Erkinlik


Saqlash
16:12 / 14.12.2023 0 810

Erkinlik – etika, estetika, huquqshunoslik, siyosatshunoslik kabi ijtimoiy gumanitar bilim sohalarida keng ishlatiladigan falsafiy tushuncha. Lugʻaviy maʼnoda kishining oʻz istagi boʻyicha ish tutishini anglatadi. Erkinlik tushunchasi jamiyatning turli sohalari bilan bogʻliq holda muayyan tushunchalar orqali talqin etiladi. Masalan, vijdon erkinligi, fuqarolar erkinligi, iroda erkinligi, fikr erkinligi, soʻz erkinligi, matbuot erkinligi va hokazo. Erkinlik haqidagi ilk falsafiy qarashlar Sharqda, “Avesto” zamonlaridayoq shakllangan. Erkinlikni himoya qiluvchi siyosiy institutlar (Sparta va Afina demokratiyasi, Solon va Perikl islohotlari, Rim huquqi) tizimi Gʻarbda, aniqrogʻi, Qadimgi Yunoniston zaminida ham asta-sekin vujudga kelgan. Antik davrda erkinlik borasida ilgari surilgan taʼlimotlar uning zamonaviy konsepsiyalaridan tubdan farq qiladi. Masalan, zamonaviy gʻarbona konsepsiyalarda asosiy urgʻu shaxsning siyosiy-iqtisodiy nazorat va aralashuvdan erkinligiga qaratilgan boʻlsa, yunonlar esa zoʻravonlikka tayanmagan, qonun asosida amalga oshiriladigan hokimiyatni tabiiy deb bilgan va jamiyatning shaxs ustidan hukmronligini tan olgan. Biroq antik davrdayoq ayrim faylasuflar shaxsiy erkinlikka intilish va jamiyat manfaat-ehtiyojlari oʻrtasida keskin ziddiyat vujudga kelishi mumkinligiga eʼtibor qaratgan. Bu ziddiyat turli falsafiy oqim va maktablar vakillari tomonidan oʻziga xos tarzda hal etilgan. Masalan, Aflotun va uning maktabiga mansub faylasuflar shaxs manfaatlari jamiyat manfaatlariga toʻliq boʻysundirilishi zarurligini asoslashga intilgan. Chunonchi, Aflotun “Qonunlar” asarida “Voqelik sen uchun emas, sen voqelik uchun vujudga kelasan” deb yozadi. Kiniklar esa, aksincha, ijtimoiy hayot qadriyatlarini butunlay inkor etib, shaxs manfaatlari, uning erkinligi ustuvorligini yoqlab kelgan. Mazkur taʼlimotni yunon faylasufi Antisfen yaratgan boʻlsa-da, falsafiy adabiyotda uning shogirdi, kinizm oqimining yorqin vakili – gʻayriodatiy xatti-harakati va yurish-turishi bilan shuhrat qozongan Diogen koʻproq tilga olinadi. Uning erkinlik masalasiga oid qarashlari oʻta biryoqlamaligi bilan ajralib turgan.

 

Diogenning fikricha, inson erkinligi chek-chegarasiz boʻlishi, davlat ham, oila-nikoh munosabatlari ham, axloqiy qadriyatlar ham unga toʻsqinlik qilmasligi kerak. Bunday talqindagi erkinlik jamiyat maʼnaviy-axloqiy asoslarini yemirib, yovuz, buzgʻunchi kuch sifatida namoyon boʻladi. Ekzistensializm vakillarining fikriga koʻra, erkinlik insonning hayotdagi masʼuliyati, hamma qilgan ishlari uchun javobgar boʻlishidir. Tevarak-atrofda qilinayotgan hamma ishlar uchun aybni sezish – bu erkin insonga xos hissiyotdir. “Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi”ning 1-moddasida: “Hamma odamlar oʻz qadr-qimmati hamda huquqlari boʻyicha erkin va teng boʻlib tugʻiladilar...”, 18-moddasida esa: “... har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega; bu huquq oʻz dini yoki eʼtiqodini oʻzgartirish erkinligini va taʼlim olish, toat-ibodat qilish hamda diniy rasm-rusum va marosimlarni ommaviy yoki xususiy tartibda ado etish, oʻz dini yoki eʼtiqodiga yakka oʻzi, shuningdek, boshqalar bilan birga amal qilish erkinligini oʻz ichiga oladi”, deb taʼkidlanadi. Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolarning bir xil huquq va erkinliklarga egaligi Konstitutsiya bilan kafolatlanadi. Eʼtiqod erkinligi insonning biror-bir dinga eʼtiqod qilishida oʻz ixtiyori bilan ish tutishini ifodalaydi. U insonning shaxsiy huquq va erkinliklari ichida markaziy oʻrinda turuvchi qadriyatlardan biri hisoblanadi. Eʼtiqod erkinligi siyosiy, axloqiy, ilmiy, diniy va shu kabi xilma-xil turlarga boʻlinadi. Inson oʻz hayotida shu turlardan biriga alohida ixlos qoʻyishi, shu turni oʻz turmush tarzi, xatti-harakatlari, orzu-maqsadlari, intilishlarini belgilovchi tamoyil sifatida qabul qilishi mumkin.

 

Vijdon erkinligi esa muayyan kishining biror dinga, gʻoyaga eʼtiqod qilishi yoki eʼtiqod qilmasligini anglatadi. U dunyoviy yoki diniy bilimlar tarafdori boʻlishi mumkin. Kimning nimaga eʼtiqod qilishi oʻzining ixtiyorida. Biroq, bu tamoyil jamiyatdagi boshqa umuminsoniy talablar va fuqarolik burchlarini tan olmaslik, turli aqidalarni mutlaqlashtirish, boshqalar uchun qadriyat boʻlgan narsalarni mensimaslikni bildirmaydi. Milliy istiqlol mafkurasi shaxs erkinligi gʻoyasiga tayanadi. Oʻz haq-huquqini taniydigan, ayni paytda oʻz manfaatlarini mamlakat va xalq manfaatlari bilan uygʻunlashtiradigan insongina milliy gʻoyamiz tamoyillarini toʻgʻri baholay oladi. Erkinlashtirish jarayonida inson haq-huquqini taʼminlash, insonparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga rioya etib yashash jamiyat hayotining asosiy mezoniga aylanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 47
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 235
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35347
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27484
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26664
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25382
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22638
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//