Bilasizmi?
Oʻzbek xalqi – Oʻzbekiston Respublikasi aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi millat nomi. Oʻzbek xalqi nafaqat Oʻzbekiston, balki Oʻrta Osiyodagi eng koʻp sonli xalqdir. Oʻzbek xalqi vakillari Oʻzbekistondan tashqari Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Afgʻoniston, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Koreya, Turkiya, Germaniya, AQSH, Avstraliya va dunyoning koʻplab boshqa mamlakatlarida istiqomat qiladilar. Oʻzbek xalqi turkiy tillar oilasiga kiruvchi oʻzbek tilida soʻzlashadi. Oʻzbek xalqining asosiy qismini sunniy mazxabga mansub musulmonlar tashkil etadi. Jahondagi koʻplab xalqlar singari oʻzbek xalqining shakllanishi jarayonlarining boshlanishi ham insoniyat tarixining eng qadim zamonlariga borib taqaladi. Murakkab ijtimoiy-siyosiy va etnik jarayonlar bilan bogʻliq bu oʻtmish juda katta tarixiy davrni oʻz ichiga oladi. Uzoq tarixiy taraqqiyot yoʻlida ajdodlarimiz murakkab etnogenez jarayonlarini boshdan kechirganlar. Bu jarayonlar koʻplab qabila, xalq va elatlarning oʻzaro aralashib, qorishib ketishi, madaniy anʼanalarning uygʻunlashib yangi asoslarda taraqqiy topishi tarzida kechgan. Oʻrta Osiyo – ikki daryo oraligʻida turkiy hamda eroniy tillarda soʻzlashuvchi aholi koʻp asrlar davomida aralash yashab kelishgan. Mazkur elatlar madaniyat, xoʻjalik yuritish usuli, turmush tarzi, urf-odatlar hamda antropologik jihatdan bir-birlariga nihoyatda yaqin boʻlib, ular faqat turli tillarda soʻzlashgan, ammo shunda ham bir-birlarini yaxshi tushungan. Ikkala tilda soʻzlashuvchi aholi orasida ham oʻtroq dehqonchilik hamda koʻchmanchi chorvachilik bilan shugʻullanuvchi elatlar mavjud edi. Xullas, ikkala tilda soʻzlashuvchi xalqlar ham mintaqaning tub (avtoxton) aholisi hisoblanadi.
Turkiy etnik guruhlar qatlamining ildizlari juda qadimiy ekanligi arxeologik maʼlumotlar asosida isbotlangan. Antropologiya maʼlumotlari bronza davriga kelib Oʻrta Osiyoning janubiy viloyatlarida baland boʻyli, tor yuzli irq vakillari keng tarqalganidan dalolat beradi. Janub aholisidan farqli ravishda shimoliy dasht va choʻl hududlarida dumaloq bosh, keng yuzli elatlar yashagan. Janubiy qiyofa vakillari fanda Oʻrta yer dengizi irqi vakillari deb ataladi. Ular Old Osiyo, Mesopotamiya, Eron, Afgʻoniston, Oʻrta Osiyo, Hindiston kabi keng geografik hududlarga yoyilgan. Shimoliy qiyofali odamlar esa Janubiy Sibirdan Qozogʻistonga qadar boʻlgan hududlarda, shuningdek, Oʻrta Osiyoning shimoli-sharqiy qismi hamda Ural va Volga boʻyi mintaqalariga tarqalgan. Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, bronza davriga kelib Oʻrta Osiyo hududida qadimgi janubiy va shimoliy qiyofa vakillarining qoʻshilish jarayoni boshlanadi. Bu davr oʻlkamiz hududlarida murakkab etnik-madaniy jarayonlar yuz berganligi bilan izohlanib, aynan manashu bronza davri qabilalari Oʻrta Osiyoning qadimgi elatlariga asos solgan. Miloddan avvalgi II ming yillik oʻrtalaridan boshlab Oʻrta Osiyo hududlariga shimoli-sharqdan yangi etnik guruhlar kirib kela boshlaydi. Ularning asosiy mashgʻuloti chorvachilikdan iborat boʻlib, avtoxton madaniyatdan farqlanuvchi mazkur guruhlar madaniyati fanda “Tozabogʻyob madaniyati” degan nom bilan yuritiladi. Tozabogʻyob madaniyatiga xos yodgorliklar Zarafshon daryosi etaklaridan hamda Toshkent vohasi, Fargʻona vodiysi va Shimoliy Baqtriyaning togʻli va togʻoldi hududlaridan topib oʻrganilgan. Xuddi shunga oʻxshash etnoslarning izlari Qozogʻiston choʻllari, Oltoy, Janubiy Sibir, Uraloldi singari keng hududlardan topib tekshirilgan. Ushbu oʻziga xos madaniyat “Andronovo madaniyati” nomi bilan atalib, unga mansub elatlar bronza davridayoq turkiy tilda soʻzlashganliklari koʻpchilik tadqiqotchilar tomonidan eʼtirof etiladi. Boshqa fikrlarga koʻra, andronovoliklar hind-eron qabilalariga mansub boʻlishgan.
