Bilasizmi?
Elektorat (lotincha electorates – saylovchi, saylaydigan) – siyosiy partiyalar nuqtai nazaridan Parlament, Prezident yoki davlat hokimiyati mahalliy vakillik organlari va fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlariga oʻtkaziladigan saylovlarda muayyan siyosiy partiya, partiyalarning saylovoldi bloki yoki mustaqil nomzodlar birlashmalari tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar uchun ovoz beruvchi saylovchilar guruhi. Saylovchilar tomonidan u yoki bu siyosiy partiya nomzodlarining qoʻllab-quvvatlanishi ularning manfaatlari muayyan partiya yoki uning nomzodlari dasturlarida, saylovoldi hujjatlari va faoliyatida oʻz aksini topgani bilan izohlanadi. Hozirgi zamon xalqaro siyosat maydonida garchi “Elektorat” atamasi yangi ibora boʻlmasa-da, bu atama Oʻzbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga mustaqillikka erishilgandan soʻng, xususan, mamlakatimizda demokratik jamiyatni barpo etish jarayonida koʻppartiyaviylik tizimi vujudga kelib, haqiqiy demokratik saylovlar oʻtkazilishi munosabati bilan jadal kirib keldi. Amalga oshirilgan parlament islohoti va ikki palatali Oliy Majlisga oʻtkazilgan saylovlarda siyosiy partiyalar oʻrtasida siyosiy raqobatning kuchayishi tufayli elektorat masalasi oʻta dolzarblik kasb etdi. Mazkur masala siyosiy partiyalar uchun nafaqat nazariy, balki koʻproq amaliy ahamiyatga ega. Chunki, oʻz elektoratini bilmaydigan, u toʻgʻrisida yetarli tasavvurga ega boʻlmagan, uning ijtimoiy tarkibi, manfaatlari va ehtiyojlarini oʻrganmagan siyosiy partiya oʻz maqsad-muddaosini belgilay olmaydi, istiqboldagi va joriy vazifalarini aniqlashda qiynaladi. Bunday partiya kimlarga tayanishini, kim uchun faoliyat koʻrsatishi va kimlar oʻrtasida ishlashini, bir soʻz bilan aytganda, kimlarni oʻz ortidan ergashtirishi kerakligini bilmaydi. Tabiiyki, bu partiya uzoq mavjud boʻlmaydi.
Elektorat vakillari u yoki bu siyosiy partiyaga muayyan qatlamlarga mansub boʻlganligi yoki siyosiy partiya dasturida ularning manfaatlari u yoki bu tarzda aks ettirilgani uchun emas, balki mazkur siyosiy partiya ularning manfaatlarini nechogʻlik chuqur oʻrgangani, bilishi va ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishiga muvofiq dasturiy hujjatlarida inobatga olganiga qarab moyillik bildiradi. Eng muhimi, saylovchi siyosiy partiyaning amaliy ishlariga qarab, uni tashvishlantirayotgan muammolarini hal qilishi yoki hal eta olmasligiga qarab baho beradi va qoʻllab-quvvatlaydi. Elektorat manfaatlari xilma-xil boʻladi. Ushbu masalaga siyosiy partiyalarning faoliyati nuqtai nazaridan yondashilganda, siyosiy manfaatlar birinchi oʻrinda turishi, shubhasiz. Zero, har qanday partiya uchun davlat hokimiyati organlari va boshqaruv idoralarida, ularni shakllantirish va faoliyat yuritishiga siyosiy taʼsir koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan siyosiy partiyalar oʻz elektoratiga ega boʻlgan partiyalardir. Elektorat orasida muntazam ish olib borish, uning manfaatlarini ifoda va himoya etish yoʻlida doimiy harakat qilish siyosiy partiyalarning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Faqat ana shu yoʻl bilangina siyosiy partiyalar oʻz dasturlarida belgilangan strategik maqsadlarga erishishlari mumkin. Har bir partiya elektoratining oʻz partiyasi gʻoyalari bilan bogʻliq maʼnaviy mezonlari mavjud boʻladi. Ana shu maʼnaviy yaqinlik odamlarni yagona elektorat doirasida birlashtirib turadi. Shuningdek, elektorat maʼnaviyati partiyalarning ayrim masalalarni umumxalq muhokamasiga qoʻyishi masalasini belgilab beradi. Partiyalar ilgari suradigan gʻoyalar shu jihatdan elektorat maʼnaviyatini koʻrsatib turadi.
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q