Eʼtiqod


Saqlash
15:12 / 19.12.2023 0 524

Eʼtiqod (arabcha ishonch, iymon) – muayyan maqsad, qadriyatga ishonch, shu asosda shakllangan tafakkur tarzini ifoda etuvchi tushuncha. Ilmiy-falsafiy adabiyotda eʼtiqod tushunchasi turlicha talqin etiladi, jumladan, eʼtiqodning vujudga kelishi uchun bilim eng muhim asos vazifasini bajaradi. Lekin eʼtiqod va bilim aynan bir xil tushunchalar emas. Albatta, bilimlarning chinligi eʼtiqodni mustahkam boʻlishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ammo, har qanday bilim emas, balki inson ongida qayta ishlab chiqilgan, yaʼni tajriba chigʻirigʻidan oʻtgan, ikkinchi marta qayta hosil boʻlgan bilimlargina (gʻoyalar, nazariyalar) eʼtiqodning mustahkam boʻlishini taʼminlaydi. Insoniyat taraqqiyoti jarayonida yaratilgan bilimlar insonning oʻzi uchun, uning ehtiyojlari uchun qayta kashf etilgandagina, chinakam eʼtiqod darajasiga koʻtariladi. Bilim eʼtiqodga aylanishi uchun bir necha bosqichlarni bosib oʻtadi. Chunonchi, bilim oʻz taraqqiyotining dastlabki bosqichida anglash holatini bosib oʻtadi. Anglab olingan bilim, oʻz taraqqiyotining ikkinchi bosqichida tushunish holatiga kiradi. Inson, bilimlarning maʼno-mohiyatini tushunib yetgach, uning toʻgʻriligiga (yoki notoʻgʻriligiga) ishonch hosil qiladi. Tajribadan maʼlumki, faqat mustahkam eʼtiqodga aylangan bilim (gʻoya, nazariya) inson amaliy faoliyatining takomillashuviga xizmat qiladi. Inson eʼtiqodi nafaqat turli haqiqatlarni oʻzida aks ettirgan bilimlar, balki oʻsha bilimlarga bergan bahosi, unga boʻlgan munosabatiga ham bogʻliqdir. Shuning uchun ham bilim (gʻoya, nazariya)ning eʼtiqodga aylanishi jarayonini tahlil etganda, u ijtimoiy amaliyot mahsuli, insonning bilish borasidagi faoliyatining mahsuli ekanini unutmaslik darkor.

 

Eʼtiqod quyidagi uch holatni bosib oʻtadi: a) bilim, gʻoya, nazariya (yaʼni aqliy holat); b) bilimga berilgan baho, munosabat (yaʼni baholash holati); v) oʻzlashtirilgan bilimlarni oʻz faoliyatiga tatbiq etish, ular asosida oʻz xatti-harakatini tartibga solish (xohish-iroda bilan boshqarish holati). Inson dunyoqarashining asosiy komponenti sifatida eʼtiqod bilish, baholash, boshqarish kabi funksiyalarni bajaradi. Bilish funksiyasining asosida olamdagi turli voqea-hodisalar, jarayonlar sodir boʻlishiga doir bilimlar yotsa, baholash funksiyasi oʻzlashtirib olingan bilimlarga tayanib, sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar maʼno-mohiyatini tushunib olish bilan bogʻliqdir. Boshqarish funksiyasi esa, insonning oʻz xulq-atvori, xatti-harakatiga koʻrsatayotgan taʼsiri, uni aniq maqsad sari yoʻnaltira olish qobiliyati, malakasi bilan bogʻliqdir. Demak, bilim, gʻoya, nazariya insonning amaliy faoliyati chigʻirigʻidan oʻtgach, ishoncheʼtiqodga aylanadi. Ishonch insonning ongliligi, xulq-atvorini xarakterlasa, iymon kishining xatti-harakatida namoyon boʻladi. Eʼtiqod inson xulq-atvori va xatti-harakatining birligi holatini ifodalovchi integrativ tushunchadir. Oʻz navbatida, eʼtiqod inson xatti-harakati yoʻnalishini belgilovchi asosiy determinantdir. Xohish-iroda, istak kabi unsurlar eʼtiqodning inson amaliy faoliyatida namoyon boʻlishi uchun hal qiluvchi turtki beradi. Amaliy faoliyat esa eʼtiqodni inson hayotiy pozitsiyasiga aylantiradi. Shunday qilib, eʼtiqod inson dunyoqarashining eng barqaror komponentidir. Xuddi shu komponent insonning ongli faoliyati, soʻzi bilan ishi birligini taʼminlovchi mustahkam, ishonchli koʻprikdir. Lekin eʼtiqod oʻz mazmuni, xarakteriga koʻra xilma-xil tarzda (gumanistik, fashistik, kommunistik, rasistik va boshqa) namoyon boʻlishi mumkin.

