Qoʻrqoqlik. Qoʻrquv


Saqlash
01:12 / 28.12.2023 0 700

Qoʻrqoqlik – inson maʼnaviyati va ruhiyatida namoyon boʻlib turadigan xususiyatlardan birini ifodalaydigan salbiy maʼnodagi atama. Qoʻrqoqlik deganda oʻz burchini unutgan, yetarli darajada shijoatga ega boʻlmagan, biror ishni bajarishdan qoʻrqadigan yoki hayiqadigan kishilar tushuniladi. Qoʻrqoqlik, ayniqsa, Vatan, xalq taqdiri hal qilinayotgan qaltis davrlarda yaqqol namoyon boʻladi. Qoʻrqoqlik xususiyatiga ega boʻlgan kishilarga sotqinlik, yuzsizlik kabi illatlar ham xos boʻlishi mumkin. Qoʻrqoqlik tushunchasi komil insonni tarbiyalashda, yaʼni kishidagi “mardlik”, “qahramonlik”, “iroda mustahkamligi” kabi tushunchalarni shakllantirish va takomillashtirishda qoʻrquv hissini yengishga xizmat qiladi. Qoʻrqoqlik odamni yuksaklikka emas, aksincha tubanlikka yetaklaydi. Qoʻrqoqlik “Yantoqdan atir chiqmas, qoʻrqoqdan botir chiqmas”, “Qoʻrqoqda uyat boʻlmas”, “Qoʻrqoq ot oʻz soyasidan hurkar”, “Qoʻrqoq oʻlmasdan burun oʻlar, oʻlikdan nima kutib boʻlar” kabi xalq maqollarida oʻziga xos tarzda ifodalangan. Qoʻrqoqlik xususiyatiga ega boʻlgan kishilarga muhim vazifalarni ishonib topshirib boʻlmaydi, chunki undagi qoʻrquv hissi uning barbod boʻlishiga olib kelishi mumkin. Shu bois, bolalikdanoq bunday illatdan jirkanadigan qilib tarbiyalashning ahamiyati beqiyosdir. Qoʻrqoqlikning xatarli jihati shundaki, u bir kishining qutqusi bilan boshqalarga ham yuqishi mumkin.

 

Qoʻrquv – qoʻrqoq inson hissiyotining ajralmas qismidir. Bu hissiyot biron koʻngilsiz voqea kutilayotganda, vaziyat inson hayoti uchun xavfli deb topilganda kuzatiladi. Qoʻrquv yuzaga kelishining asosiy sababi – odamning boʻlajak xavfni bartaraf eta olmasligidan qaygʻurishidir. Qoʻrquv xavf haqidagi xabar boʻlib, bu holat odamga xavf bilan bogʻliq toʻsiqni yengib oʻtishga ichki kuch beradi. Qoʻrquv oʻz funksiyasiga koʻra odamni biron xavf-xatardan ogoh etish, organizmni zararlanishdan asrash vazifasini bajaradi. Lekin, odamlar doimo qoʻrquvdan oʻzlarini olib qochadilar va ushbu holatni eng salbiy hissiyot deb baholaydilar. Qoʻrquvlarni oʻrganish asosida ularning asosiy ikki guruhi aniqlandi – vaziyatli, yaʼni ayni sharoitda yuzaga kelgan qoʻrquv va boʻlajak vaziyat yuzasidan uygʻonadigan qoʻrquv Bu tuygʻu insonning tabiat, jamiyat, narsa va hodisalarni anglashida bilimsizligi hamda ojizligi belgilaridan hisoblanadi. Bundan tashqari, baʼzi bir qoʻrquvlar insonni faollashtiradi, baʼzilari esa aksincha, insonning harakatini cheklab, uni karaxt qilib qoʻyadi. Qoʻrquvning doimo takrorlanib turishi uning surunkali holatga oʻtishiga asos boʻladi. Bunday surunkali holatga oʻtgan qoʻrquv odam tanasida doimiy zoʻriqish hosil qilishi natijasida turli kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Qoʻrquv insonning hissiy kechinmalari, tanadagi siquvlar hamda qoʻrqinchli holatni koʻz oldiga keltirish sifatida namoyon boʻladi. Qoʻrquv xavf-xatar xaqidagi xabar sifatida insonda jurʼatsizlikning uygʻonishiga, maʼnaviyatning yetishmasligiga, natijaga umidsizlik bilan qarashga, magʻlubiyatni kutishga asos yaratadi.

 

Qoʻrquvning surunkali ravishda takrorlanishi va asossiz ravishda yuzaga kelishi fobiya holatini shakllantiradi. Fobiya (lotincha rhobos – qoʻrqinch) — maʼlum sharoitlarda asossiz ravishda qoʻrqish va tashvishlanishdan iborat, yengish mumkin boʻlmagan muttasil kechadigan ruhiy patologik holat boʻlib, beqaror vegetativ disfunksiyalar (yurakning tez urishi, haddan tashqari kuchli terlash) bilan hamkorlikda kechadi. Odatda, qoʻrquvda maqsadga qaratilgan aniq harakatlar bajariladi. Masalan, agrofobiya – maydondan, katta koʻchadan qoʻrqish, kaustrofobiya – eshikni berkitib, uyda oʻtirishdan qoʻrqish, monofobiya – yolgʻiz qolishdan qoʻrqish, atropofobiya – koʻpchilikdan, xaloyiqdan qoʻrqish, nazofobiya – kasal boʻlib qolishdan qoʻrqish. Shuningdek, qoʻrquvning kanserofobiya, kardiofobiya, eyrotrofobiya kabi koʻrinishlari ham mavjud. Ruhiyatga oid baʼzi adabiyotlarda sotsiofobiya atamasi ham qoʻllaniladi. Bu – koʻpchilik oldida uyalib qolishdan, izza boʻlishdan qoʻrqishdir. Umuman, qoʻrquv maʼnaviy nomukammallik koʻrinishlaridan sanalib, insonning ruhiy-maʼnaviy jihatdan ojizligini oshkor qiladi. Zero, yuksak bilimli, maʼnaviyatli shaxs qoʻrquvga berilmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 759
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 211
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 404
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219725
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104914
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 37075
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 29607
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 28971
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27979
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 26048
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 24023
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//