
Qatra
Amir Temur Eronning Sheroz shahrini egallagan kunlari mashhur shoir Hofizni suhbatlashish maqsadida huzuriga chaqirtiradi. Ikki buyuk zotning bu uchrashuvi adabiyotdagina emas, tarixda ham muhim voqea bo‘lgani, do‘stona hazil-mutoyibadan boshlangan suhbat jiddiy munozara tusini olgani aytiladi:
...Temurbek Fors viloyatini egallab Sheroz shahriga qadam qo‘yadi. U she’rlari tillarda doston bo‘lgan shoir Hofizni huzuriga chaqiradi.
– Ey tili nofiz Hofiz, – dedi Temurbek, – men Samarqand-u Buxoro shaharlarini obod etish maqsadida yursam-u, sen mening ikki buyuk shahrimni allaqanday turk go‘zali engidagi bir hindu mengiga sovg‘a qilibsan. Bu nimasi axir?
Agar on turki Sherozy ba dast orad dili moro,
Ba xoli hinduyash baxsham Samarqand-u Buxororo
(Dilimni ovlasa ul turki Sheroziy, o‘shal oni,
Beray bir hindu xoliga Samarqand-u Buxoroni).
– Ey olam fotihi, va ey zamona xoqoni Amir Ko‘ragon hazratlari, – dedi shoir, – men kamtarin qulingiz go‘zallik shaydosi va husn-u latofat ahlining gadosiman. Go‘zal sanamlar qoshida ko‘nglim bo‘shligi va qo‘lim ochiqligidan mana shunday yo‘qchilikka tushib o‘tiribman. Men qari qulingizni kechiring.
– Mayli bu baytingni qo‘yib turaylik. Bir she’ringda shunday bayt ham bor ekan:
Sokinoni Harami satri ifofi malakut,
Bo mani roh nishin bodai mastona zadand
(Bokira, pok qiz malaklar Haramdan aylab safar,
Yo‘lda men-la may ichib masti alast o‘ltirdilar).
Shu bayt ham senikimi? Sen Xudoning harami bor deb gunohga botibsan. Buning ustiga Ollohning pokligiga shubha va tuhmat ham qilibsan. Emishki, farishtalar haramdan chiqib kelib, yo‘l bo‘yida sen bilan may ichib mast bo‘lganmish. Bunga nima deb javob berasan?
– Tushuntirib berishga ijozat eting, – dedi Hofiz. – “Satri ifof” so‘zlari Xudoning harami sharifi muqaddas dargoh ekaniga ishora qiladi. Ya’ni, ul yerda begonalarga yo‘l yo‘q. Men bu satrlarni bahor kunlarining bir tong chog‘i yozgan edim. O‘shanda butun Sheroz havosi gullar hidi bilan muattar bo‘lgan edi. Men mast bo‘lib qolganday edim. O‘zimni koinotning bir bo‘lagidek his etardim. Go‘yoki farishtalar bilan so‘zlashganday bo‘lardim. Ular menga yaratilish sirlarini ochib berganday bo‘ldilar. Men shu holatni “men bilan may ichdilar” deb yozib qo‘yibman. Demakki, o‘zim his qilgan narsalarni she’r qolipiga sola olmabman.
Oriflar ko‘p o‘ylab, ko‘p narsalarni sezadilar, ammo bu tuyg‘ularni so‘z bilan bayon etish qiyin kechadi. Ma’naviy hissiyotlarni hech kim to‘la-to‘kis tasavvur qila olmaydi. Shunga o‘xshash men ham farishtalardan nimani so‘radim, ular nima deyishdi, hozir aytib berolmayman. Bordi-yu aytganimda ham voqeaning yuz mingidan bir bo‘lagini aytgan bo‘laman. Ruhimga ko‘rsatgan ta’sirini ta’riflab berish qo‘limdan kelmaydi. O‘sha bahor kuni tongida men o‘zimda emas edim, ixtiyorim qo‘ldan ketgan edi...
– Juda yaxshi anglatding, ey Hofiz, – dedi Temurbek, – sen lutf-u marhamatimizga loyiq ekansan.
Shunday qilib suhbat yaxshi xulosa bilan tugadi. Hozirjavob shoir jazo emas, mukofot oldi.
Bu olamshumul gurung haqida ko‘p adiblar yozishgan. Faxriddin Ali Safiy, Marsel Brion, professor A.Arberri, Asqad Muxtor kabi mualliflar nomini yana davom ettirish mumkin.
Tolib NOSIR
Qatra
Bir kuni...
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q