati – shaxsiy manfaatparastlikdan iborat. Gʻarazgoʻylik mavjud joyda rivojlanish boʻlmaydi, u nafaqat kishi maʼnaviyatini gʻorat qiladi, balki jamiyat turmushini orqaga tortadi. Shuningdek, gʻarazgoʻylik faqat oʻzgalarga emas, balki feʼl egasining oʻziga ham zarar keltiradi. Chunki, u gʻarazgoʻylik tufayli biror martaba yoki maʼnaviy-moddiy farovonlikka erisha olmaydi. Gʻarazgoʻylik, shaklidan qatʼi nazar, ulkan maʼnaviy yoʻqotishdir. Gʻarazgoʻylikni bartaraf qilish asosan kishining oʻziga bogʻliq. Qolaversa, hamrohida, hamkasbida, qoʻshnisida, turmush oʻrtogʻida gʻarazgoʻylikni sezgan kishi oʻz vaqtida oqillik bilan uni bu illatdan voz kechishga daʼvat etadi. Sohibqiron Amir Temur oʻgitlarida taʼkidlanganidek: “Gʻarazgoʻylik, buzuqi va hasadgoʻy odamlarning vazirlar haqidagi uydirmalarini eshitmasinlar, chunki bu tabaqadagi kishilarning dushmani koʻp boʻladi, negaki, olam ahlining barchasi dunyotalabdir. Agar vazirlar bunday odamlarning koʻngliga qarasalar, davlatga xiyonat qilgan boʻlurlar, qaramasalar, ular vazirlarga dushmanlik qilurlar”. Xalqimizning “Yuragida gʻarazi bor doʻst dushmandan battar” degan maqolida ham ana shu illatning mohiyati ifodalangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:03 / 12.03.2025 0 142
Turkistondagi qadimiy ayollar bayrami

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 105
“Qozondi” fe’lidagi “qozon” haqida

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 149
Marjumakdan shoʻrva qilib boʻladimi?

Bilasizmi?

15:02 / 28.02.2025 0 129
Maymunjon, parmanchak va boldirgʻon

Bilasizmi?

14:02 / 28.02.2025 0 135
Xoʻjayin boʻlolmagan xoʻjagʻat

Bilasizmi?

16:02 / 27.02.2025 0 142
Radio O‘zbekistonga qachon kirib kelgan?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 222503
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 106412
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 45551
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 36076
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 34257
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 29349
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 28211
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 27713
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//