Oʻrta Osiyo hududlarida yashagan qadimgi aholi ilgari qanday nomlar bilan atalgani bizga nomaʼlum. Hali yozuvning ixtiro qilinmaganligi va yozma manbalarning mavjud emasligi buning asosiy sababi hisoblanadi. Oʻrta Osiyo aholisi haqidagi dastlabki maʼlumotlar qadimgi yunon-rim va fors manbalarida uchraydi. Yunon-rim manbalarida Yevroosiyoning katta hududlarida yashovchi qadimiy elatlar umumiy nom bilan “skiflar” deb ataladi. Gerodot skiflarning qadimiylikda misrliklardan qolishmasligini eʼtirof etsa, Pliniy Oʻrta Osiyo hududlarida 20ga yaqin elatlar yashaganligini qayd qiladi. Qadimgi manbalarda skiflarning sak va massaget qabilalari koʻproq tilga olinadi. Qadimgi fors manbalarida saklarning saka-xaumavarka, saka-tigraxauda hamda saka-tiay-tara-darayya qavmlaridan iborat boʻlganligi qayd qilinadi. Massagetlar xususidagi maʼlumotlarning tahlili ularning mahalliy chorvador qabilalariga mansub boʻlib, harb ishiga mohir boʻlganligidan dalolat beradi. Qadimgi manbalarda sak va massagetlarning kiyimlari, urf-odatlari, harbiy mahorati va jang usullari, qisman eʼtiqodlari haqida maʼlumotlar uchrasa-da, ularning qaysi tilda soʻzlashgani hamda antropologik belgilari xususidagi maʼlumotlar cheklangan. Shu boisdan mazkur qavmlarning u yoki bu irqqa mansubligi xususida hukm chiqarish qiyin. Oʻzbek xalqi tarkibida hozirgi kunlargacha saqlanib kelayotgan irqiy va etnik unsurlarning mahalliy xalq tarkibiga kirgan davri va uning nisbiy miqdori etnogenez jarayonlariga bogʻliq.
Zamonaviy oʻzbek xalqi antropologiyasida moʻgʻil irqiga xos unsurlar bilan birga sharq va yevropa irqi unsurlari ham uchraydi. Shunday ekan, oʻzbek xalqini toʻla moʻgʻil irqiga mansub deb hisoblovchi fikrlar ilmiy asosga ega emas. Oʻzbek xalqiga xos Oʻrta Osiyo-ikki daryo oraligʻi irqining shakllanishi masalasida turlicha qarashlar mavjud. Bu borada mutaxassislar tomonidan bundan 6–8 ming yil ilgarigi davrlardan boshlab XVI asrga qadar boʻlgan sanalar qayd qilinadi. Ammo zamonaviy arxeologik va antropologik tadqiqotlarning natijalari Oʻrta Osiyo ikki daryo oraligʻi irqining shakllanishi jarayoni bundan 2300–2200-yillar ilgari boshlanganini koʻrsatmoqda. Mazkur jarayonni sunʼiy ravishda qadimiylashtirish ham, yashartirish ham tarixiy haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Oʻzbek xalqi oʻzining shakllanishi jarayonida bir necha muhim bosqichlarni bosib oʻtgan. Mazkur bosqichlar maʼlum tarixiy davrlarda oʻlkamiz hududiga turli xalqlarning bostirib kirishi hamda xalqlar va madaniyatlarning murakkab aralashuvi jarayonlari bilan bogʻliq. Ahamoniylar istilosi, Makedoniyalik Aleksandrning yurishlari, arablar bosqini, moʻgʻillar istilosi va boshqa shular jumlasidandir. Ushbu istilolar Oʻrta Osiyo, jumladan, oʻzbek xalqi madaniyati, tili hamda turmush tarziga maʼlum darajada oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Ammo bu yurishlar tub aholining irqi va etnik qiyofasini, antropologiyasi va tilini, madaniyati va urf-odatlarini keskin oʻzgartira olmagan.
