Egosentrizm


Saqlash
16:12 / 12.12.2023 0 1332

Egosentrizm (lotincha ego – men va centrism – markaz) – egoizmning oʻta keskin shakli boʻlib, individ shaxsiy manfaatlarining ustuvor ahamiyat kasb etishi oqibatida uning boshqa obyekt, kishilar fikr-mulohazasi yoki tasavvurlariga nisbatan munosabatini oʻzgartirishga qodir emasligini anglatadi. Egosentrizm ildizlari subyekt tomonidan oʻzgacha, hatto qarama-qarshi nuqtai nazarlar ham boʻlishi mumkinligi anglanmasligi, oʻzga kishilarning psixologik xususiyatlari uniki bilan aynan mos ekaniga ishonishiga asoslangan. Egosentrizm, ayniqsa, 12–14 yoshlar atrofidagi bolalarda yaqqol namoyon boʻlsada, baʼzi kishilarning keksaygan chogʻida egosentrik mayllarning kuchayish hollari ham kuzatiladi. Ilmiy tadqiqotda egosentrizmning bir necha turlari qoʻllanadi: bilish egosentrizmi – qabul qilish va tafakkur qilish jarayonlarini aks ettiradi; axloqiy egosentrizmi – muayyan individning oʻzga kishilarning axloqiy xatti-harakatlari va faoliyatini qabul qilishga qodir emasligidan dalolat beradi; kommunikativ egosentrizm – subyekt tomonidan boshqa kishilarga maʼlumot yetkazish jarayonida kuzatiladi. Bu hol tushunchalarning mantiqiy oʻzagini tan olmaslikda, oʻzgalar nuqtai nazarini mensimaslikda namoyon boʻladi. Egosentrizm tushunchasi fanga ilk bor taniqli fransuz olimi Jan Piaje tomonidan kiritilgan. Piaje egosentrizmni bola aqliy rivojining bir necha bosqichlarida oʻzligini va dunyoni anglash jarayonida tutgan yoʻli va nuqtai nazari sifatida talqin etadi.

 

Egosentrizmning ilmiy va turmushda qoʻllanadigan tushunchalari oʻrtasida katta farq mavjudligi bois, uning paydo boʻlishi talay tushunmovchiliklarga sabab boʻlgan edi. Keyinchalik egosentrizm tushunchasi fanda keng maʼnoda talqin etila boshlagani, bir tomondan, rivojlanayotgan fan uchun tabiiy hol boʻlsa, ikkinchi tomondan, tadqiqot ishlarida muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Egosentrizmda individ boshqalar fikriga zid ravishda oʻzining shaxsiy fikrini yagona maʼqul variant sifatida eng oldingi darajaga qoʻyadi. Bunday kishilar uchun faqatgina oʻz nuqtai nazari muhim. Shu sabab u boshqalarning dalil-isbotlarini qabul qilmasligi, xom xayollarga berilib, voqea va hodisalar yuzasidan xato xulosalar chiqarishi mumkin. Shu oʻrinda “Egosentrizm” va “egoizm” tushunchalarini farqlash lozim. Egoist inson shaxsiy istaklariga muvofiq faoliyat yuritib, oʻzgalarning qiziqishlarini mensimaydi va bunday xulq shaxsning axloqiy nuqtai nazariga, oʻziga xos hayotiy falsafasiga aylanadi. Egosentrizm esa insonning bevosita bilish jarayonlari bilan bogʻliq hodisadir. Egosentrik inson boshqalar fikrining maqsad-muddaolarini, ularning manfaatlari nimaga asoslanganini tushunishga qodir boʻlmaydi. Bundan tashqari, egosentrizm shizofreniya, jazava, vasvasa kabi ruhiy kasalliklarga chalingan kishilar orasida ham uchraydi. Agar egosentrik xususiyatga ega boʻlgan ikki insonning suhbatini kuzatadigan boʻlsak, bunday vaziyatda hamsuhbatlik hissi yoʻqolganining guvohi boʻlamiz, yaʼni ular bir-birini eshitmasdan, suhbatdoshining fikrini idrok qilmasdan, faqatgina oʻz fikrini bayon etish va tasdiqlash bilan ovora boʻladi. Egosentrizm muammosi bilan J.Piajedan tashqari L.S.Vigotskiy, Sh.Byuper, V.Shtern, G.Ayzenk kabi olimlar ham shugʻullangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 364
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 339
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 334
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 342
Narxning navosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 224885
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107784
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55297
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 40347
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 39989
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31542
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30639
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 30051
Alpomish

//