 

Avtoritarizm yoki zoʻravonlik, maʼmuriy buyruqbozlik yoki irqchilikka asoslangan har qanday eʼtiqod shaxs mustaqilligini yemiradi, insonni buyruqni bajaruvchi qoʻgʻirchoqqa aylantiradi. Aniqrogʻi, dunyoqarashida fashistik yoki gʻayriinsoniy, irqchilik, buyuk davlatchilik shovinizmi yoki diniy fanatizm ustuvorlik qilgan eʼtiqodga asoslangan har qanday inson, hech qachon mustaqil shaxs darajasiga koʻtarila olmaydi. Dunyoqarashida bunday eʼtiqod ustuvorlik qilgan kishi mustaqil fikrlash, mustaqil ishlash, mustaqil yashash madaniyatidan mahrum boʻladi. Chinakam bilim, ishonchga tayangan, turmush sinovlaridan oʻtgan ilmiy gʻoya va nazariyaga asoslanmagan eʼtiqod gʻayriilmiy eʼtiqoddir. Shuningdek, eʼtiqod – psixologik hamda ijtimoiy-psixologik tushuncha boʻlib, odamning muayyan qarash, taʼlimot-nazariya, hayotiy aqida, qadriyat yoki faoliyat tamoyillarini emotsional-hissiy qabul qilish jarayonida shakllangan sobit fikr va tasavvurlar majmui hamdir. Boshqacha aytganda, eʼtiqod maʼlum qadriyatlar, diniy yoki dunyoviy maslak, munosabatlarning inson qalbida yashash falsafasi, faoliyat dasturi sifatida qabul qilinishidir. Agar shu jarayonning oqibati oʻlaroq odamda diniy yoki dunyoviy maslak, ishonch kabi turgʻun munosabatlar shakllangan boʻlsa, biz uni eʼtiqodli odam deb ataymiz. Insonning insonligi, uning jamiyatdagi oʻrni va nufuzi ham maʼlum maʼnoda uning eʼtiqodi bilan belgilanadi. Ayrim insonlar butun umri mobaynida faqat bitta narsaga eʼtiqod qiladi. Masalan, fransiyalik mashhur sayyoh Kusto va uning maslakdoshlari bir qarashda, butun umrini dengiz hayoti va undagi sirli voqealar, hayvonot dunyosini kashf etishga bagʻishlagandek koʻrinadi. Dengizdan juda uzoqda yashaydigan, undan manfaat koʻrmaydigan odamlar uchun bu tadqiqotchilarning hayoti va faoliyati keraksiz narsadek tuyuladi. Lekin Kustoning oʻz ishiga sadoqati, eʼtiqodi shu darajada kuchliki, uni butun dunyo, sogʻlom fikrlovchi har bir inson juda yuksak qadrlaydi. Bu kabi odamlarning boshqa sohalardagi xizmati kam boʻlishi mumkin, ammo bashariyat uni yuksak eʼtiqodi uchun hurmat qiladi. Demak, eʼtiqodsizlikdan qoʻrqish kerak, agar hech narsaga ishonmaydigan, maqsad-maslagi nomaʼlum kishini koʻrsangiz, unga yordam berish lozim, chunki bu odamdagi eʼtiqodsizlik nafaqat uning oʻziga, balki atrofdagilarga ham ziyon keltiradi.

 

Eʼtiqodli odam, avvalo, foydali ish bilan shugʻullanadi, oʻzgalarga ziyon keltiruvchi amallar qilmaydi, yolgʻon gapirmaydi. U hamisha lafziga amal qiladi, yaʼni bir narsani qilaman, deb ahd etsa, butun kuchi va iqtidorini safarbar qilib, uni albatta bajaradi, boshlagan ishini oxiriga yetkazadi. Eʼtiqodli inson nima qilayotganini, nima uchun aynan shu ishni qilayotganini juda yaxshi biladi. Shu bois haqiqiy eʼtiqod egasi ilmga intiladi, oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyib yashaydi, har tomonlama barkamol boʻlishga tirishadi, yaxshilarga oshno boʻlish, buyuklikka havas uning hayotiy shioriga aylanadi. Haqiqiy eʼtiqod sohibi oʻzidan oilasiga, farzandlariga, insoniyatga nimadir qoldirishni istab yashaydi. Shuning uchun ham eʼtiqod, shaxsdagi jurʼat, mardlik, fidoiylik, iroda, vijdon, qatʼiyat, halollik, insonparvarlik, vatanparvarlik kabi fazilatlar bilan bogʻliqdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 46
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 227
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35345
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27551
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27483
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26660
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25376
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22637
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//