Bilasizmi?
Yurt tinchligi – mamlakat barqaror taraqqiyotining asosiy sharti. Tinchlik – insonning hayotiy ehtiyoji, emin-erkin yashashi va kamol topishining eng zarur omilidir. Har bir inson uchun yurt tinchligi bebaho neʼmat, ulugʻ saodatdir. Bashariyat oʻz taraqqiyotining barcha bosqichlarida, avvalo, tinchlik-totuvlikka intilib kelgan. Tinchlikni saqlash va mustahkamlash masalasi umumbashariy muammodir. Insoniyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida jamiyatning asosiy masalalari, birinchi navbatda, tinchlik-totuvlik holatidagina samarali hal etilgan. Shu boisdan ham yurt tinchligi – barqaror taraqqiyot garovidir. Tinchlikni saqlash muammosini kishilarning shunchaki xohish-istagi, orzu-umidlari bilan hal qilib boʻlmaydi. Insoniyat uchun muqaddas bu qadriyatga doimo izchil va qatʼiy harakatlar tufayligina erishilgan. Oʻzbek xalqi tinchlikni yuksak qadrlaydi hamda uni oʻz orzu-umidlari, oliy maqsadlari roʻyobga chiqishining kafolati, deb biladi. Shu boisdan ham bobo-momolar duoga qoʻl ochganida, dastavval, Yaratgandan tinchlik-omonlik tilaydi. Xalqimiz orasida ham “tinchlik boʻlsa, har qanday maqsadga erishish mumkin”, degan tushuncha keng tarqalgan. Lekin tarix saboqlari shundan dalolat bermoqdaki, orzu-niyatning oʻzi bilangina uzoqqa borish qiyin. Yurt tinchligi dunyo va mintaqalar tinchligi bilan chambarchas bogʻliq. Davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va hamkorlik munosabatlari tobora chuqurlashib borishi hozirgi sharoitda tinchlikning nihoyatda muhim omili sifatida katta ahamiyat va chuqur maʼno kasb etmoqda.
Xalqaro maydonda roʻy berayotgan tub siyosiy oʻzgarishlar ham tinchlik uchun kurashning ahamiyatini yanada oshirib yubordi. Koʻpgina mamlakatlar xalqlarining milliy istiqlol, demokratik erkinliklarni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazish yoʻlidagi saʼy-harakatlari oʻz yurti va mintaqalaridagi tinchlik va barqarorlikka bogʻliq ekani ravshan. “Qoʻshning tinch – sen tinch” maqolining tub maʼnosini dunyo ham, biz ham yanada teranroq anglamoqdamiz. Koʻhna tarixga nazar tashlasak, aynan yurt tinch, el omonlikda yashagan davrlardagina xalqimiz moddiy va maʼnaviy yutuqlarga erishganiga guvoh boʻlamiz. Xususan, Sohibqiron Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulugʻbek Movarounnahrga hukmronlik qilgan 40 yil mobaynida mamlakatda tinchlik-barqarorlik ustuvor boʻlgani sababli ilm-fan, madaniyat taraqqiy etgan, bunyodkorlik ishlari rivojlangan, koʻhna zaminimiz gullab-yashnagan. Oʻzbek xalqi tinchlikni oʻz orzu-intilishlari, maqsad-muddaolari roʻyobga chiqishining sharti deb biladi. Shuning uchun ham doimo Yaratgandan tinchlik va omonlik tilaydi. Sharq mamlakatlarining qayeriga bormang, odamlar bir-biri bilan uchrashganda, avvalambor, “Assalomu alaykum” deyishadi. Ushbu kalom arabchadan olingan boʻlib, “Sizga tinchlik yor boʻlsin” degan maʼnoni anglatadi. “Salom”, yaʼni “tinchlik” soʻzi Qurʼoni Karimda 40-marta uchraydi. Bu muqaddas kitobning oyatlaridan birida shunday deyiladi: “Mehribon Parvardigor tomonidan odamlarga olqish maʼnosida «tinchlik” soʻzi aytilur». Biroq, insoniyat tarixida, keyingi besh ming yilda taxminan 15 mingdan ortiqroq katta-kichik urushlar boʻlgan ekan. Holbuki, bashariyat faqat tinchlik va osoyishtalik barqaror boʻlgan taqdirdagina oʻz oliy maqsadlariga erishadi, moddiy va maʼnaviy jihatdan yuksaladi. Yurt tinchligi eng aziz neʼmat ekaniga butun jahon amin boʻlmoqda. Dunyoning koʻp mamlakatlarida roʻy berayotgan terrorchilik harakati bu borada hali koʻplab muammolar borligini koʻrsatmoqda. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq yurt tinchligini saqlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Oʻzbekiston dunyoda birinchi boʻlib Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli maydonga aylantirish, xalqaro terrorchilikka qarshi kurash markazini tuzish va boshqa tinchliksevar takliflar bilan chiqdi. Chunki islohotlarning natijalari aynan shu gʻoyani amalga oshirishga bevosita bogʻliq edi. Shuning uchun ham milliy istiqlol mafkurasida yurt tinchligini taʼminlaydigan shart-sharoitlarni yaratish masalasiga alohida eʼtibor berilgan. Yurt tinchligi – Vatan ozodligi va mustaqilligi bilan chambarchas bogʻliq. Birovga qaram boʻlgan xalq hech qachon erkin va farovon yashay olmaydi. Shuning uchun ham mustaqillik va tinchlikni asrashimiz, mamlakatimizni tajovuzkor kuchlardan himoya qilishga doimo tayyor turishimiz lozim. Yuksak maʼnaviyat, madaniyat, millatning gʻoyaviy va mafkuraviy yetukligi yurt tinchligini saqlashning muhim shartidir. Xalqimiz uchun azal-azaldan muqaddas boʻlgan bu gʻoya jamiyatdagi turlicha fikr va qarashga ega boʻlgan barcha kuch va harakatlarni birlashtirishga, shu orqali milliy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Oʻzbekistondagi ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik yurt tinchligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa mamlakatimizda ichki barqarorlikni taʼminlash, xorijiy davlatlar bian teng huquqli hamkorlikni rivojlantirish, jamiyat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish va demokratiyalashtirish, siyosiy partiyalar faolligini oshirish, belgilangan reja va maqsadlarga erishish, bir soʻz bilan aytganda, bunyodkorlik faoliyatiga xizmat qilmoqda.
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q