Ezgulik


Saqlash
16:12 / 12.12.2023 0 2746

Ezgulik – maʼnaviy-axloqiy kategoriyalar orasidagi eng muhim tushunchalardan biri. Ezgulik inson faoliyatining asl mohiyatini anglatadi, Tangri irodasining inson qalbidagi tajassumi sifatida namoyon boʻladi. “Ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal” gʻoyasi “Avesto”dan tortib barcha muqaddas kitoblarda yetakchi oʻrin egallashi ham shundan. Ezgulik insonga eng kuchli maʼnaviy lazzat bagʻishlaydigan, uni ijtimoiy shaxsga aylantirib, chinakam baxt sari yetaklovchi fazilat; shaxsni komillikka, jamiyatni esa yuksak taraqqiyotga yetkazuvchi yuksak qadriyat. U insonning axloqiy faoliyati tufayli muayyanlashadi, yuzaga chiqadi. Uni sinfiylik yoxud partiyaviylik qobigʻiga oʻrash mumkin emas. Chunonchi, “sinfiy dushman”ni, yaʼni biror-bir shaxsni yoki guruhni faqat boshqa sinfga mansub boʻlgani uchun jismonan yoʻqotish, qanchalik boʻyab-bejalmasin, ezgulik boʻlolmaydi. U tom maʼnodagi yovuzlikdir. Totalitar tuzumlar mafkurasida ezgulikni bunday talqin etishning noilmiyligi, soxtaligi hozirgi kunda hammaga ayon. Ezgulik va yovuzlik odatiy, kundalik hayot mezonlari bilan oʻlchanmaydi, ular ham “muhabbat” va “nafrat” tushunchalari singari qamrovlilik va ijtimoiylik xususiyatiga ega.

 

Ezgulikning axloqiy ideal bilan bogʻliqligi shundan. Shu tufayli u amaliyotda qahramonlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, jasurlik singari tamoyillarni oʻz ichiga oladi. “Muhabbat” va “nafrat” juft tushunchasida ular bir-birini inkor etmay, aksincha, uning barqarorligidan dalolat bersa, ezgulik va yovuzlik juftligida har ikki tushuncha bir-birini tamomila inkor etibgina qolmay, ular oʻrtasida hayot-mamot kurashi ketadi va bu abadiy kechadigan jarayon sifatida olamni harakatga keltiruvchi kuch tarzida namoyon boʻladi. Ezgulik va yovuzlikning yana bir oʻziga xos jihati shundaki, bu juft tushuncha inson faoliyatini baholash xususiyatiga ega. Ularni inson tabiatidagi ezgulik va tubanlikni oʻlchaydigan oʻziga xos taroziga oʻxshatish mumkin. Insonning komilligi, jamiyatning maʼnaviy takomilga erishgan-erishmagani shu mezon bilan oʻlchanadi. Ayni paytda hayot haqiqati shuni koʻrsatadiki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda – ezgulik va yovuzlik yoʻlida foydalanish mumkin. Agarki bashariyat tarixini, uning tafakkur rivojini tadrijiy ravishda koʻzdan kechiradigan boʻlsak, hayotda insonni kamolotga, yuksak marralarga chorlaydigan ezgu gʻoya va taʼlimotlar bilan yovuz va zararli gʻoyalar oʻrtasida azaldan kurash mavjud boʻlib kelganini va bu kurash bugun ham davom etayotganini koʻramiz. Chunonchi, Lenin, Stalin, Gitler, Pol Potlarni yovuzlik timsollari, sobiq shoʻrolar ittifoqini esa “Yovuzlik saltanati” deb baholanishi buning yorqin misolidir.

 

Ezgulik axloq kategoriyasi boʻlib, axloqiy bahoning eng umumiy shaklidir. Ezgulik oʻzida ijobiy narsa, voqea-hodisalar, jarayon va vaziyat hamda fazilatlarni mujassam etadi. “Avesto” kitobida zardushtiylik ilohi Ahura Mazda – ezgulik, yaxshilik, hayot, yorugʻlik timsoli sifatida namoyon boʻladi. Ezgulik haqidagi tasavvurlar xalqdan-xalqqa, asrdan-asrga, avloddan-avlodga oʻtib shakllanib kelgan. Ezgulikning maʼno-mohiyati yovuzlikka qarshi kurashda oʻz ifodasini topadi. Yovuzlik hamisha ham yaqqol namoyon boʻlmaydi, baʼzan u ezgulik niqobida ham koʻrinishi mumkin. Buni anglab yetish kishidan ogohlik va hushyorlik, ziyraklik va loqayd boʻlmaslikni talab etadi. Ezgulik axloqiy barkamollik negizidir. U olijanoblik, mehr-oqibat, samimiylik, saxiylik, begʻaraz tuygʻularda oʻz ifodasini topadi. Umuman olganda, ezgulik ijtimoiy, shaxsiy xulq-atvor va xatti-harakatni maʼnaviy jihatdan baholashning muhim mezonidir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 47
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 235
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35347
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27484
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26664
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25382
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22638
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//