Bilasizmi?
Estetika (yunoncha aisthetikos – hissiy idrok, sezgi) – 1) voqelikni hissiy taʼsirchan, emotsional oʻzlashtirish; 2) estetik faoliyat qonuniyatlari toʻgʻrisidagi fan, nafosatshunoslik. Estetikaga oid dastlabki taʼlimotlar miloddan avvalgi 2–3 ming yil muqaddam Qadimgi Misr, Hindiston, Xitoyda vujudga kelib, Qadimgi Yunonistonda Aflotun, Arastu, rimlik Lukretsiy, Goratsiy singari mutafakkirlarning asarlarida har tomonlama rivojlandi. Oʻrta asrlarda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda ham oʻziga xos estetik gʻoyalar vujudga keldi. Nizomiy, Saʼdiy, Yusuf Xos Hojib, Navoiy, Behzod kabi sanʼatkorlar ijodida goʻzallik va ezgulikning uygʻunligini tarannum etuvchi estetik tasavvurlar tarkib topdi. Shuningdek, tasavvufona qarashlar keng yoyildi. Oʻrta asrlar Yevropasida “ilohiy goʻzallik” (Avreliy Avgustin, Foma Akvinskiy) haqidagi tasavvurlar keng yoyildi. Uygʻonish davri arboblari (Leonardo da Vinchi, L.Alberti, M.Monten, V.Shekspir, M.Servantes) tabiat bilan jamiyat mohiyatan goʻzaldir, sanʼatkor esa, tabiat va insonning goʻzalligini kuylashi kerak, degan estetik tamoyilni qoʻllab-quvvatladilar. Nemis mutafakkirlaridan Lessing, Gerder, shuningdek, Gyote, Shiller sanʼatda haqqoniylik gʻoyasini ilgari surdilar; Kant, Fixte, Shelling, Gegel kabi donishmandlar estetik tafakkur taryotiga samarali hissa qoʻshdilar. Chunonchi, Gegel estetika predmeti nafis sanʼatdagi goʻzallikdan iboratdir, degan gʻoyani ilgari surdi.
XVIII asr oʻrtalarida nemis maʼrifatparvari Aleksandr Gotlib Baumgarten (1714–1762) “Poetik asarga doir baʼzi masalalar xususida falsafiy mulohazalar” (1735) asarida estetikani alohida fan deb hisobladi va uning sanʼatda yorqin namoyon boʻlishini koʻrsatdi. Shoʻro davrida kommunistik mafkuraning hukmronligi oqibatida estetik fikrlar sohasida noilmiy konsepsiyalar vujudga keldi (dunyoqarash masalasida materialistik qarashning yakka hukmronligi; estetik hodisa hisoblanmish sanʼatda partiyaviylik, sinfiylik tamoyili; estetik merosga sinfiy yondashish va hokazo). Tafakkur tarixini chuqur oʻrganish estetikani fan sifatida eʼtirof etish imkonini berdi. Estetika fan sifatida estetik tafakkur tarixi, estetikaning nazariy-metodologik muammolari va estetik tarbiya masalalarini oʻz ichiga oladi. Estetika falsafa, milliy istiqlol gʻoyasi, sotsiologiya, sanʼatshunoslik, psixologiya, pedagogika kabi fanlar bilan uzviy bogʻlangan, ayni vaqtda, ularning umumestetik madaniyatni shakllantirishdagi funksiyalarini amalga oshirishda muhim oʻrin tutadi. Bozor munosabatlariga oʻtish jarayonida umumestetik ehtiyojlarning ortishi, ularni qondirishga qaratilgan faoliyatning chuqurlashib borishi, komil insonni tarbiyalash vazifalarining chuqurlashuvi, shuningdek, ijtimoiy hayotda milliy sanʼatimiz rolining ortib borishi jarayonida estetikani oʻrganish va rivojlantirishning ahamiyati yanada kuchaydi.
Estetik munosabat – subyekt bilan obyekt oʻrtasidagi oʻzaro harakat va oʻzaro taʼsirning maxsus turini anglatuvchi falsafiy tushuncha. Estetik munosabat nafosatli obyektdir. Aslini olganda nafosatli boʻlmagan narsalarning oʻzi yoʻq. Muayyan shart-sharoitda har qanday narsa, voqea-hodisa nafosatli tabiatga ega boʻlib, estetik munosabat va nafosatli baho obyektiga aylanishi mumkin. Lekin ular maʼlum talablarga javob berishlari kerak: birinchidan, aniq his-tuygʻu, sezgi-idrok qobiliyati va imkoniyatiga ega boʻlishi, ikkinchidan, u yoki bu voqea-hodisa insoniy aloqalar va munosabatlarga kirishib, ijtimoiy ahamiyat kasb etishi kerak. Shundagina muayyan voqea-hodisa estetik munosabat obyektiga aylanadi, yaʼni u oʻz qadrini topadi, baholash esa voqea-hodisalarning qadri yoki ijtimoiy ahamiyatini anglashning maxsus shaklidir. Insonning voqelikka nafosatli munosabati aslida voqelikka baho berishning alohida turi, voqea-hodisalarni nafosatli qadrlash usulidir. Shunday qilib, nafosatli obyekt odamlarning nafosatli ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan voqelikning xilma-xil koʻrinishlarida oʻz ifodasini topadi. Nafosatli obyektning zarur tomoni estetik munosabat subyektidir. Estetik munosabat subyekti oʻz tarkibida jamiyatning zarur boʻlaklarini biriktirgan, turli sohalarda moddiy-maʼnaviy faoliyat olib boradigan ijt-y guruhlar hamda ayrim shaxslardan iborat juda murakkab ijt-y hodisadir. Estetik munosabatda his- hayajon maxsus oʻrin egallaydi. His-hayajon estetik munosabatning barcha pogʻonalarida amal qilib, lazzatlanish, hayajonlanish holati bilan yakunlanadi.
