Estetik ong. Estetik his-­tuygʻular. Estetik did


Saqlash
16:12 / 15.12.2023 1 3567

Estetik ong – olamni estetik anglash, dunyoga inson munosabatining subyektiv tomoni. U ijtimoiy ong shakllaridan biri sifatida axloqiy ong, siyosiy ong, huquqiy ong, diniy ong, falsafiy ong kabi ijtimoiy hodisalar bilan bir qatorda turadi. Estetik ong maʼnaviy-ruhiy voqea-hodisalar majmui boʻlib, ular ijtimoiy hayot zaminida vujudga keladigan estetik his, estetik did, fikr, orzu-qarash nazariy tizimini anglatadi. Estetik ong axloqiy ong bilan barobar tarzda, ijtimoiy ongning boshqa shakllaridan oldinroq vujudga kelgan. Dastlabki paytlarda estetik his-tuygʻu, kechinmalar odamlarning bevosita moddiy va maʼnaviy faoliyatiga chirmashib ketgan boʻlib, tabiatni ijtimoiy taraqqiyotning bu pallasida estetik his-tuygʻu, kechinma va mulohazalar vujudga kelishi hamda rivojlanishi moddiy asoslar bilan chambarchas bogʻlanib ketganida yaqqol koʻzga tashlanadi. Tarixiy rivojlanish estetik his-tuygʻular shakllanishi, ularning amal qilish surʼatlariga estetik qarashlar va gʻoyalar mazmuniga kuchli taʼsir oʻtkazib borgan. Shuningdek, estetik ong rivojiga sanʼat taʼsir kuchining tobora ortib borishini ham taʼkidlash kerak.

 

Estetik ong ijtimoiy ongning maxsus shakli sifatida estetik faoliyat bilan uzviy bogʻliq boʻlib, estetik faoliyat jarayonida shakllanadi va qaror topadi. Estetik ong badiiy ong bilan ham chambarchas bogʻliq. Ular bir-biriga yaqin tushunchalar boʻlsa-da, aynan bir maʼnoni anglatmaydi. Estetik ong voqelikni butun birligicha idrok etib, qayta ishlash jarayonida vujudga kelsa, badiiy ong voqelik yordamida sanʼatni yaratish va idrok etish natijasidir. Badiiy ong badiiy asarlar tizimida ifodalansa, estetik ongning aks etish koʻlami ancha kengdir: u odamlarning mehnat faoliyati, uning natijalari, moddiy va maʼnaviy qadriyatlarida oʻz ifodasini topadi.

 

Estetik his-­tuygʻular – olamni estetik anglash asosida shakllangan his-tuygʻular. Ular umuman inson ongining ajralmas tomoni boʻlib, nafosatli ong sohasida maxsus oʻrin tutadi. Ular estetik ongning alohida qatlami, uning poydevorini tashkil qiladi. Estetik his-­tuygʻular estetik ongning barcha jabhalariga sayqal beradi va boyitadi. Ruhiy hayotning boshqa boʻlaklari singari estetik his­-tuygʻular ham voqelik inʼikosini anglatadi, lekin bu tarzdagi inʼikos etish alohida tusda qaror topadi. Ularda bilish, kechinmalar oʻzaro chirmashib ketgan boʻladi. His-tuygʻular hamma vaqt insonning oʻz ehtiyojlari qondirilishi yoki qondirilmasligiga boʻlgan munosabati bilan bogʻliq holda vujudga keladi. Oʻz mohiyatiga koʻra, ijtimoiy tabiatli maʼnaviy hosilani tashkil etgan nafosatli his-tuygʻular maʼlum fiziologik asoslar va shart-sharoitlarga ham ega. Ular birinchi va ikkinchi ogohlantirish (signal) sistemalarining amal qilishi bilan bogʻliq boʻlib, ularni fiziologik hamda ruhiy-fiziologik jihatlardan ham oʻrganish imkoniyatini yaratadi. Estetik his­-tuygʻular oʻz shakli, oʻzining namoyon boʻlishi va amal qilishi jihatidan subyektiv tabiatga molik boʻlib, inson ichki dunyosining bir qismi va subyektiv voqelikning bir boʻlagini tashkil etadi. Lekin nafosatli his-tuygʻularning konkret mazmuni bir maqsad tomon yoʻnaltirilgan inson faoliyatida oʻz ifodasini topadi.

