Bilasizmi?
Etnogenez – muayyan xalqning kelib chiqishi, nasl-nasabi, paydo boʻlishini anglatuvchi tushuncha. Har bir xalqning tarixi uning etnogenezi va etnik tarixi bilan uzviy bogʻliqdir. Etnogenez etnik tarixning maʼlum bosqichlarida vujudga kelib, maʼlum bir etnosning elat, xalq boʻlib shakllanishiga qadar boʻlgan davrida davom etadigan tarixiy va etnomadaniy jarayondir. Odatda, biror-bir xalqning etnogenezini, uning etnik qatlamlari tarkibini aniqlamay turib, u xalq haqida, u tarkib topgan hudud va uning davlatchiligi haqida biror ilmiy tasavvur hosil qilish mumkin emas. Etnogenez jarayonida etnosni belgilovchi hududiy omillar: til va etnik nom birligi, etnomadaniy birlik, ijtimoiy-iqtisodiy va xoʻjalik, etnik nom (etnonim) hamda oʻzlikni anglash, xususiyat, fazilatlar birligi, siyosiy uyushma birligi, din umumiyligi va boshqa qator etnik alomatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu etnik alomatlar va belgilarning barchasi sodir boʻlgandagina etnos – xalq shakllanadi, yaʼni etnogenez jarayoni yakunlanadi. Ammo amalda bu etnik alomatlar barchasi etnogenez jarayonida, yaʼni muayyan bir vaqtda hozir boʻlishi yoki bir davrda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin boʻlmagan. Jumladan, maʼlum bir xalqning tashkil topishida til birligi bosh rol oʻynagan boʻlsa, boshqa bir elatning shakllanish jarayonida xoʻjalik, uchinchisida esa moddiy madaniyat yetakchi belgi boʻlgan.
Ilmiy adabiyotlarda etnogenez jarayonining 2 usuli ajratib koʻrsatiladi: 1) tub (avtoxton) etnik komponentlarning oʻzaro yaqinlashuvi, ularning qoʻshilib, birgalikda taraqqiy etib borishi; 2) shakllangan yoki shakllanayotgan etnik birlikka boshqa hududlardan koʻchib kelgan komponentlarning qoʻshilishi. Odatda, yangi etnosning shakllanishi jarayonida. Yaʼni etnogenez bosqichida va undan keyin ham bir xil tarixiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy sabablarga koʻra, uning tarkibiga yangi etnik qatlamlar qoʻshilib boradi. Yangi etnosning vujudga kelishi oldingi etnik komponentlarning oʻzaro qoʻshilib, bir-biriga singib ketishi natijasi hisoblanadi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, yangi etnik birlikning shakllanish jarayonining oxiriga yetishi bilan ham etnik jarayon toʻxtab qolmaydi. Shakllangan etnik birlikka turli davrlarda yangi-yangi komponentlarning qoʻshilishi yoki undan ajralib chiqib ketish hollari etnik birlik shakllangandan keyin ham davom etishi mumkin.
Soha mutaxassislarining fikricha, xalqlarning etnogenezini oʻrganishda quyidagi muhim jihatlarni eʼtiborda tutish lozim: a) har bir xalqning kelib chiqish tarixi koʻp qirrali jarayon boʻlib, u oʻz ichiga shu xalqning madaniyati va ijtimoiy tuzilmasi, uning biologik xususiyatlari, oʻzining jamiyatda tutgan oʻrnini tushunishi, tili, oʻzligini anglash jarayonlari va xususiyatlarini qamrab oladi; b) etnogenez masalasiga bir tomonlama qarab, uni soddalashtirmasdan, shu xalqning kelib chiqishi tarixida maʼlum ahamiyat kasb etgan barcha tarkibiy qismlar, har bir holat eʼtiborga olinishi lozim; v) etnogenez murakkab va uzoq davom etuvchi jarayon boʻlib, mazkur jarayonni bosqichma-bosqich tiklash maqsadga muvofiqdir. Shundagina ayrim xalqlar etnogeneziga oid muammolarni ilmiy nuqtai nazardan toʻgʻri va haqqoniy ochib berish mumkin boʻladi.
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q