Bilasizmi?
Oʻzbek tili – turkiy tillarning qarluq guruhiga mansub tillardan; yangi uygʻur tili bilan birgalikda qarluq-xorazm guruhchasini tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili. 1989-yil 21-oktyabrdagi “Davlat tili haqida”gi Qonunga muvofiq oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan. Oʻzbek tili asosan, Oʻzbekistonda, shuningdek, Afgʻoniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Turkmaniston, RF, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy, AQSH, Germaniya va boshqa mamlakatlarda tarqalgan. Oʻzbek tilida soʻzlashuvchilarning umumiy soni 26 mln. kishidan ortiq (Oʻzbekistonning oʻzida 20 mln.dan, Tojikistonda 1,2 mln.dan ziyodroq, Afgʻonistonda esa, turli manbalarga koʻra, 2,3 mln.dan 4 mln.gacha, Qirgʻiziston va Saudiya Arabistonida 550–600 mingdan ortiq, Qozogʻiston va Turkmanistonda 320–330 mingdan ortiq) kishini tashkil etadi (2000-y.).
Oʻzbek tili qipchoq, oʻgʻuz, qarluq-chigil-uygʻur kabi 3 ta til birligi sifatida shakllanib, murakkab dialektal tarkibi bilan ajralib turadi. Unda 3 ta asosiy lahja bor, bular: 1) qarluq-chigiluygʻur lahjasi; 2) qipchoq lahjasi; 3) oʻgʻuz lahjasi. Bu lahjalar tarkibidagi koʻplab shevalar fonetik, leksik va qisman morfologik jihatdan oʻzaro farqlansa-da, ularning barchasi ham milliy oʻzbek tilining, adabiy oʻzbek tilining shakllanishida muayyan darajada ishtirok etgan. Oʻzbek tilining lahjalari orasida, odatda, qarluq-chigil lahjasi hamda uning tarkibiga kiruvchi shevalar (Toshkent, Andijon, Fargʻona, Namangan, Qoʻqon, Jizzax, Samarqand, Kattaqoʻrgʻon, Buxoro, Qarshi, Oʻsh, Margʻilon, Jalolobod va boshqa shaharlarning shevalari) oʻzbek adabiy tilining tayanch shevalari hisoblanadi.
Oʻzbek adabiy tilining meʼyorlarini belgilashda Toshkent shevasi fonetik jihatdan, Fargʻona, Andijon shevalari esa morfologik jihatdan tayanch shevalar deb olingan. Turkiy xalqlar uchun mushtarak obida hisoblangan Oʻrxun-Yenisey tosh bitiklari, Oʻrta Osiyo turkiy xalqlarining umumiy adabiy tili namunalari boʻlgan “Devonu lugʻotit turk”, “Qutadgʻu bilig” kabi oʻlmas asarlar oʻzbek xalqining dastlabki yozma yodgorliklari hisoblanadi. Eski oʻzbek adabiy tilining shakllanishi XIV asr oxirlari va XV asrga toʻgʻri keladi. Bu davr adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning hissasi beqiyosdir. Oʻzbek adabiy tili Lutfiy, Sakkokiy, Navoiy, Bobur ijodi bilan boshlanib, Ogahiy, Furqat, Muqimiylar ijodida rivojlandi, sayqal topdi. Shoʻro davrida olib borilgan notoʻgʻri til siyosati va turli tazyiqlar oqibatida oʻzbek tilining turli sohalardagi vazifalari nihoyatda cheklanib qolgan edi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgandan keyin, ayniqsa, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, oʻzbek tili shakllanishining yangi davri boshlandi: Oʻzbek tili xoʻjalik hayotining barcha sohalarida toʻliq amal qiladigan polifunksional til sifatida rivojlanmoqda. Oʻzbeklarning ajdodlari, barcha turkiy xalqlar qatori, V–X asrlarda Oʻrxun-Yenisey yozuvidan va boshqa qadimiy yozuvlardan foydalanganlar. XI asrdan 1929-yilgacha arab grafikasi asosidagi, 1929–40 yillarda lotin grafikasi asosidagi yozuvdan foydalanilgan. 1940-yildan rus grafikasi asosidagi yozuv joriy etilgan. 1993-yil 2-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida” Qonun qabul qildi. Ushbu qonun 1995-yil 6-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tegishli oʻzgartishlar bilan qayta qabul qilindi va “Davlat tili haqida”gi Qonun bilan bir qatorda, uning davomi sifatida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Oʻzlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar oʻrtasidagi ruhiy-maʼnaviy bogʻliqlik til orqali namoyon boʻladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir.
Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning soʻzlari bilan aytganda, “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”... mustaqillik arafasida oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasida nihoyatda qizgʻin, baʼzida keskin va murosasiz bahs va tortishuvlar boʻlib oʻtgan edi. Nihoyat, 1989-yilning 19-oktyabr kuni bu oʻta muhim masala Oliy Kengash sessiyasi muhokamasiga qoʻyildi. Va qariyb bir yarim asrlik qaramlikdan soʻng mamlakatimizda oʻzbek tili davlat tili deb eʼlon qilindi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri boʻlmish ona tilimiz oʻzining qonuniy maqomi va himoyasiga ega boʻldi. Bu Vatanimiz tarixida tom maʼnodagi buyuk voqea edi.
Qabul qilingan qonunda davlat tili bilan birga yurtimizdagi barcha millat va elatlarning tillarini rivojlantirish, davlat yoʻli bilan himoya qilish, tili, dini va millatidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning oʻz ona tilida taʼlim, axborot, kerakli maʼlumot olish kabi xuquqlarini kafolatlash masalalari aniq belgilab qoʻyilgan edi. Bu qonun oʻsha paytda boshqa respublikalarda qabul qilingan tilga oid hujjatlardan oʻzining demokratik mohiyati bilan ajralib turadi. Jumladan, mazkur qonun davlat idoralarida ishlash, taʼlim olish, mansab lavozimlari boʻyicha koʻtarilish, fuqarolik singari masalalarda odamlarning huquq va erkinliklarini kamsitadigan turli shartlar va “senz”lardan xoli ekani bilan jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilgan talab va qoidalarga toʻliq javob berar edi. Shuning uchun ham u koʻpmillatli xalqimiz tomonidan ijobiy kutib olingani bejiz emas.
1992-yil 7-dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan aniq belgilanib, mustahkamlab qoʻyildi. Shu tariqa oʻzbek tili mustaqil davlatimizning bayrogʻi, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi. Oʻtgan davr mobaynida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va taʼsirini kuchaytirish, uni tom maʼnodagi milliy qadriyatga aylantirish yoʻlida ilgari tasavvur ham qilib boʻlmaydigan ulkan ishlar amalga oshirildi. Istiqlol yillarida oʻzbek tilining qoʻllanish doirasi amalda nihoyatda kengaygani, uni ilmiy asosda rivojlantirishga qaratilgan tadqiqotlar, tilimizning oʻziga xos xususiyatlariga bagʻishlangan ilmiy va ommabop kitoblar, oʻquv qoʻllanmalari, yangi-yangi lugʻatlar koʻplab chop etilayotgani jamiyat tafakkurini yuksaltirishga oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Ayniqsa, davlat tilining xalqaro miqyosda ham faol muloqot vositasiga aylanib borayotgani eʼtiborlidir. Xususan, xorijiy mamlakatlar rahbarlari bilan boʻladigan uchrashuv va suhbatlar, muzokaralar, tegishli hujjatlarni imzolash marosimlarida, nufuzli sammitlarda, rasmiy matbuot anjumanlarida oʻzbek tilining oʻrni va ahamiyati ortib borayotgani hammamizga gʻurur-iftixor bagʻishlaydi. Shu borada oʻzbek tilining kompyuter va Internet, aniq fanlar, tibbiyot, iqtisodiyot kabi maxsus termin va tushunchalarni talab qiladigan sohalarda ham keng qoʻllana boshlagani uning imkoniyatlari nechogʻliq katta ekanini koʻrsatadi. Holbuki, bundan yigirma yil oldin oddiygina ariza yoki maʼlumotnomani ham oʻzbek tilida yozishning imkoni yoʻq edi. Bugun bu haqda gapirsangiz, koʻpchilik yoshlarning ishonishi qiyin. Chunki hozirgi paytda oliy hokimiyat idoralaridan tortib mahalliy boshqaruv idoralarigacha ish yuritish ona tilimizda amalga oshirilmoqda.
Biz ajdodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uni boyitish, nufuzini yanada oshirish ustida doimiy ishlashimiz zarur. Ayniqsa, fundamental fanlar, zamonaviy kommunikatsiya va axborot texnologiyalari, bank-moliya tizimi kabi oʻta muhim sohalarda ona tilimizning qoʻllanish doirasini kengaytirish, etimologik va qiyosiy lugʻatlar nashr etish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish, bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek tilini ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish milliy oʻzlikni, Vatan tuygʻusini anglashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz».
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q