 

Eng murakkab va turgʻun estetik his-­tuygʻular qatoriga goʻzallik, olijanoblik, fojialilik va kulgililik hislari kiradi. Bu qatorda markaziy oʻrinni estetik his egallaydi. Estetik his-­tuygʻular kechinmalardan ajralgan holda namoyon boʻla olmaydi, nafosatli his-tuygʻuning oʻzi alohida koʻrinishdagi kechinmalar jarayoni sifatida sodir boʻladi. Uning oʻziga xos belgisi subyekt bilan obyektning qoʻshilib ketishida namoyon boʻladi. Estetik kechinma yengillik, huzurlanish, estetik obyektga nisbatan ishonchli munosabatda boʻlish kabi belgilarni oʻz ichiga oladi. U subyektning alohida faolligi, xususan, xayol, tasavvur qila bilish kuchi bilan belgilanadi.

 

Estetik did – voqea-hodisalarning estetik sifatlarini idrok etish va baholash jarayonida olinadigan qoniqish yoki qoniqmaslik tuygʻusi, estetik mezon. Estetik did insonning fikr-mulohazalari, xulq-atvori, xatti-harakatlari, moddiy va maʼnaviy ijod mahsulotlarida oʻz ifodasini topadi. Estetik did zaminida goʻzallikni xunuklikdan ajrata bilish va undan begʻaraz shodlanish hamda lazzatlanish qobiliyati yotadi. Estetik did odamlarning dunyoqarashidan, ayniqsa, estetik qarashlaridan ajralmagan holda amal qiladi. Estetik bilimlar va qarashlar didda ifodalanishi uchun ular shaxsning ichki dunyosiga, idrok qilish jarayonining oʻziga singib ketishi, shaxsning mustahkam eʼtiqodiga aylanishi lozim. Estetik did oʻzida bevosita va bilvosita, hissiy va aqliy, yakka odam va jamiyat estetik didi qarama-qarshiliklari birligini mujassamlashtiradi. Estetik didning ziddiyatli tabiati haqida dastlab Kant munosabat bildirgan edi. Kant nazarida did yakka odamga xos boʻlgan insonning tugʻma qobiliyatidir. Did shu qadar yakka tartibda ifoda topadiki, uni hech qanday dalillar bilan inkor etib boʻlmaydi.

 

Did mulohazasi nihoyatda shaxsiy tabiatga molikdir. Shu boisdan ham “did toʻgʻrisida bahslashmaydilar”. Lazzatlanish obyekti boʻlgan hissiylik, nafosat barcha uchun barobar darajada ahamiyatlidir, u faqat mazkur shaxsning oʻzigagina emas, balki hammaga yoqadi. Inson oʻziga yoqqan narsalarni boshqalarga ham yoqadi deb oʻylaydi. Demak, didlar uchun umumiy hisoblanadigan tomonlari ham bor. Shu sabab did toʻgʻrisida bahslashish asoslidir. Kant ikkala mulohazani antinomiya sifatida taʼriflaydi. Inson amaliyotining boy va xilma-xilligi maʼnaviy munosabatlarning ham boy va xilma-xil boʻlishiga olib keladi, did esa, ularning eng muhim namoyon boʻladigan tuygʻularidan hisoblanadi. Alohida shaxsning estetik didi uning betakror hayotiy tajribasi zaminida shakllanadi. Tabiiyki, alohida tarbiya sharoitlari, hayotiy tajriba, tabiati va ehtirosi taʼsiri ostida u yoki bu estetik qadriyatlar tabiat hodisalari, inson moddiy faoliyati mahsulotlari, badiiy qiymatlarga koʻproq moyillik vujudga keladi. Estetik ong bilan badiiy ongni tenglashtirib boʻlmaganidek, estetik did bilan badiiy didni ham tenglashtirish mumkin emas. Estetik did badiiy did bilan bogʻliq boʻlib, koʻp jihatdan uning ustiga quriladi, lekin u bilan qoʻshilib ketmaydi. Badiiy va estetik did oʻrtasidagi tafovut ularning turlicha idrok etish obyektlariga ega boʻlishi bilan bogʻliqdir. Ikki did oʻrtasidagi farqni hisobga olish bilan birga, ularni bir-biriga qarama-qarshi qoʻymaslik lozim. Badiiy did hamma vaqt estetik didga asoslanadi, undan kelib chiqadi.

1 Izoh

Zebo

11:05 / 10.05.2024

Ajoyib malumotlar

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 47
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 236
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35347
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27484
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26665
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25382
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22638
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//