Etiket (fransuzcha etiquette – maʼlum joyda oʻrnatilgan tartib-qoida) – inson va jamiyat tashqi madaniyatining asosiy qismi boʻlib, uning qatʼiy rusum tusini olgan talablari asrlar davomida, goʻzallik, intizom, aql va idrokning mushtarakligi asosida shakllangan estetik meʼyorlar majmui. Ushbu ibora “etika” atamasiga yaqinroq boʻlib, “odob-axloq”, “odat”, “marosim” kabi tushunchalarni anglatadi. Ularning majmui umumqabul qilingan odatlar, odob-axloq meʼyorlari, marosimlar oʻtkazish tartibi haqidagi qoidalarni oʻzida mujassam etgan fan orqali oʻrganiladi. Etiket ayrim adabiyotlarda odob-axloq, mulozamat va muomala madaniyati sifatida talqin qilinadi. Etiket takallufning mayda-chuyda jihatlarigacha ishlab chiqilgan odob qoidalari sifatida ijobiy, kishining koʻzini quvontiradigan munosabat hodisasi hamdir. Ayni paytda etiket insonning madaniy darajasini belgilovchi, uni axloqiy meʼyorlar sari yetaklovchi, komillikka intilishga ragʻbatlantiruvchi muhim tarbiyaviy jihatlarni ham qamrab oladi. Etiketning qamrovi keng boʻlib, u maʼlum maʼnoda xalqaro miqyosda qabul qilingan muomala qonun-qoidalarini ham nazarda tutadi. U koʻproq insonning tashqi madti, oʻzaro munosabatlarda oʻzini tutish qonun-qoidalarining bajarilishini boshqaradi. Muomala jarayonida inson oʻz munosabatlariga ijodiy yondashib har xil vaziyatlarda oʻziga xos tarzda muomala qilish imkoniga ega boʻlsa, etiket muayyan holat uchun faqat bir xil tusda qoidalashtirilgan xatti-harakatni taqozo etadi. Bunday hollarda inson oʻzini qanday tutishi, qabul qilingan odob-axloq normalariga muvofiq yoki bu qoidalarga xilof xatti-harakat qilishi kerakligini maʼlum darajada mustaqil hal qiladi va oʻz harakatlariga oʻzi baho beradi. Ish yuzasidan muloqot – inson hayotining zaruriy qismi, ijtimoiy munosabatlarning muhim turidir. Axloqiy normalar bunday munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi omil sifatida insonning yaxshilik va yomonlik, adolat va adolatsizlik, toʻgʻrilik va egrilikka yoʻnaltirilgan faoliyatini boshqaradi.
Asrlar mobaynida boy milliy maʼnaviy merosimizda oʻz aksini topgan anʼana, qadriyat va talablar axloqiy qirralarni oʻzida mujassam etib, jamiyat aʼzolari kundalik xulq-atvorlarini muvofiqlashtirib, shaxs maʼnaviyati hamda madaniyatining ajralmas qismiga aylangan. Shuningdek, umuminsoniy qadriyatlar, qoida va talablar uygʻunligi asosida etiket normalari ishlab chiqilganki, bularning zamirida ham axloqiy meʼyor va tamoyillar yotadi. Zamonaviy etiket – shaxsda ichki va tashqi madaniyat uygʻunligini taʼminlab, undan yuksak axloqiy xatti-harakatni talab qiladi. Insonning tashqi axloqiy-madaniy xislatlarini qamrab olgan etiket uning ichki maʼnaviy-ruhiy darajasiga asoslanadi. Etiket qoidalariga amal qilgan inson intizomi va tartibliligi bilan ajralib turishi shart. Bunday fazilatlarga ega boʻlgan inson boshqalarga qoʻpollik qilmaydi, nooʻrin, nojoʻya soʻzlar bilan oʻzga kishilar koʻnglini ogʻritmaydi. Etiket, eng avvalo, muomala va urf-odatlar orqali shakllanadi. Ish yuzasidan boʻladigan axloqiy munosabatlar doirasida etiketning koʻp qirrali (universal) ekanini taʼkidlash joizdir. Etiket, birinchi navbatda, inson shaxsiyati, individualligini hurmat qilishga undaydi. Zamonaviy etiket meʼyorlari kishilar oʻrtasidagi muloqotda murakkablik va jimjimadorlikdan voz kechib oddiy, samimiy, tabiiy hamda aql-idrokka asoslangan munosabat oʻrnatish, bir-birini tushunish va hurmat qilishga xizmat qiladi. Bizning har bir xatti-harakatimizda, insoniy munosabatlarimizda tarixan shakllangan, avloddan-avlodga vorisiylik asosida oʻtadigan eiket qoida va meʼyorlari muomala madaniyatimizda oʻz aksini topadi. Shuningdek, barcha amal qilishi lozim boʻlgan etiket qoida va talablaridan tashqari kasbiy etiket meʼyorlari ham alohida oʻrin tutadi. U barcha xodimlar tomonidan kasbiy funksiyalarni axloqiy normalar asosida bajarishga qaratilgan munosabatlarning shakllanishiga xizmat qiladi.
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q