Qo‘shni muhtoj bo‘lmasin


Saqlash
03:12 / 13.12.2021 0 1061

Bola edik. Biz ko‘chib kelgan qishloq qo‘riq yerda barpo qilingan, hali qo‘rg‘onlar yo‘q, uylar devor urib to‘silmagan edi. O‘sha yili qish qattiq keldi, yaydoq hovlimiz chetiga bir mashina ko‘mir to‘ktirdik. Bir ko‘mirki, havasga yoqasiz. Dona-dona, lovullab yongani bilan cho‘g‘i sahargacha buzilmay turadi.

 

Olapar laqabli juda hushyor itimiz bo‘lib, odamni tishlamas, ammo hovliga begona kirsa, akillab dunyoni buzardi. Bir kuni oqshomda qattiq hurdi, akam tashqariga chiqib ketdi. Birozdan keyin qovog‘i uyulib kirib keldi. Nima gapligini so‘ragan onamga:

 

– Qo‘shnimiz Hayit xola ekan, – dedi. – Qo‘lida eski qop, tovug‘imni izlab chiqdim, deydi. Tunov kuni ham ko‘rib qoluvdim, shunaqa bahona qildi.

 

Dadam bilan onam bir-biriga ma’noli qarab qo‘yishdi.

 

– Bilaman, ko‘mir o‘g‘irlagani chiqqan! – dedim men dadillashib. Chunki uyumning qo‘shni tomoni har kuni o‘yilib qolayotganini anchadan beri sezib yurardik.

 

– O‘zingdan kattaga bilib-bilmay malomat qilma, – po‘pisa qildi onam.

 

– Rost aytyapti, – gapga qo‘shildi opam. – Ularnikida umuman ko‘mir yo‘q, shuning uchun ham...

 

Dadam vazmin tomoq qirdi, hammamiz unga yuzlandik.

 

–  Ularda ko‘mir yo‘q degin? Unda yaxshilab eshitvolinglar. Bugundan boshlab kechasi itni bo‘shatmaymiz. Kim qo‘shnining kirganini payqab qolsa, tezda bildirmay iziga qaytsin. To oladiganini olib ketmaguncha chiqmay turinglar, izza bo‘lmasin.

 

Onam indamay bosh irg‘ab tasdiqladi. Bizning hayronligimiz yuzimizda zohir edi shekilli, dadam qo‘shimcha qildi:

 

– Qo‘shning sovuqda diydirab o‘tirsa, senga issiq uy tatiydimi? Qo‘li yupqalik qilgandirki, ko‘mir ololmagandir. Muhtojlik yomon... Nevaralari mayda, yordam berish kerak.

 

Shu-shu Hayit xolaning kirib-chiqishlariga ko‘z yumib yuraverdik. Onam ora-sira hech narsani bilmaydiganday, ularnikiga paqirni to‘ldirib ko‘mir opchiqadigan bo‘ldi.

 

Qishdan hamma omon chiqdi. Ko‘mir hammaga yetdi.

 

O‘shandan beri qancha suvlar oqib o‘tdi. O‘sha odamlar endi yo‘q. Hayit xolaning “mayda” nevaralari allaqachon shaharda katta odam bo‘lib ketishgan. Lekin, qachon yo‘llari tushsa, ota uyimizni bir yo‘qlab o‘tishadi. Buvilari vasiyat qilgan ekan...

 

 Gulchehra ASRONOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

09:02 / 05.02.2025 0 21
Kampir uxlagan, xon-chi?

Bilasizmi?

09:02 / 05.02.2025 0 70
Qarg‘ish asli qoralashmi?

Bilasizmi?

18:01 / 31.01.2025 0 196
Mahmud Koshg‘ariyning eski zontigi

Bilasizmi?

12:01 / 28.01.2025 0 681
Choʻlponning “qatagʻon qilingan” sheʼri

Bilasizmi?

10:01 / 27.01.2025 0 188
Oʻrta Osiyomi yoki Markaziy Osiyo?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 221134
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 105644
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 40768
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 32803
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 31419
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 28729
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 27194
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 25466
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//