Etnosentrizm


Saqlash
17:12 / 18.12.2023 0 746

Etnosentrizm (yunoncha etnos – guruh, qabila, xalq va lotincha sentrum – markaz, jamlanish) – etnik ongning voqelikdagi hodisalarni oʻz etnik guruhi anʼana va qadriyatlari nuqtai nazaridan baholanishini anglatadi. Etnosentrizm ijtimoiy hayotdagi voqea-hodisalarga baho berishda etnik stereotip va qadriyatlar asos qilib olinishini bildiradi. Bu atama XX asr boshlarida amerikalik psixolog Samner tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan. Uning fikricha, guruh va qabila ichidagi munosabatlar uning tashqarisidagi munosabatlardan jiddiy farqlanadi. Etnosentrizm, bir tomondan, etnos doirasidagi birlik va birdamlikni bildirsa, ikkinchi tomondan, shu etnosning boshqa etnoslarga nisbatan shubha va dushmanlik bilan qarashini anglatadi. Etnosentrizm millatchilik, urugʻ-aymoqchilik, qabilachilik shakllarida namoyon boʻladi. Millatchilik oʻz millatini boshqalardan ustun qoʻyish, boshqa millatlarga mensimay qarash, ularga ishonmaslik koʻrinishlarida mavjud. Millatchilik buyuk davlatchilik shovinizmi va mazlum millat millatchiligi shakllarida boʻlishi mumkin.

 

Shovinistik siyosat yuritadigan davlatlar milliy manfaatlar niqobi ostida boshqa davlatlar, ularda yashaydigan millatlar manfaatlarini kamsitadi. Mazlum millatlar millatchiligi esa mustabid tuzumga, hukmron millatga qarshi qaratilgan boʻladi. Shoʻrolar tuzumi dohiysi Lenin mazlum millatlar millatchiligini ijobiy hodisa sifatida baholagan edi. Aslida bu millatchilik faqatgina mustamlakachi davlatning millatchiligiga nisbatan progressivroqdir. Aslida esa, mazlumlar millatchiligi ham salbiy hodisa boʻlib, u hukmron millatga emas, hukmron davlat siyosiy tuzumiga qarshi qaratiladi. Bunda u millatchilik xususiyati, yaʼni etnik xususiyatini yoʻqotib, sof siyosiy hodisaga aylanardi. Urugʻchilik etnosentrizmning koʻrinishlaridan biri boʻlib, urugʻning boshqa urugʻlardan ustunligini eʼtirof etish, uning manfaatlarini boshqa urugʻ va etnik birliklar manfaatlaridan ustun qoʻyish shaklida namoyon boʻladi. Qabilachilik esa qabila manfaatlarini boshqa qabilalar va etnik birliklar manfaatlaridan ustun qoʻyishni bildiradi. Urugʻchilik va qabilachilik, ayniqsa, feodalizm tuzumi sharoitida avj oladi. Masalan, Chingizxon davlatida oʻzi mansub boʻlgan qiyot urugʻi, uning amakivachchasi va lashkarboshisi – Qorachor noʻyon mansub boʻlgan barlos urugʻi vakillariga katta imtiyozlar berilgan edi. Mingboshi va undan yuqoriroq lavozimlarga faqat shu urugʻlarning vakillari qoʻyilar, sipohsolor – lashkarboshi lavozimiga esa faqat barlos urugʻi vakillari tayinlanar edi. Boshqa urugʻlarning imtiyozlari yoʻq yoki cheklangan edi. Masalan, saljiutlar va qiraytlarning huquqlari cheklangan boʻlib, ularning vakillari oʻnboshilik lavozimidan yuqoriroq lavozimlarga qoʻyilmas edi.

 

 

XXI asr boshlarida etnotsentrizm hodisasi rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda namoyon boʻlmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlardagi etnotsentrizmga Afrika qitʼasidagi Ruanda davlatida xutu va tutsilar oʻrtasida yuz bergan qonli toʻqnashuvlarni misol tariqasida keltirish mumkin. Bu toʻqnashuvlarda yuz minglab odamlar faqat muayyan qabila vakili boʻlgani uchun oʻldirib yuborildi. Ayrim rivojlangan davlatlar tomonidan dunyoning turli burchaklarida oʻz manfaatlarini himoya qilish niqobi ostida amalga oshirilayotgan oʻzboshimchalikda etnotsentrizm yuz berayotganiga guvoh boʻlish mumkin. Etnotsentrizmning zararli oqibatlaridan yana biri shundaki, u nafaqat siyosat va davlatlararo munosabatlarda, balki koʻpmillatli va koʻp elatli mamlakatlarda shaxslararo munosabatlar, ilm-fan, sanʼat vakillari oʻrtasidagi munosabatlarda ham ziddiyatlar kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin. Hozirgi globallashuv jarayoni etnik chegaralardan oʻtib, madaniy xilma-xillikni keltirib chiqarayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, boshqa madaniyatlar taʼsiriga qarshilik koʻrsatish maqsadida etnotsentrizmning kuchayishi koʻzga tashlanmoqda. Shunga qaramay, globallashuv sharoitida madaniyatlararo muloqotning kuchayishi, madaniyatlarning baynalmilallashuvi etnotsentrizmning negizlariga zarba beradi va uning susayishiga olib keladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 47
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 236
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35347
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27484
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26665
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25382
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22638
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//