Miloddan avvalgi I ming yillikdan boshlab oʻlkamizning qadimgi dehqonchilik vohalarida yashovchi oʻtroq aholi oʻzlari yashab turgan hudud nomlari bilan atala boshlagani yozma manbalarda qayd qilinadi. Jumladan, Soʻgʻdiyonada – soʻgʻdiylar, Qadimgi Xorazmda – xorazmiylar, Qadimgi Baqtriyada – baqtriylar, Qadimgi Shoshda – chochliklar, Qadimgi Fargʻonada – parkanaliklar istiqomat qilishgan. Ikki daryo oraligʻidagi xalqlarning yerlari doimo ajnabiy bosqin chilarning eʼtiborini oʻziga tortib kelgan. Qadimdan ona yurtimiz hududlariga bostirib kirgan elatlar mintaqa xalqlari, jumladan, oʻzbek xalqi etnogenezida ham maʼlum iz qoldirgan. Ahamoniylarning Oʻrta Osiyodagi bir qancha viloyatlar ustidan hukmronligi ikki yuz yildan ortiqroq davom etganligi maʼlum. Shunday ekan, forslar Oʻrta Osiyo xalqlarining tili, madaniyati va qiyofasiga taʼsir oʻtkazgan, ammo yuqorida taʼkidlanganidek, uni butunlay oʻzgartira olmagan. Aleksandr Makedonskiy yurishlari xususida ham shu fikrni aytish mumkin. Ushbu yurishlar natijasida mintaqada yangi ellinistik davlatlar, jumladan Yunon-Baqtriya davlati tashkil topib, mahalliy madaniyat ellinizm elementlari bilan boyigan. Biroq, mahalliy oqsuyaklar bilan qarindoshlik aloqasini bogʻlagan yunon-makedonlar aslida kichik bir qatlamni tashkil etib, aholining etnogeneziga jiddiy taʼsir oʻtkaza olmagan. Ayrim togʻli hududlarda ularning taʼsiri hozirgi kunda ham maʼlum darajada koʻzga tashlansa-da, bu jarayon ommalashmagan. Antropologiya maʼlumotlariga asosan oʻzbek xalqi shakllanishi jarayonining bir necha muhim tarixiy bosqichlarini ajratib koʻrsatish mumkin. Shunday bosqichlardan biri miloddan avvalgi III–II asrlarda Oʻrta Osiyo dasht mintaqalarida hozirgi oʻzbek xalqiga xos antropologik qiyofa shakllana boshlaganligi bilan izohlanadi. Bu esa oʻzbek xalqiga xos Oʻrta Osiyo ikki daryo oraligʻi irqi mintaqadan tashqarida, xususan, Volga daryosi boʻylari va Uralda, Moʻgʻiliston choʻllari va Baykal koʻli atrofida shakllanib, Oʻrta Osiyo hududlariga kirib kelgan va mahalliy aholi irqini oʻzgartirib yuborgan, degan qarashlarning haqiqatga toʻgʻri kelmasligini koʻrsatadi.
