
Yoshligim olis ovullarda o‘tgan. Tepaliklar bag‘rida joylashgan, tumanlar orasida yashiringan, shu manzarada go‘yo to‘xtab qolgan bir jimjit maskan edi u. Qishloqning har kuni xo‘roz qichqiriqlari, qushlar sayrashi bilan boshlanardi.
Bizga yaqin qo‘shni – Marhamat opa bo‘lardi. U kishi boshqalardan farqli, ozoda, mehnatsevar, e’tiborli va shu bilan birga o‘qituvchi ham edi. Bolalarni bilimga oshno qilishda u kishideklar kamidi. Darsda ham, xonadonda ham bir xil – ishchan, intizomli va nazokatli ayol edi. Eri shaharda katta lavozimda ishlardi. Katta o‘g‘li universitetda, o‘rtanchasi va kenjasi esa maktabda eng a’lochi o‘quvchilardan edi. Ular onalarining halol mehnati va orastaligi guvohligida kamol topishgandi.
Marhamat opa har kuni sahardan kiyim yuvardi. Chinor soyasidagi har bir harakati o‘tmishi dog‘larini yuvib tashlayotgandek bo‘lardi. Qishloq ayollari esa bu holga e’tiroz bilan qarardilar: “Seshanba kuni kir yuvilmaydi”, deb irim qilishardi. Ular, go‘yo Marhamat opa bu irimni bilmaydi, deb kinoya qilardilar. Marhamat opa irim-sirimga berilmasdi, u ilm egasi edi. Tozalikni, mehnatni irimdan ustun qo‘yardi.
Hovlisini, farzandlarini, o‘zini hamisha ozoda tutar, har bir ishda namuna bo‘lardi. Yodimda, u bolalari uyga biror eski, yomon holatdagi narsani – tersakmi, siniq ashyomi – olib kelsa, qattiq koyir edi. “Eski narsalarni uyga tashib yurmanglar, yangiga intilinglar,” derdi. Men esa o‘shanda hayron bo‘lardim: “Eski bo‘lsa-chi, hali ishlatsa bo‘ladi-ku”.
Yillar o‘tdi. Har bir o‘tgan yil, hayotda to‘qnash kelgan sinovlar menga tushuntirdiki, u farzandlarini shunchaki siniq tersakdan qaytarmagan. U ularni eski fikrlardan, to‘sqinchi qarashlardan uzoqlashtirib, yangilikka, yangi marralarga, katta maqsadlarga intiltirgan ekan. Eskiga andarmon bo‘lib yurmaslikni, doimo yaxshilik va taraqqiyot sari qarashni o‘rgatgan ekan.
Hozir o‘ylab qarasam, uning barcha harakati – tozalik, intizom, yangilikka intilish – farzandlari uchun hayot maktabi bo‘lgan. Oq ko‘ylakni oq qilib yuvishi, har bir mehnati orqasida tarbiya va falsafa bor ekan.
Har bahor ostonasida qishlog‘imizda sumalak tayyorlash odat edi. Bu ishning boshida albatta Marhamat opa turardi. Har kimni chaqirib, har xonadondan bir hovuch tabassum, bir quti un yig‘ib, katta qozon atrofida yuraklarni birlashtirardi. Olamga sumalakning xushbo‘y hidi emas, birlik, mehr, muhabbat taralardi go‘yo.
U kishi oilasi bilan shaharga ko‘chib ketganidan keyin qishlog‘imizda sumalak ham qaynamay qo‘ydi. Qozon tagida olov yonib tursa-da, oldidagi do‘stona davralarda Marhamat opaning iliq so‘zlari yetishmay qoldi.
Endilikda anglayman: ayol kishining go‘zalligi faqat yuz-ko‘zida emas, balki uning qo‘lidagi mehnatida, xonadondagi farog‘atda, farzandlarining yuksak orzularida namoyon bo‘lar ekan. Marhamat opa esa ana shu go‘zallikni qishloqning har bir mo‘tabar tonglarida, aytgan tarbiyali so‘zlarida zeb qilib yashagan ekan. Bugun men Marhamat opani fikrat bilan emas, qalb bilan yodga olaman – u ayol emas, u hayotning o‘zi edi.
Marhamat opaning qilichdek tartibi, o‘sha olis bahorlar va qishloq manzarasi mudom bolalik o‘ylarim bo‘lib qolaveradi.
Elbek SHOYIMOV
Bir kuni...
Bir kuni...
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q