Etnomadaniyat. Etnik guruh. Etnik jarayonlar


Saqlash
16:12 / 18.12.2023 0 1886

Etnomadaniyat – sotsiologiya, antropologiya, madaniyatshunoslik, falsafa, etnopsixologiya singari qator fanlar tomonidan oʻrganiladigan har bir xalqning muayyan tarixiy jarayonda shakllanadigan madaniyati. Etnomadaniyat umuminsoniy qadriyatlar, madaniy va axloqiy anʼanalarning bitmas-tuganmas manbaidir. Har bir xalq madaniyati uch tarkibiy qismdan iborat boʻladi:

1. Jahon madaniyatining tarkibiy qismi boʻlgan umummilliy madaniyat.

2. Millat tarkibidagi turli ijtimoiy guruhlar, hududlar, madaniyatlarning oʻzaro taʼsiri natijasida shakllangan madaniyat.

3. Turli ijtimoiy guruhlar va hududlar madaniyati.

 

Oʻzbek etnomadaniyati jahon madaniyatining tarkibiy qismidir. Ayni paytda uning tarkibida turli hududlar etnomadaniyati mavjud. Masalan, Xorazm etnomadaniyati, Fargʻona vodiysi etnomadaniyati, Qashqadaryo va Surxondaryo etnomadaniyati va hokazo. Etnomadaniyatning asosini qadriyatlar tashkil etadi. P.Sorokin taʼbiri bilan aytganda, “Qadriyatlar har qanday madaniyatning asosi va poydevoridir”. Etnik qadriyatlarning aksariyatida umuminsoniy qadriyatlar ham aks etadi. Masalan, oʻzbek uchun xos boʻlgan mehmondoʻstlik qadriyatida umuminsoniy qadriyat ham aks etgan. Farqi shundaki, mehmondoʻstlik turli millatlarda turli daraja va shakllarda namoyon boʻladi. Etnomadaniyat bir tomondan, sotsiumning tarkibiy qismi boʻlsa, ikkinchi tomondan, etnos yashaydigan tabiat bilan bevosita aloqador. Shuning uchun ham shimol xalqlari folklorida muzliklar, bepoyon oʻrmonlar aks etsa, janub xalqlari ogʻzaki ijodida sahrolar, choʻllar, quyosh tafti tarannum etiladi. Etnomadaniyatning vujudga kelishi etnogenez bilan parallel va bogʻliq tarzda yuz beradi. Etnosning paydo boʻlishi, shakllanishi va tadriji etnomadaniyatda aks etadi. Har bir xalqning etnogenezi oʻziga xos shakl va usulda yuz bergani uchun uning etnomadaniyati ham oʻziga xos boʻladi. Har qanday etnos boshqa etnoslar taʼsirida va ular bilan oʻzaro aloqada shakllanadi. Hatto orollarda yashovchi qabila va xalqlar ham tashqi dunyodan mutlaqo ajralgan holda rivojlanmaydi. Bu qabila va xalqlar, avvalo, oʻzaro, qolaversa, tashqi dunyo taʼsirida rivojlanadi. Xuddi shuningdek, etnomadaniyat ham polietnik muhitda, yaʼni koʻp va turli etnoslar madaniyati taʼsirida shakllanadi va rivojlanadi.

 

Etnomadaniyat mavjudligi va rivojlanishi vorislik orqali taʼminlanadi. Lekin bu vorislik irsiy yoʻl bilan emas, ijtimoiy taraqqiyot jarayonida, keksa avlod tomonidan madaniy anʼanalarni yosh avlodga singdirish, uzatish orqali shakllanadi. Etnomadaniyat etnik stereotiplarda, anʼana va qadriyatlarda, folklorda namoyon boʻladi. Etnik oʻzini oʻzi anglash etnomadaniyat asosida yuz beradi. Bu hol etnomadaniyatning xalqlar va millatlar rivojlanishida naqadar muhim oʻrin tutishidan dalolatdir. Etnomadaniyat boʻlmasa, milliy oʻzlikni anglash mumkin emas, demak, millat yoki boshqa etnos mustaqil etnos sifatida mavjud boʻla olmaydi va boshqa etnos madaniyatiga singib ketadi. Milliy oʻziga xoslik, milliy xarakter, milliy mentalitet negizida etnomadaniyat yotadi.