Zamonaviy tadqiqotlar oʻzbek xalqiga xos antropologik qiyofa Sirdaryoning oʻrta havzasi, yaʼni Toshkent vohasi, Fargʻona vodiysi, Xorazm hamda Janubiy Qozogʻiston va Yettisuv mintaqasida miloddan avvalgi I ming yillikning ikkinchi yarmida shakllana boshlaganini koʻrsatadi. Mazkur aholi miloddan avvalgi III–II asrlarda Oʻrta Osiyoning markaziy va janubiy viloyatlariga bir necha yoʻnalishda kirib borgan va keng yoyilgan. Ushbu antropologik maʼlumotlar yozma manbalarda qayd qilingan xalqlarning janubga tomon siljishi hamda shuning oqibatida Yunon-Baqtriya davlati inqirozga yuz tutib, Katta Yuyechji davlat uyushmasi, soʻngroq esa Buyuk Kushon saltanatiga asos solinishi davriga toʻgʻri keladi. Oʻrta Osiyo–ikki daryo oraligʻi aholisining etnogenezida muhim iz qoldirgan xalqlarning mazkur siljishi natijasida koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi turkiy elatlar Sirdaryoning quyi oqimidan Markaziy Qizilqum orqali Samarqand atroflariga, soʻngra Qashqadaryo vohasining quyi qismi orqali Surxondaryo vohasiga borib joylashgan. Keyinchalik ularning bir qismi Surxondaryo vohasi orqali janubiy Tojikiston hududlariga oʻtgan. Mazkur elatlarning ikkinchi guruhi Buxoro vohasi orqali Turkmanistonning janubiy viloyatlariga, bir qismi esa Shimoliy Afgʻonistondagi hozirigi Shibirgʻon shahri atroflariga qadar yetib borgan. Mazkur etnik jarayonlar natijasida Oʻrta Osiyoda oʻzbek xalqi va tekisliklarda yashovchi tojiklarga xos pomir-fargʻona antropologik qiyofalari keng yoyilgan. Oʻrta Osiyo xalqlari tarixida, jumladan oʻzbek xalqining shakllanishida Qangʻ davlatining ahamiyati ham katta boʻlgan. Milloddan avvalgi III asrda bu davlat Sirdaryoning oʻrta oqimida yashovchi bir qancha koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi elatlarni oʻz tarkibiga birlashtirgan. Mamlakatning iqtisodiy qudrati ortib, dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq hamda madaniyat taraqqiy etgan yangi-yangi shahar va qishloqlar tashkil topgan. Turkiy va eroniy tillarda soʻzlashuvchi xalqlar mazkur davlat tarkibida oʻzaro yaqinlashib, iqtisodiy va madaniy hamkorlik kuchaygan. Mazkur jarayonni Fargʻona va Zarafshon vohasida ham kuzatish mumkin. Shu bilan birga, Qangʻ davlati hududida turkiy tilli aholining nufuzi ustunlik qilganini ham aytib oʻtish joiz. Oʻzbek xalqi ajdodlari shakllanishining muhim bosqichlaridan yana biri Eftaliylar davlati va Gʻarbiy turk xoqonligi davriga toʻgʻri keladi. Bu paytga kelib turkiy tilda soʻzlashuvchi elatlarning bir-birlari bilan qoʻshilishi va shakllanishi uchun qulay sharoit yetiladi. Garchi, mazkur davlatlar hududlarida yashovchi xalqlar turkiy va eroniy tillarda soʻzlashib, ular aralash etnoslarni tashkil qilgan boʻlsa-da, ikkala davlatda ham turkiy til ustunlik qilgan. Eftaliylarning tili xususida mutaxassislar oʻrtasida turlicha qarashlar mavjud boʻlishiga qaramay, ularning turkiy xalqlar boʻlganligi haqiqatga yaqin.
Eftaliylar oʻz hukmdorlarini “yabgʻu” deb atashgan. Bunday atama faqat turkiy xalqlarga xos boʻlib, forslar esa oʻz hukmdorlarini shoh yoki podishoh deb atashgan. Bu davrda turkiy xalqlarning monolit etnik til birikmalari qaror topib, ular Eftaliylar davlati va Gʻarbiy Turk hoqonligining asosiy tayanchi boʻlib qoldilar. Arablar istilosi, garchi, Oʻrta Osiyo xalqlarining madaniyati, eʼtiqodi va tiliga katta taʼsir koʻrsatgan boʻlsa-da, ularning etnogenez jarayonlariga taʼsiri uncha katta boʻlmagan. Arab tili va dinini keng yoyish maqsadida Movarounnahr hududlariga koʻchirib keltirilgan arablar mahalliy aholidan oʻzlarini tortib, alohida mahalla va guzarlarda istiqomat qilishgan. Keyinchalik ular aralashib, oʻlka xalqlari tarkibiga singib ketishgan. Arabxona nomi bilan ataluvchi qishloq va guzarlarning hozirgi kunda ham Respublikamizning barcha viloyat va tumanlarida mavjudligi fikrimizning dalilidir. Islom dinining oʻlkamizga yoyilishi natijasida arab tili koʻproq ilm-fan tiliga aylandi, aholi esa oʻzining avvalgi soʻzlashuv tilida davom etgan, yaʼni mahalliy aholining arablashuv jarayoni yuz bermagan. Oʻzbek xalqi shakllanishidagi eng muhim bosqichlardan biri IX–XII asrlar hisoblanadi. Bu davrga kelib Oʻrta Osiyo, jumladan Movarounnahr hududlarida hozirgi oʻzbek xalqiga xos qiyofa uzil-kesil qaror topib, mahalliy aholining asosiy qismini tashkil etadi. Shu bilan birga, tojik xalqining shakllanishi ham shu davrga toʻgʻri keladi. Bir soʻz bilan aytganda, uzoq davom etgan etnik jarayonlar natijasida mazkur davrga kelib Movarounnahr hududlarida qadimdan aralash yashab kelayotgan, madaniyati, urf-odatlari hamda ajdodlari yagona boʻlgan turkiy va eroniy tillarda soʻzlashuvchi elatlardan ikki mustaqil – oʻzbek va tojik xalqlari vujudga keldi. IX asrga kelib somoniylar sulolasi hukmronligi oʻrnatilgach, dariy tilining ahamiyati ortib, u saroy tiliga aylandi va bu davrda dariy tilida badiiy, ilmiy adabiyotlarning koʻplab yaratilishi bu tilning Oʻrta Osiyo mintaqasida mavqei oshishi va keng yoyilishini tezlashtirdi.
Somoniylar davrida saroy adabiyotida dariy tilini qoʻllash ragʻbatlantirilgan. Shu bilan birga, somoniylar davrida rasmiy davlat tili arab tili boʻlganini ham esdan chiqarmaslik kerak. Davlatning barcha rasmiy hujjatlari bu davrda arab tilida olib borilgan. Ammo, somoniylar hukmronligi davri dariy tilining fors-tojik adabiy tili sifatida shakllanishiga katta turtki berib, u saroy tili darajasiga koʻtarilgan boʻlsa-da, somoniylarning qaysi xalqqa mansubligi xususida turlicha qarashlar mavjud. Jumladan, ularning sulolasi Bahrom Choʻbinga (Bahrom Goʻr) borib taqalishi hamda uning turkiy qavmdan uylangani, mazkur sulola vakillarining esa shu nikohdan tarqalganiga asoslangan mutaxassislar somoniylarni turkiy shajara sifatida eʼtirof etadilar. Hatto, Bahrom Choʻbinning oʻzi ham turkiy elat vakili ekanini eʼtirof etuvchi qarashlar ham mavjud. Keyingi manbalar ham buni tasdiqlaydi. Jumladan, XV asrda yashagan Muiniddin Natanziy oʻzining “Muntaxab at-tavorix” nomli asarida somoniylarning keyingi avlodlari xususida toʻxtalib, ularning turkiylar ekanligini yozadi. Somoniylar zamonida davlat ishlari arab tilida yuritilib, dariy tilining saroy tili sifatida ravnaq topishi turkiy tilning mavqeini tushirib, uning rivojlanishini toʻxtatib qoʻymadi. Rasmiy yozishmalar va hujjatlar davlat tilida olib borilib, saroy adabiyoti dariy tilida bitilgan boʻlsa-da, aholining oʻzaro muloqot tili avvalgicha qolgan. Umuman, bu davr tili haqida soʻz ketganda turkiy va dariy tillarni bir-biriga qarama-qarshi qoʻyish toʻgʻri emas. Rivojlangan va hatto, soʻnggi oʻrta asrlar davrida ham Movarounnahr aholisi ikkala tilda birday muloqot qila olgan.