 

Etnik guruh – umumiy etnik oʻzlikni anglash qobiliyati, umumiy nom va madaniyat belgilariga ega boʻlgan hamda boshqa jamoalar bilan muntazam aloqalarga kirishuvchi insonlar guruhini anglatuvchi tushuncha. Etnik guruh etnografik guruhdan farq qilib, ancha keng va mavhum tushuncha hisoblanadi va koʻpincha bir-birlari bilan oʻzaro yaqin bir necha xalqlar guruhini (masalan, turkiylar, slavyanlar va hokazo) anglatadi. Etnik guruhni ancha tor doirada tushunuvchi qarashlar ham mavjud. Ularga koʻra, etnik guruh biror-bir xalq (qabilalar uyushmasi, elat)ning parchalanib, alohida qismlarga boʻlinib ketishi natijasida vujudga keladi. Etnografik guruhdan etnik guruhning farqini quyidagicha izohlash mumkin: oʻz xalqi (qabila, elat)dan ajralib chiqqan guruh boshqa xalq tarkibiga kirib, uzoq muddat yashab, shu xalqning tili, xoʻjalik faoliyati, urf-odatlari, turmush tarzini qabul qilib, unga batamom singib, oʻzini shu xalq nomi bilan ataydigan boʻlib qoladi. Ammo shu bilan bir qatorda, bu guruh oʻz etnik nomini oʻtmishda qaysi qabila, elatga mansub boʻlganini, baʼzi anʼanalarini saqlab qolgan boʻladi. Masalan: qipchoqlar XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida oʻzbek xalqi tarkibida (oʻz lahjalari, turmush tarzi, madaniy hayotidagi baʼzi xususiyatlarini saqlab qolganliklari tufayli) etnografik guruh boʻlgan boʻlsalar, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, turkman, boshqird va boshqa xalqlar tarkibida ular (qipchoqlar) etnik guruh hisoblangan. Shunga oʻxshash, qangʻli, uyshun va boshqa urugʻlar ham yuqorida nomi qayd etilgan xalqlar tarkibida mavjud boʻlgan. Bular oʻz etnik nomlarini qaysi xalq orasida yashasalar, oʻsha xalq (qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, turkman, boshqird va boshqa) nomlari bilan atashgan. Ajralib chiqqan etnik qism, boshqa etnoslarga qoʻshilmasdan oʻzi mustaqil etnik guruh boʻlib qolishi ham mumkin. Vaqt oʻtishi bilan uning tarkibiga ayrim boshqa etnik guruhlar qoʻshilib, yirik qabila ittifoqini tashkil qiladi. Bunga XIII–XIV asrlarda Dashti qipchoqda yashagan qipchoq etnik guruhi misol boʻla oladi. Etnik guruhlarning uzoq yashab qolishida ular urf-odatlari bilan birga maʼnaviyatlariga tegishli elementlarning kuchliligi ham muhim rol oʻynagan. Tarixda kichik bir etnik guruhning oʻz maʼnaviy boyligi bilan katta-katta insoniy birliklarni oʻziga singdirib yuborganini isbotlovchi dalillar ham koʻp uchraydi. Baʼzan maʼlum bir etnik guruhga mansub maʼnaviy qadriyatlarning bir butun xalqlar qadriyatlariga aylanganini koʻrish mumkin.

 

Etnik jarayonlar – u yoki bu etnos (etnik birlik) bilan bogʻliqlikda kechadigan barcha oʻzgarishlarni ifodalovchi tushuncha. Etnik jarayonlar keng qamrovli tushuncha boʻlib, etnos bilan bogʻliq genetik, lingvistik, psixologik, xoʻjalik-iqtisodiy, madaniy va maʼnaviy oʻzgarishlarni oʻz ichiga qamrab oladi. Etnik jarayonlar ikki xil vaziyatda: boʻlinib ketishga hamda birlashishga moyil vaziyatlarda namoyon boʻladi. Etnik jarayonlarning birinchi koʻrinishi uchun ilgari boʻlinmasdan kelgan etnosdan bir necha etnik guruhlarning yoki uning maʼlum bir boʻlagining ajralib chiqishi natijasida alohida mustaqil etnosning tashkil topishi xarakterlidir. Birlashtiruvchi etnik jarayonlar esa aksincha, turli mustaqil etnoslarning oʻzaro yaqinlashuvi, birikishi va aralashib, qorishib ketishi holatlarida namoyon boʻladi. Mutaxassislar fikricha, etnik jarayonlarning bu koʻrinishi mazmun-mohiyati bilan turli mustaqil etnoslar orasidagi munosabatlardan iborat, shunday ekan, bu jarayonlarni yaxlit holda etnoslararo jarayonlar sifatida ham tushunish mumkin. Demak, etnoslararo jarayonlar etnik jarayonlarning oʻziga xos birlashtiruvchi koʻrinishidir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 47
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 236
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35347
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27484
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26665
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25382
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22638
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//