X asr oxirida Movarounnahrni Qarluqlar (Qora xoniylar) istilo qila boshlaydi. Qarluqlarning istilochilik harakatlari Yettisuv va Sharqiy Turkistonning unga qoʻshni boʻlgan viloyatlaridan boshlanadi. X asrning ikkinchi yarmida bu yerlarda yarim koʻchmanchi, yarim oʻtroq turkiy qavmlarning harbiy jihatdan kuchli boʻlgan qudratli davlati vujudga keladi. Yettisuvdagi turkiy qavmlar uyushmasi argʻu, tuxsi, qorliq, chigil, yagʻmo singari elatlardan tashkil topgan edi. Shulardan argʻu, tuxsi, qorliq va chigillar madaniy jihatdan ancha taraqqiy qilgan boʻlib, ular faqat ovchi, chorvadorlardan iborat boʻlmasdan, balki ziroatchilik bilan ham shugʻullangan. Mazkur davrning yana bir xususiyati shundaki, shu davrda bu yerdagi soʻgʻd mustamlakalari va shahar aholisining soʻgʻdiylar oʻrnashgan qismida turkiylashish jarayoni tezlashadi. Turkiylashish, eng avvalo, turkiy til va nutqning gʻalaba qilishida ifodalanadi. Buni oʻsha davrda yashagan tilshunos olim Mahmud Qoshgʻariy ham eʼtirof etadi. Shunday qilib, X asr oxiri – XI asr boshlarida Movarounnahrda Qoraxoniylar hukmronligining oʻrnatilishi bilan qarluq, oʻgʻuz, chigil, yagʻmo va boshqa turkiy qabila hamda urugʻlarning Shosh, Fargʻona kabi viloyatlarda yashovchi turkiy aholi bilan oʻtroq hayotga koʻchish jarayoni tezlashadi. Oʻtroq dehqon va hunarmand aholi bilan aralashib, dehqonchilik hamda shahar madaniyatining boy tajribasi va anʼanalari oʻzlashtiriladi. Turkiy mushtarak til va xalq ogʻzaki eposiga asoslangan badiiy adabiyot yuzaga keladi. Natijada turkiy tilda soʻzlashuvchi aholining Movarounnahr asosiy nufuslaridan biri sifatidagi mavqei yanada ortadi. Shu davrga kelib, turkiy adabiy tilning shakllanish jarayoni ham nihoyasiga yetadi. Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Xojib, Ahmad Yassaviylarning bebaho asarlari shu davr turkiy adabiy tilining yorqin namunalaridir. Oʻzbek xalqi shakllangandan keyin ham etnogenez jarayonlari davom etgan. Bu boradagi keyingi yirik bosqich moʻgʻillar istilosi bilan bogʻliq. Moʻgʻil istilosi va ularning sekin-asta mahalliy xalqlar tarkibiga qoʻshilib ketishi natijasida Chigʻatoy ulusi aholisining tashqi qiyofasida moʻgʻil elementlari kuchaygan boʻlsa-da, mazkur hodisa oʻzbek xalqi antropologiyasini butunlay oʻzgartira olmadi, aholi moʻgʻillashib ketmadi. Aksincha, Movarounnahrga koʻchib oʻtgan moʻgʻillarning oʻzlari qisqa muddatda turklashib tub aholiga aralashib ketdi. Bu bir qator sabablar bilan bogʻliq boʻlib, ulardan eng asosiysi Oʻrta Osiyoga bostirib kelgan Chingizxon qoʻshinlari tarkibida moʻgʻillar kamchilikni tashkil qilib, ularning koʻpchiligi turkiy elatlardan iboratligi bilan izohlanadi.
Oʻzbek xalqi etnogenezida muhim rol oʻynagan oxirgi bosqich XV asr oxiri – XVI asr boshlarida Shayboniyxon boshliq Dashti qipchoq oʻzbeklarining Movarounnahrga bostirib kirishi bilan bogʻliq. Ana shu vaqtdan boshlab Oʻrta Osiyoda oʻzbek xonlarining hukmronlik davri boshlanadi. Koʻchmanchi oʻzbeklar dehqonchilikning yuksak madaniyatini egallagan Movarounnahr aholisiga aralashib, ularning koʻplari asta-sekin oʻtroq hayotga oʻtib borgan va shu zaylda Oʻrta Osiyoning turkiy aholisiga yangi bir muhim qatlam boʻlib qoʻshilgan. Koʻchmanchi oʻzbeklar keyinchalik barcha turkiy aholiga oʻz nomlarini berdilar. Shu davrdan boshlab Movarounnahr aholisining katta qismi oʻzbeklar deb atala boshladi. Lekin ularning vakillari Movarounnahr va Xurosonda ilgarigi asrlarda ham yashaganligi sir emas. Xullas, Dashti Qipchoq oʻzbeklarining Movarounnahr tub aholisiga qoʻshilib ketishi aholining etnik qiyofasida dastlab Oltoy turklari, soʻngra Chingizxon boshliq moʻgʻillar aralashuvi natijasida yuzaga kelgan moʻgʻil irqi belgilarining maʼlum darajada kuchayishiga sabab boʻldi. Shu boisdan zamonaviy oʻzbek xalqi qiyofasida ikki holatni kuzatish mumkin. Jumladan, aholining Dashti Qipchoq oʻzbeklarining taʼsiri kuchliroq boʻlgan qismida moʻgʻil irqi belgilari ustunlik qiladi hamda ular “joʻqchi” lahjasida soʻzlashishadi, aholining azaldan shu hududda yashab kelayotgan qismi esa koʻproq yevropa irqiga moyil boʻlib, ular “yoʻqchi” lahjasida soʻzlashishadi. Bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek xalqi asosan ikki etnik qatlamdan tashkil topgan. Birinchi qatlam Turon-Turkiston hududlarida azaldan yashab kelgan elatlar asosida shakllangan. Ikkinchi qatlam esa Volga (Itil) daryosi boʻylaridan tortib, to Xorazmning shimoli, Sirdaryoning oʻrta va quyi oqimlarigacha boʻlgan hududlarda isti qomat qiluvchi chorvador qavmlar asosida shakllangan. Bu makon oʻtmishda turli nomlar, chunonchi Dashti Qipchoq, Oltin Oʻrda, Oʻzbek viloyati, Oʻzbeklar mamlakati, Oʻzbek ulusi degan nomlar bilan atalgan. Xalqimizning bu qatlamini shartli ravishda shimoliy qatlam deb atash maqsadga muvofiqdir. Shunday qilib, oʻzbek xalqi etnik shakllanishi uzoq davom etgan murakkab jarayondir. Oʻzbek xalqining asosini hozirgi Oʻzbekiston hududida bir necha ming yillar davomida yashab kelgan mahalliy soʻgʻdiylar, boxtarlar, xorazmiylar, saklar, massagetlar, qangʻlilar va dovonliklar tashkil qilgan.
Turli davrlarda turli maqsadlarda kirib kelgan qabila, elat va urugʻlar davr oʻtishi bilan mahalliy aholiga oʻz taʼsirini qisman oʻtkazgan. Bu oʻrinda shuni alohida qayd etish lozimki, oʻzbek xalqi shakllanish jarayonining barcha bosqichlarida mahalliy aholi tashqaridan kelgan aholiga nisbatan doimo ustunlik qilgan. Shuning uchun tashqaridan kelib qoʻshilgan elatlar antropologik nuqtai nazardan mahalliy aholining etnik qiyofasi va tashqi koʻrinishini tubdan oʻzgartira olmagan, qadimgi xalqlarimizga xos antropologik xususiyatlar shu kunlarga qadar saqlanib kelmoqda. “Oʻzbek” etnonimining kelib chiqishi masalasida mutaxassislar oʻrtasida hozirga qadar yagona fikr mavjud emas. Nima boʻlganda ham, “Oʻzbek” etnonimining paydo boʻlgan davri oʻzbek xalqi shakllangan davrga nisbatan ancha yosh hisoblanadi. Shunga qadar xalqimiz xorazmiylar, soʻgʻdiylar, fargʻonaliklar, boxtarlar, movarounnahrliklar, chigʻatoiylar degan turli umumiy nomlar hamda alohida urugʻ-qabila nomlari bilan atalib kelgan. Oʻrta Osiyoda yashovchi barcha turkiy elatlarga nisbatan esa umumiy “turkiy” atamasi qoʻllangan. Mintaqa xalqlari oʻzlarining zamonaviy nomlariga keyinchalik ega boʻlgan. Ammo bu bir paytda yuz bermagan. Oʻzbek xalqi asosini hozirgi Oʻzbekiston hududlarida bir necha ming yillar davomida yashab kelgan mahalliy saklar, massagetlar, soʻgʻdiylar, boxtarlar, xorazmiylar, qangʻlilar, dovonliklar, chochliklar tashkil etgan. Turli tarixiy davrlarda chetdan kelib qoʻshilgan aholi tub aholiga qisman taʼsir oʻtkazgan boʻlsa-da, uning etnik qiyofasini tubdan oʻzgartira olmagan.
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q